Bitiruv malakaviy ishi Mavzu: Arab-musulmon madaniyatining shakllanishi va rivojlanishining dastlabki bosqichlari




Yüklə 0.55 Mb.
səhifə1/7
tarix29.04.2016
ölçüsü0.55 Mb.
  1   2   3   4   5   6   7


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
Toshkent davlat sharqshunoslik instituti
Jahon siyosati va tarix fakulteti
Bitiruv malakaviy ishi

Mavzu: Arab-musulmon madaniyatining shakllanishi va rivojlanishining dastlabki bosqichlari

(VII-XI asrlarda)

Bajardi: “Xorijiy mamlakatlar tarixi” ta`lim yo`nalishi bitiruvchi kurs talabasi Yodgorov Sherbek Meylijonovich ____________

(imzo)


Ilmiy rahbar: katta o`qituvchi Z.M. Qodirov ____________

(imzo)
toshkent - 2012



Bitiruv malakaviy ishi himoyaga tavsiya etildi







“Jahon siyosati va tarix”

Fakulteti dekani

s.f.n. dots. Bekmuratov I.N.

______________________

“____” _______________ 2012-yil


“Xorijiy mamlakatlar tarixi”

Kafedrasi mudiri

t.f.n. dots. Ismoilova Y. A.

______________________

“____” _______________ 2012-yil












Mundarija
Kirish…………………………………………………………………………3

Asosiy qism

1-bob. Arab-musulmon madaniyatining shakllanishi va rivojlanishi...........................................................................................................10

1.1 Arab-musulmon madaniyati tushunchasi va uning tarkibiy qismlari..................................................................................................................10

1.2 Ummaviylar hukmronligi davrida arab-musulmon madaniyati …………….30

1.3 Abbosiylar hukmronligi davrida arab-musulmon madaniyati ………...........37



2-bob. Al-Andalusiya (Musulmon Ispaniyasi) madaniyati …………………55
2.1 Ispaniyada arab-musulmon madaniyatining shakllanishi va rivojlanishi.......55

2.2 Arab-musulmon madaniyatining Yevropaga ta`siri...……………………….74


Xulosa va takliflar ………………………………………………………..........91
Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati ……………………………………….. ...93
Ilovalar…………………………………………………………………………96


Kirish

Mavzuning dolzarbligi. Ajdodlarimizning asriy orzusi bo`lgan milliy istiqlolga erishilganidan so`ng ijtimoiy hayotning ko`pgina sohalari qatori ma`naviyatga, madaniy merosga bo`lgan e`tibor har qachongidan ham kuchaydi. Respublikamizda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan yangilanish jarayoni ayniqsa, ma`naviyat sohasida jadal davom etmoqda. Mustaqillik mafkurasi va milliy g`oya yoshlar ongiga ko`proq singib borayotgani bois ularda komillikka intilish, ajdodlarimiz merosi, ularning jahon tamadduniga qo`shgan hissasi, umuman, madaniyat tarixiga bo`lgan qiziqish kuchaymoqda.

Prezidentimiz Islom Karimov ma`naviyatni yuksaltirishda o`tmish madaniy boyliklarini chuqur o`rganish va targ`ib etish nihoyatda muhim ekanini ko`plab ma`ruzalarida qayta-qayta ta`kidlab o`tganlar. Shu o`rinda davlatimiz rahbarining madaniy meros va o`tmishdagi allomalarimizning hayoti va ijodini o`rganish ehtiyoji xususidagi so`zlarini eslash maqsadga muvofiqdir.

“Mustaqilligimizning dastlabki kunlaridanoq ajdodlarimiz tomonidan ko`p asrlar mobaynida yaratib kelingan g`oyat ulkan, bebaho ma`naviy va madaniy merosni tiklash davlat siyosati darajasiga ko`tarilgan nihoyat muhim vazifa bo`lib qoldi1”.

Dunyo sivilizatsiyalari tarixida muhim o`rin tutuvchi arab-musulmon madaniyatining shakllanishi va rivojlanishida Arab Xalifaligi tarkibiga kirgan barcha xalqlar qatori Markaziy Osiyo xalqlari ham benihoya darajada ulkan hissa qo`shganlar. Ushbu madaniyat yuksalishiga hissa qo`shgan buyuk ajdodlarimizning hayoti va ijodi bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki jahon ahlining hurmat-e`tiboriga sazovor bo`lib, keng miqyosda e`tirof etilmoqda. Shuningdek, arab-musulmon madaniyati jahon xalqlari madaniyatiga ta`siri shunchalik beqiyoski, Arab xalifaligi tarkibiga kirgan Osiyo va Shimoliy Afrika mamlakatlaridan tashqari, hatto Yevropa davlatlari ham ushbu ta`sirdan chetda qolmadi. Madaniyat umuminsoniy hodisadir. Faqat bir xalqqa tegishli, faqat bir xalqning o`zigina yaratgan sof madaniyat bo`lmaydi va bo`lishi ham mumkin emas. Har bir milliy madaniyatning asosiy qismini shu millatning o`zi yaratgan bo`lsa-da, unda jahon xalqlari yaratgan umuminsoniy madaniyatning ulushi va ta`siri bo`ladi. Zero, Prezidentimiz Islom Karimov ta`kidlaganidek, “Ma`lumki, har qaysi xalq yoki millatning tafakkuri, turmush tarzi, ma`naviy qarashlari o`z-o`zidan, bo`sh joyda shakllanib qolmaydi. Ularning vujudga kelishi va rivojlanishida aniq tarixiy, tabiiy va ijtimoiy omillar asos bo`lishini hammamiz yaxshi tushunamiz2”.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda ushbu bitiruv malakaviy ishini dolzarbligi va ahamiyatlilik darajasini belgilaydigan bo`lsak, u quyidagilarda namoyon bo`ladi:

Ko`p yillar davomida sharqshunoslikka oid adabiyotlarda VII-XI asrlarda shakllanib taraqqiy etgan madaniyatning yaratuvchilari faqatgina arablar deb noto`g`ri talqin etib kelindi. Aslida esa bu madaniyat Arab xalifaliga tarkibiga kirgan barcha mamlakat xalqlari yaratgan umumiy madaniyat ekanligini, unda buyuk ajdodlarimizning ham hissasi buyuk ekanligini e`tirof etish bugungi kunda nihoyatda dolzarbdir.

Arab-musulmon madaniyatini o`rganishning dolzarbligi shundaki, mustaqil ijtimoiy-siyosiy taraqqiqyot yo`lida borayotgan musulmon Sharqi, va umuman, ko`plab Osiyo va Afrika mamlakatlaridagi madaniy-ma’naviy meros va madaniy qadriyatlarning hozirgi jamiyatda, uning ma’naviyati va mafkurasida tutgan o`rni muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Musulmon dunyosi yaratgan madaniy merosning nafaqat Sharq, balki G`arb mamlakatlarining ijtimoiy-ma’naviy hayotida tutgan roli, shuningdek, arab-musulmon madaniyatining insoniyat sivilizatsiyasi rivojlanishiga qo`shgan ulkan hissasini xolisona yoritish, uni to`laqonli tadqiq etish bugunning dolzarb vazifalaridan biridir. Shu bois yuqoridagi masalalarni yangicha qarashlar va mezonlar asosida o`rganish tadqiqotimizning dolzarbligini belgilaydi.



O`rganilganlik darajasi. O`zbekiston olimlari tomonidan mavzuga doir masalalar atroflicha yoritilgan. Xususan, F.Sulaymonova3, B.Abduhalimov4, Hoji Ismatulloh Abdulloh5, A.Murodov6, U.Uvatov7 va boshqalar musulmon madaniyatini tadqiq etishga muhim hissa qo`shganlar. Bu o`rinda F.Sulaymonovaning “Sharq va G`arb” monografiyasida arab-musulmon madaniyatini yaxlit holda tadqiq etganligini alohida ta`kidlash zarur. Shuningdek, B.Abduhalimovning “Bayt al-Hikma va Markaziy Osiyo olimlarining Bag`doddagi ilmiy faoliyati” kitobida o`rta asr manbalarida saqlangan “Bayt al-Hikma” haqidagi ma`lumotlar jamlangan, ular ilk bor atroflicha yoritilib, mazkur ilmiy markazning tashkil topishi, tarkibiy tuzilishi, vazifalari va taraqqiyoti haqida so`z yuritiladi.

So`nggi yillarda “Ma`naviyat yulduzlari8” nomi bilan chop etilgan va yuzga yaqin markaziy osiyolik buyuk siymolar, allomalar va adiblar haqida ma`lumotlarni o`z ichiga olgan bio-bibliografik asarni mamlakatimizda ushbu turkumdagi tadqiqotlarning eng yirigi sifatida baholash mumkin. Kitobda ming yildan ortiq vaqt (IX-XX) oralig`ida yashab, ijod etgan mashhur kishilarning hayoti va ilmiy merosi bayon qilinadi.

Shveytsariyalik sharqshunos olim Adam Mets o`zining IX-X asrlarda musulmon Sharqida yuz bergan madaniy rivojlanishning tarixiga bag`ishlangan “Musulmon renessansi9” asari bilan mutaxassislarga yaxshi tanish. Asarda muallif ko`zlagan asosiy g`oya – IX-X asrlarning musulmon Sharqidagi uyg`onish (renessans) davri ekanini ko`rsatishga intilish deyish mumkin; shuning uchun ham u o`z asarini “Musulmon renessansi” deb ataydi. Adam Metsning kitobi Sharq xalqlari ijtimoiy hayotining deyarli barcha qirralarini tarixiy manbalar asosida yoritib beruvchi muhim fundamental tadqiqot hisoblanadi.

O`rta asr Sharq xalqlari madaniyatini o`rganishda avstraliyalik Gustav fon Gryunebaumning xizmatlari ham tahsinga loyiq. Uning 1970-yili Londonda nashr etilgan “Klassik islom10” kitobida Sharq xalqlari tarixi va madaniyatiga doir muhim ma`lumotlar aks etgan.

Rossiyalik sharqshunoslar orasida esa arab-musulmon madaniyatining shakllanishi va rivojlanishi bilan bog`liq masalalar, asosan, V.V. Bartold11, O.G. Bolshakov12, I.M.Filshtinskiy13, L.G.Landa14, T.A.Chistyakova15, T.Y.Irmiyayeva16, K.P.Matviyev17, M.V.Sokolovalarning18 asarlarida o`z ifodasini topgan.

Al-Andalusiya (Musulmon Ispaniyasi)da arab-musulmon madaniyatining shakllanishi hamda ushbu madaniyatning ko`pgina Yevropa mamlakatlariga ta`siri U.U.Mongomeri19, U.M.Uott va P.Kakia20, A.R.Korsunskiy21, X.Lalaguna22 asarlarida atroflicha yoritilgan.



Malakaviy ishning maqsad va vazifalari: Ushbu bitiruv malakaviy ishida ilmiy rahbar va maslahatchi tavsiyasiga ko`ra, maqsad va vazifalar reja asosida belgilandi. Bitiruv malakaviy ishining bosh maqsadi arab-musulmon madaniyatining ilk tarixiy shakllanish jarayonlarini tahlil qilish va o`ziga xosliklarini o`rganishdan iborat. Ushbu maqsadga erishish uchun quyidagi vazifalarni belgilab oldik:

- Arab-musulmon madaniyati tushunchasiga aniqlik kiritish va uning geografik kengliklarini belgilab olish;

- Arab-musulmon madaniyatining tarixiy shakllanish bosqichlarini aniqlash;

- Arab-musulmon madaniyatining tarkibiy qismlarini hamda uni shakllantiruvchi omillarini o`rganish;

- Arab-musulmon madaniyatini ummaviylar va abbosiylar davridagi umumiy holatini alohida-alohida tarzda tadqiq etish;

- Arab-musulmon madaniyatining Yevropa madaniyatiga ta`sirini o`rganish;

- Al-Andalusiyada arab-musulmon madaniyatining shakllanishi va rivojlanishini tahlil qilish.

Shuningdek, biz bu mavzuni o`rganishda tarixiy voqea va hodisalarga obyektivlik va haqqoniylik tamoyillariga asoslangan holda yondashdik. Biz o`z pozitsiyamizdan turib, mavzu mazmunidan namuna va xulosalar chiqardik. Tarixni tahliliy va qiyosiy yoritish asosiy vazifamiz deb hisoblaymiz.



Metodologik va nazariy asoslari. Mustaqillik davrida hayotimizga kirib kelgan demokratik tamoyillar, oshkoralik yangicha dunyoqarash hamda yangicha fikrlash, milliy qadriyatlarimizning tiklanishi va Prezidentimiz Islom Karimovning ma’ruzalarida, nutqlarida, chiqishlari va asarlarida ilgari surilgan milliy mafkura g`oyasi, mustaqillik mafkurasi va manbalarga tayangan holda holis va haqqoniy yoritish mazkur tadqiqotning uslubiy asoslarini tashkil etadi.

Malakaviy ish metodologik asoslariga mamlakatimiz rahbarining bir qancha asarlari, xususan, “O`zbekiston XXI asr bo`sag`asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari”, “Yuksak ma`naviyat yengilmas kuch” asarlari bizga asosiy uslubiy yo`llanma bo`lib xizmat qildi. Prezidentimiz deyarli har bir nutqlarida tarix fani haqida to’xtalib, asl tarixni yaratishda, qadimiy qo`lyozmalarni, xususan, arab tili va qadimgi qo`lyozmalarni mukammal biladigan mutaxasis tarixchi olimlarni tayyorlash kerakligi haqida ko`p ta`kidlab, o`tadilar. Shuningdek, ko`rib chiqilayotgan mavzuni o`rganib chiqishda bizning yurtimizda mavjud sharqshunoslik maktabi namoyondalarining ilmiy tadqiqot olib borish uslubi va metodlaridan ham keng foydalandik. Ushbu bitiruv malakaviy ishning o`rganish metodologik usuli sifatida qiyosiy, tahliliy va analiz usullari tanlandi. F. Sulaymonova, B. Abduhalimov, G`. G`afurov, A. Murodov, N.Nizomiddinov kabi yana bir qancha sharqshunos olimlar tadqiqotlarining metodologiyasidan keng foydalandik.



Amaliy ahamiyati. Arab-musulmon madaniyatining shakllanishi va rivojlanishini tadqiq etish Xalifalik tarkibidagi barcha mamlakatlar xalqlari madaniyatini qiyoslab o`rganish imkoniyatini yaratdi. Tarixiy voqe`likni umumlashtirgan holda, aniq va keng tasavvur qilish hamda tarixiylik nuqtai-nazaridan xolisona xulosalar chiqarish imkoniyatini beradi. Insoniyat tarixida tub burilish yasagan arab-musulmon madaniyatini o`rganish jarayonida juda ko`plab muhim bo`lgan qiziqarli ma`lumotlarni olish mumkin va bu ma`lumotlarni tahlil qilish orqali muhim xulosalarga kelinadi. Bu mavzuga doir ma’lumotlar o`zbek, rus hamda chet tilidagi adabiyotlardan umumlashtirilgan holda, bu bitiruv malakaviy ish tahlil qilinib yaratildi.

Ilmiy yangiligi. Ushbu bitiruv malakaviy ishida o`ta muhim ilmiy yangilik qildik deb da’vo qilishdan ancha yiroqmiz, chunki bitiruv malakaviy ishi darajasida bunga erishish juda mushkil boёladi. Lekin biz bu ishning ayrim taraflarining ochilmagan tomonlarini ochib berishga harakat qildik va ishning yangiligi sifatida shularni alohida ta’kidlab o’tishimiz mumkin.

O`z tasarrufiga uchta qit`ani birlashtirgan qudratli Arab xalifaligi davlatida vujudga kelgan arab-musulmon madaniyatining shakllanishi va tez suratlarda rivojlanishiga ta`sir ko`rsatgan omillarni turli adabiyotlar mushtarakligida baholi qudrat sanab o`tishga harakat qildik. Shuningdek, imkon qadar arab-musulmon madaniyatining tarkibiy qismlarini o`zaro uzviyligini ta`minlagan holda ketma-ketlikda yoritishga harakat qildik. Ma`lumki, arab-musulmon madaniyati adabiyotlarda umumiy tarzda, asosan, sohalarga bo`lingan holda yoritiladi. Ilk bor arab-musulmon madaniyatini davrlarga ajratishga urinib ko`rdik va ummaviylar hamda abbosiylar davridagi arab-musulmon madaniyatining umumiy holatini alohida-alohida tarzda tadqiq etdik.



Bitiruv malakaviy ishning tuzilishi va hajmi. Ushbu bitiruv malakaviy ishi 94 sahifadan bo`lib, kirish, ikki bob, 5 bo`lim, xulosa, ilova, foydalanilgan adabiyotlar ro`yxatidan iborat.

I BOB. Arab-Musulmon madaniyatining shakllanishi va rivojlanishi
1.1 “Arab-musulmon madaniyati” tushunchasi va uning tarkibiy qismlari
Arab-musulmon madaniyati” va uni shakllantiruvchi omillar. “Madaniyat” – jamiyatning ishlab chiqarish, ijtimoiy, ma`naviy-ma`rifiy hayotida qo`lga kiritgan yutuqlari majmuidir23. Madaniyat umuminsoniy hodisa bo`lib, faqat bir xalqqa tegishli, faqat bir xalqning o`zigina yaratgan sof madaniyat bo`lmaydi va bo`lishi ham mumkin emas. Har bir milliy madaniyatning asosiy qismini shu millat o`zi yaratgan bo`lsa-da, unda jahon xalqlari yaratgan umuminsoniy madaniyatning ulushi va ta`siri bo`ladi, albatta24.

Yuqoridagi fikrlarning tasdig`i Islom bayrog`i ostida birlashtirilgan Arab xalifaligida VII asrda vujudga kelgan “arab-musulmon madaniyati”da ayniqsa, yaqqol namoyon bo`ladi. Madaniyat so`zining keng qamrovdagi – ilm-fan, adabiyot va san`atning deyarli hamma sohalari ma`nosini arab-musulmon madaniyati mohiyati va mazmuniga qo`llagan taqdirda ham, uning bashariyatga qilgan madaniy, ma`naviy va ma`rifiy tortig`ini to`la-to`kis ta`riflash juda murakkab. Shuning uchun mavzuni imkon qadar batafsil va turli manbalar mushtarakligida yoritishga harakat qildik.

Insoniyat tarixida arablarga qadar va ulardan keyin ham ko`chmanchi qabilalarning o`zlaridan madaniyati yuksak bo`lgan xalqlarni istilo qilganliklari tarixiy manbalarda o`z ifodasini topgan. Demak, arablar istilosi harbiy jihatdan bizni unchalik taajjubga soladigan voqea emas. Lekin ajablanarlisi shundaki, arablardan tashqari hech qaysi ko`chmanchi xalqlar istilosi insoniyat tarixida yangi sivilizatsiyani, yangi madaniyatni yaratgan emas. Arablar istilo qilgan mamlakatlarda esa yangi madaniyat vujudga keldi. Xalifalik tarkibidagi barcha xalqlarning madaniyatlarini o`z ichiga oluvchi bu yangi sivilizatsiya islom diniga asoslangan holda tafakkur jarayonini jadallashtirishga va odamlar ongini uyg`otishga yo`naltirilgan edi.

Uzoq davr mobaynida sharqshunoslikka oid adabiyotlarda “arab madaniyati” yohud “musulmon madaniyati” tushunchasi hukm surdi. Bu tushuncha asosida o`rta asrlar davridagi xalifalik tarkibiga kirgan mamlakatlarda yaratilgan barcha madaniy meros tushunilardi. Hozirgi kunda olimlar yangi va ilgari noma`lum bo`lgan manbalarga ega bo`lgach, shuningdek, adabiyot, falsafa, san`at va xalifalik davlatlarining boshqa ilm-fanlari yanada chuqurroq o`rganilgach, bu tushuncha noto`g`ri ekanligi o`z tasdig`ini topdi25.

Endilikda sharqshunos olimlar tomonidan xalifalik tarkibidagi barcha hududlarda vujudga kelgan madaniyat “arab-musulmon madaniyati” deb atalmoqda. Ushbu madaniyat Arabiston yarim oroli, Yaqin va O`rta Sharq, Shimoliy Afrika, Ispaniya (markaziy va janubiy mintaqalari), Markaziy Osiyo va Kavkazortida shakllandi va rivojlandi.

Arab-musulmon madaniyatining shakllanishi hamda bu qadar taraqqiy etishiga quyidagi bir qancha omillar sabab bo`lgan:



  • Xalifalik xalqlarining yagona Islom diniga e`tiqod qilganligi. Islom dini yangi madaniyatning mafkuraviy asosini belgilab berdi va Xalifalikning barcha xalqlarini uni yaratishga jalb etdi26. Bunda musulmonlarning muqaddas kitobi “Qur`oni Karim” va undan keyingi o`rinda turuvchi hadislar hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.

  • Istilolar natijasida xalifalikka birlashtirilgan turli mamlakat xalqlarining ilg‘or madaniyati imkon qadar bir-birini boyitdi. Bu o‘rinda yagona davlat tili – arab tilining faqat Xalifalikni tashkil etgan xalqlar o`rtasida aloqa tiligina bo`lib qolmay, adabiyot va ilm-fan tiliga ham aylanganligi katta rol o‘ynagan27. Buyuk allomalar qaysi xalq vakillari bo‘lmasin, arab tilida ijod qilganlar. Bu omil xalifalik tarkibidagi turli xalqlarga bir-birining madaniyati yutuqlaridan foydalanishga imkon yaratgan. Xalifalik madaniyatini faqat arablar emas, xalifalik tarkibiga kirgan barcha xalqlar yaratganligi ushbu omilda to`la-to`kis o`z tasdig`ini topadi.

  • Xalifalikda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyoti turli darajada bo`lgan mamlakatlar va xalqlarning bir davlatga birlashuvi, ular o`rtasida yaqin aloqalarning o`rnatilishi, iqtisodiy hayotning ravnaq topishi ichki va tashqi savdo aloqalari rivojiga turtki bergan. Bu omil o‘z navbatida o`zaro madaniyat almashinuviga ham shart-sharoit yaratgan. Savdo va hunarmandchilik, jamiyat hayotidagi o`zgarishlar turli muammolarni keltirib chiqardi. Ularning yechimini topish ilm-fanning rivojiga ehtiyoj tug`dirdi28.

  • Islom din sifatida shakllangan davrda arablar yarim badaviy elatlardan iborat bo`lgan xalq edi. Tabiiyki, arablar ham o‘zlari zabt etgan mamlakat xalqlarining ilg‘or madaniyatini zudlikda o`zlashtirdilar. Ushbu madaniyat xalifalikni tashkil etgan xalqlar madaniyati asosida islomga moslashtirib mujassamlashtirilgan madaniyat edi29.

  • Arab xalifalari olimlar, shoirlar, san`at vakillarini o`z homiyliklariga olganlar. Xalifalarning bu xatti-harakatini homiylik deb emas, balki butun jamiyat bilan birgalikda haq yo`ldan borish deb ham tushunish mumkin. Xalifalarning ilm-fan, madaniyat rivojiga homiylik qilishi shubhasiz, arab-musulmon madaniyatining yuksak darajada taraqqiy etishini ta’minlagan30.

Yuqoridagi omillarga hamohang tarzda sharqshunos olim, professor Isaak Moiseyevich Filshtinskiy arab-musulmon madaniyatining shakllanishi va rivojlanishini quyidagicha talqin etadi: “O`rta asr tarixining muayyan bosqichida ayniqsa, barcha musulmon xalqlari yagona davlat – Xalifalikning tarkibiga kirgan davrda arab-musulmon madaniyati yuzaga keldi va taraqqiy topdi. Bu madaniyatning shakllanishida eng asosiy rolni islom dini va arab tili bajardi31”. Olim o`z fikrini davom ettirarkan, xalqlar birlashuvida islom dinining o`rni haqida bunday deydi: “Har bir musulmon eng avvalo umummusulmon jamiyatining vakili, undan keyingina biron bir shahar yoki muzofot (viloyat)ning fuqarosi va biron etnik guruhning a`zosi edi. Juda katta hududlarga tarqalib ketgan ko`p sonli musulmon xalqlarining birdamligi Qur`on va muqaddas hadislar asosida o`rnatilgan diniy qonunlar, marosimlar va ahloq normalarining umumiyligi bilan mustahkamlandi32”.

Darhaqiqat, Xalifalikning e`tiqodi, taraqqiyot darajasi turlicha bo`lgan xalqlarini birlashtirishda eng katta rolni islom dini va arab tili bajargan edi. Bevosita arab-musulmon madaniyatining shakllanishida arab tilining ahamiyatiga to`xtaladigan bo`lsak, o`rta asrlarda arab tilining roli nihoyatda yuksak bo`lganligini e`tirof etishimiz mumkin.



Arab tili. Arab tili somiy tillar guruhiga mansub bo`lib, barcha tillar kabi murakkab rivojlanish yo`lini bosib o`tgan. Qabilalarning birlashuvi turli arab qavmlari tillarining yaqinlashuviga olib keldi va barcha arablar tushunadigan yagona til paydo bo`ldi. Biroq yagona til bilan birga qabilalar lahjalari ham mavjud edi. Yagona arab tili shoirlar, notiqlar va boshqa ma`lumotli kishilar tomonidan qo`llanilgan bo`lsa, lahjalar ichida quraysh qabilasining lahjasi keng tarqalgan edi. Bu shu bilan izohlanadiki, Ka`batullohga ziyorat uchun tashrif buyurgan ziyoratchilar Makka shahrida o`troqlashgan va hokimiyat tepasida bo`lgan qurayshiylar qabilasi bilan doimiy muloqotda bo`lardi va qurayshiylar lahjasi butun Arabiston bo`ylab keng so`zlashuv tiliga aylanib bordi. Arab tilini o`zagini quraysh lahjasi tashkil qiladi. Bundan tashqari arablar Misr, Eron, Vizantiya, Efiopiya (Xabashiston) xalqlari bilan yaqin aloqada bo`ldi. Bu esa, arab tilini shu xalqlarning tillaridan kirib kelgan yangi so`z va atamalar bilan yanada boyitdi. Islom paydo bo`lganida arab tili shu qadar boy tilga aylangan ediki, uning so`z boyligi bilan har qanday murakkab tushunchani ham ifodalash mumkin edi33.

Xalifalikda arab tilining juda tez va nihoyatda keng ko`lamda tarqalishining eng asosiy omili shu ediki, xalifalikka kiruvchi davlatlarning hech birida yagona til hukmron emas edi. Adabiy arab tili “denatsionalizatsiya” qilindi, endi u faqatgina arablarning tili bo`lmay, balki umumiy madaniyatning asosiy elementi sifatida qabul qilindi. Har bir tahsil ko`rgan musulmon, u hoh turk yoki fors millatiga mansub bo`ladimi, uzoq Al-Andalusiya yoki Hindiston fuqarosi bo`lishidan qat`iy nazar muqaddas Qur`on va diniy adabiyotlar tili bo`lgan arab tilini egallashga harakat qildi34. Bundan anglashiladiki, arab tilining tarqalishida aholining islomlashtirilishi ham katta rol o`ynagan. Iymon keltirgan har bir musulmon Allohning muqaddas kitobini hamda uning payg`ambari bo`lmish Muhammad (sav)ning tilida o`qishi shart edi. Arab tilining ahamiyatini O`rta asr G`arbiy Yevropasidagi lotin tilining roliga qiyoslash mumkin35. Shuning uchun arab tilini ko`p hollarda “Sharq lotini” deyishadi. Ammo lotin tili o`rta asrlarda faqat tahsil olganlar orasidagina mavjud edi. Bu paytda arab tili ko`plab Sharq xalqlarining jonli so`zlashuv tili edi. Arablar o`z tillarini davlat tili deb e`lon qilishdi va ummaviylar davridayoq hujjat yuritish ishlari yolg`iz arab tilida olib borilardi36. Arab tilini mukammal o`rganish nafaqat din ulamolari uchun, balki ziyolilar, davlat boshqaruv vakillari, huquqshunoslar uchun ham majburiy edi. Arab tilining keng yoyilishi arab-musulmon fanlarining rivojiga ulkan ta`sir ko`rsatdi. Olimlarning o`zaro muloqoti uchun keng imkoniyatlar yaratdi. Yagona til qadimgi madaniy merosni o`rganish uchun keng imkoniyatlar yaratdi37.


  1   2   3   4   5   6   7


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azrefs.org 2016
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə