O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qarshi davlat universiteti botanika kafedrasi




Yüklə 298.72 Kb.
səhifə1/6
tarix22.04.2016
ölçüsü298.72 Kb.
  1   2   3   4   5   6


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
QARSHI DAVLAT UNIVERSITETI
Botanika kafedrasi
Tasdiqlayman” “Tasdiqlayman”

Tabiatshunoslik Va Geografiya fakulteti Botanika kafedrasi mudiri

dekani ______ dots. B.Xo‘jamqulov ________ dots.v.b. B.Boysunov

“_____”____________2012 y. “_____”____________2012 y.

TABIATSHUNOSLIK VA GEOGRAFIYA FAKULTETI BIOLOGIYA BO‘LIMI BITIRUVCHISI MAJIDOVA KAMOLA RAVUPOVNAning


Mavzu: “Dehqonobod tumani o‘simliklar qoplamida Soyabonguldoshlar oilasining tutgan o‘rni”

Ilmiy rahbar: dots. B. Xo‘jamqulov

Qarshi — 2012

MUNDARIJA

MUQADDIMA 2

Ishning dolzarbligi 2

Ishning maqsadi 3

Ishning ilmiy yangiligi 4

Ishning ilmiy ahamiyati 4

I BOB. DEHQONOBOD TUMANINING FIZIK-GEOGRAFIK TASNIFI. 6

    1. Dehqonobod tumanining geografik o‘rni 6
    2. Tuproqlari 8
    3. Ichki suvlari 10
    4. Iqlimi 11

II BOB. DEHQONOBOD TUMANI HUDUDINING O‘SIMLIK DUNYOSI HAQIDA MA’LUMOT. 13
    1. Dehqonobod tumani hududida tarqalgan o‘simliklarning floristik tahlili 13
    2. Dehqonobod tumani hududida tarqalgan o‘simliklarning hayotiy shakllari 15
    3. Dehqonobod tumani hududida tarqalgan o‘simliklarning sistematik tarkibi (oilalar bo‘yicha joylashuvi) 21

III BOB. SOYABONGULDOSHLAR OILASI HAQIDA MA’LUMOT. 28
    1. Soyabonguldoshlar oilasi vakillarining tuzilishi va ko‘payish xususiyatlari 28
    2. Soyabonguldoshlarning xalq xo‘jaligidagi ahamiyati 37
    3. Dehqonobod tumani hududida tarqalgan Soyabonguldoshlar oilasiga mansub o‘simliklar 39

Zira — Bunium persicum (Boiss) Fedtch 40

Sassiq kovrak — Ferula assa-foetida L. 41

Sumbul — Ferula sumbul K. Pop. 43

Upor (jupor, ifor) — Lipskya insignis (Koso-Pol.) Nevski 44

Alqor — Mediasia macrophyllum (Rgl et Schmalh) 45

Arpabodiyon — Pimpinella anisum Gaertn. 46

Kashnich — Coriandrum sativum L. 47

Petrushka — Petroselinum crispum (Mill) Nym. 49

Shvid (bodiyon) — Anethum graveolens L. 51

Qora zira — Carum carvi L. 53

Chakamig‘ — Turgenia latifolia (L.) Hoffm. 55

Xulosa 57

Foydalanilgan adabiyotlar va internet resurslari 58

Muqaddima



Prezidentimiz Islom Karimovning 2011 yilning asosiy yakunlari va 2012 yilda O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisidagi “2012 YIL VATANIMIZ TARAQQIYOTINI YANGI BOSQICHGA KO‘TARADIGAN YIL BO‘LADI” mavzusidagi ma’ruzasida quyidagi gaplarni ta’kidlagan:

“Ming afsuski, biz modernizasiya deganda, ko'pincha sanoat tarmoqlarini modernizasiya qilishni tushunishga o‘rganib qolganmiz. Holbuki, sanoat bilan bir qatorda iqtisodiyotimizning qishloq xo‘jaligi kabi yetakchi sohasini ham modernizasiya qilish, uning tarkibiga kiradigan deyarli barcha tarmoq va ishlab chiqarish sohalarining butun kompleksida texnik va texnologik yangilash ishlarini amalga oshirishga katta ehtiyoj sezilmoqda”.

O‘simliklar dunyosi, jumladan, dorivor o‘simliklar ham tabiat boyliklaridan biri hisoblanadi. Shifobaxsh o‘simliklarning xosiyati qadim zamonlardan odamlarga ma’lum bo‘lgan va ulardan kasalliklarni davolash uchun foydalanib kelingan.

O‘zbekistonda yovvoyi holda o‘sadigan o‘simliklar soni qariyb 4150 ga yetdi. Shulardan 577 tasi shifobaxsh xususiyatga ega. Bular orasida jumhuriyatimiz hududida ma’lum sharoitlardagina uchraydigan yer sharining boshqa floristik viloyatlarida o‘smaydigan, fan olamida endem tur deb yuritiladigan 390 turi bo‘lib, ular Respublikamizning bebaho milliy boyligi hisoblanadi.

Kimyo fanining nihoyatda taraqqiy qilishi, ayniqsa yangi kimyoviy birikmalar, jumladan sintez qilish yo‘li bilan olinayotgan tez va yaxshi ta’sir etuvchi dorilar ko‘paygani bilan dorivor o‘simliklar o‘z qimmatini yo‘qotgani yo‘q, aksincha ularga bo‘lgan talab yildan yilga oshib bormoqda.

Ilmiy tibbiyotda ishlatiladigan dorivor preparatlarning qariyb 50 foizi o‘simliklardan ajratib olinadi yoki ulardan tayyorlanadi. Tabobatda katta ahamiyatga ega bo‘lgan alkaloidlar, saponinlar, efir moylari va boshqa moddalar ham o‘simliklardan olinadi, yana turli dorilar, preparatlar va vitaminlarga boy konsentratlar tayyorlanadi.

Respublika hukumati ba’zi bir yovvoyi o‘simlik turlarini yig‘ishni tartibga solish maqsadida shifobaxsh o‘simliklardan bir qancha turini O‘zbekiston «Qizil Kitobi» ga kiritishga qaror qildi.

O‘zbekiston «Qizil Kitobi»ga kiritilgan bu o‘simliklar orasida viloyatimizning Dehqonobod tumanida yovvoyi holda o‘sadigan bir qancha o‘simlik turlari ham bor.



Ishning dolzarbligi. Respublikamiz rang-barang yovvoyi o‘simliklardan insonlar sog‘ligi manfaati yo‘lida oqilona foydalanish va ularni kelgusi avlodlar uchun saqlab qolish Respublika olimlari va keng jamoatchilik oldidagi eng muhim dolzarb vazifalardan biridir. Qashqadaryo viloyati, jumladan Dehqonobod tumani xalq va ilmiy tibbiyotida ishlatiladigan shifobaxsh o‘simliklarning tabiiy boyligi jihatidan jumhuriyatimizda salmoqli o‘rinni egallaydi.

Dehqonobod tumanining yovvoyi va shifobaxsh o‘simliklari xom ashyo nuqtai nazaridan hanuzgacha yetarli darajada o‘rganilmagan. Inson o‘z ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan ko‘pgina narsalarni tabiiy holda o‘sadigan o‘simliklardan olib kelayotganligi qadimdan ma’lum.

Qashqadaryo viloyati hududida, jumladan Dehqonobod tumanida ham keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi va sanoat qurilishi ishlarining jadal sur’atda olib borilishi tabiatga, shu jumladan o‘simliklar olamiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa juda kam uchraydigan endem va relikt (qadimgi davr florasiga oid turning ma’lum joylarda qoldiq holda saqlanayotganligi) turlar o‘sadigan sharoitlar o‘zlashtirilishi natijasida ular tez orada qurib tuman hududidan butunlay yo‘qolib ketish xavfi tug‘ilmoqda.

Ishning dolzarbligi shundaki, tumanning o‘simliklar qoplamida uchraydigan Soyabonguldoshlar oilasi vakillarini imkon darajada o‘rganib, shulardan dorivorlik xususiyatiga ega bo‘lgan o‘simliklarni aniqlash, ularning xalq xo‘jaligidagi ahamiyati va xalq tabobatida qo‘llanilishini o‘rganishdan iboratdir.



Ishning maqsadi. Bitiruv ishimizning maqsadi Dehqonobod tumanining o‘simlik qoplamida tarqalgan Soyabonguldoshlar oilasiga mansub turlarni, jumladan adir va tog‘ mintaqalarida o‘suvchi o‘simliklarning hozirgi holatini o‘rganish, ular orasidan dorivor va foydali turlarni aniqlash hamda ularning bioekologiyasini o‘rganib, xalq hayotida tadbiq etishdan iboratdir.

Yuqorida qayd etilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun quyidagi ishlar rejalashtirildi va bajarildi:



  • Tumanning fizik-geografik holatini (relyefi, iqlimi, dengiz sathidan balandligi, tuprog‘i, foydali qazilmalari) adabiyotlardan foydalanib o‘rganish;

  • Ushbu fizik-geografik holatning o‘simliklar qoplamiga ko‘rsatuvchi ijobiy va salbiy ta’sirlarini aniqlash;

  • Tumanning floristik tarkibini va tuzilishini adabiyotlardan foydalanib aniqlash;

  • Tumanning Soyabonguldoshlar oilasiga mansub o‘simliklarini aniqlab, ularni xalq tabobatida, qishloq xo‘jaligida, farmasevtika sanoatida tutgan o‘rnini ko‘rsatish.

Ishning ilmiy yangiligi. Bitiruv malaka ishining ilmiy yangiligi shundan iboratki, Dehqonobod tumanida o‘simliklar qoplamidagi Soyabonguldoshlar oilasiga mansub o‘simliklar alohida bir butun hudud sifatida birinchi marta o‘rganildi. Shu bilan birga ishda tuman hududida uchraydigan Soyabonguldoshlar oilasiga mansub o‘simliklarning floristik tarkibi, biologik xususiyatlari, ayrim o‘simliklarning ximiyaviy tarkibi va xalq xo‘jaligidagi ahamiyati adabiyotlar yordamida tahlil qilindi va o‘rganildi.

Ishning ilmiy ahamiyati. Bitiruv malaka ishining ahamiyati shundan iboratki, ishda ko‘rsatib o‘tilgan Soyabonguldoshlar oilasiga mansub ayrim dorivor o‘simliklarning xalq tabobatida qo‘llanish usullari ko‘rsatilgan. Shu bilan birga bitiruv malakaviy ish Dehqonobod tumani o‘simliklar qoplamini imkon darajasida floristik tahlil etishga yordamchi qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

Bitiruv malaka ishini yozishda 6 jildli «Flora Uzbekistana» (1941-1962) asaridan, 4 jildlik «O‘zbekiston o‘simliklar qoplami» monografiyasidan, M. Nabievning «Botanika atlas-lugati» dan hamda S. Cherepanovning “Сосудистые растения России и сопредельных государств (в пределах бывшего СССР)” nomli asarlaridan keng foydalanildi.

Botanikaga oid nomenklaturalarni, zamonaviy sistematik birikmalari va o‘zgarishlarini O‘. Pratov, T. Odilovlarning asarlaridan (1991-1995) foydalangan holda bajarildi.

Dorivor o‘simliklarni aniqlashda K. Xojimatov, I. Malsov, V.Karimov, A.Shomaxmudov, X.Xolmatov, Z.Xabibov va N.Olimxo‘jaevlarning asarlaridan va usullaridan foydalanildi.



I bob. Dehqonobod tumanining fizik-geografik tasnifi.



Dehqonobod tumanining geografik o‘rni. Dehqonobod — Qashqadaryo viloyatining janubi-sharqida joylashgan bo‘lib, tog‘li rayonlardan biri hisoblanadi. Qadim zamonlardan buyon bu yerlarda odamlar yashab kelganlar va bunga Machay g‘oridan topilgan qadimiy manzilgoh guvohlik beradi.

Tumanga 1926 yil 29 sentyabrda Dehqonobod deb nom berilgan va alohida tuman sifatida tashkil etilgan. Bunga qadar bu joylar “Tangiharam”, ya’ni “haromdan xoli joy” nomi bilan yuritilgan.

Dehqonobod sharqda Boysun tizma tog‘lari orqali Surxondaryo viloyati bilan, janubda Torqopchiq‘ay va Toychisoy tog‘lari orqali Turkmaniston Respublikasi bilan, g‘arbda Odamtosh tog‘lari orqali G‘uzor tumani va shimolda Hisor tizma tog‘lari orqali Qamashi tumani bilan chegaradosh.

Sobiq Ittifoq davrida Dehqonobod bir necha bor G‘uzor tumani tarkibiga qo‘shilib yana qayta tashkil etilgan. So‘nggi marta 1971 yil 31 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sovetining qarori bilan tashkil etilgan. Tumanning ma’muriy va madaniy markazi Qorashina aholi punkti bo‘lib, uning nomi “qora” va “shinak” so‘zlaridan kelib chiqqan hamda “Qora pistirma” ma’nosini anglatadi. Qorashina viloyat markazi — Qarshi shahri bilan avtomobil yo‘li orqali bog‘langan. Bugungi kunda Dehqonobod tumanidan G‘uzor – Boysun – Qumqo‘rgon temir yo‘li o‘tgan.

Dehqonobod tumanining aholisi 103 ming 192 qishi (2003 yil 6 yanvar holatiga ko‘ra) bo‘lib, o‘ndan ortiq millat va elat vakillari yashaydi.

Dehqonobod tumanining relyefi. Dehqonobod tumanining umumiy yer maydoni 4104 kv. km. va chegarasining umumiy uzunligi 197 km., har 1 kv. km ga o‘rta hisobda 25,1 kishi to‘g‘ri keladi.

Dehqonobod tumani hududi tekislik – cho‘l, adir va tog‘ mintaqalariga bo‘linadi.

Tekislik – cho‘l mintaqalariga Xo‘japulast, Qizilcha, Oqirtma, Otqamar, Chuchukquduq, Faribota kabi hududlar kiradi. Bu joylarda buloqlar va doimiy oqar suvlar yo‘qligi uchun cho‘l zonasi deb ham ataladi, aholisi esa ichimlik suvi sifatida va chorvalarini sug‘orishda quduq suvlaridan foydalanadi.

Adir va tog‘ mintaqalari Dehqonobod tumani hududining asosiy qismini tashkil qiladi. Shimoli-sharqda joylashgan va janubi-g‘arbga yo‘nalgan Chaqchar tizma tog‘i Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy tarmog‘i bo‘lib, o‘tkir qirrali cho‘qqilar va juda chuqur, tor qopchig‘aylar — daralarga boydir. Uning eng baland cho‘qqisi — Xuroson dengiz sathidan 3744 m balandlikda joylashgan. Chaqchar tizmasi mezozoy ohaktoshlaridan tashkil topgan hamda uning etaklarida toshqotgan marjon poliplari va dengiz kirpilarining qoldiqlari ko‘plab uchraydigan ohaktosh qatlamlari mavjud.

Chaqchar tizmasining janubi-g‘arbidagi davomi Boysuntog‘, Ketmonchopdi va Suvsiztog‘ massivlari deyarli meridianal yo‘nalishga egadir. Ulardan g‘arbdagi Bobosurxak, Qorasirt va Kafantog‘ massivlari o‘rtacha balandlikdagi tog‘lardir. Ularning eng balandi Bobosurxak bo‘lib, ayrim cho‘qqilari dengiz sathidan 2888 m gacha balandlikka yetadi. Bu tog‘lar yura, bo‘r va paleogen davrlarida shakllanganligini ularning tarkibidagi cho‘kindi jinslar isbotlab beradi.

Dehqonobodning g‘arbini Odamtosh massivi chegaralab turadi. Odamtosh massivi sharqda Ko‘xitang tizmasidan boshlanib, g‘arbda Qarshi dashti tomon asta-sekin pasayib boradi. U balandligi 1279 m gacha bo‘lgan tizmachalardan tashkil topgan bo‘lib, tizmachalar orasidagi sinklinar botiqlar davriy oqimli soylarning vodiylarini ajratib turadi. Modun, Qorasirt, Usmon, Sayfi, Kesik, Oqbosh va boshqa kichik, past tog‘ tizmalari bu tuman relyefining xarakterli belgilaridir. Torqopchiq‘ay va Toychisoylarning suvayirg‘ichi bo‘lgan Oqbosh tog‘i sanab o‘tilgan tizma tog‘lar orasida doimiy oqar jilg‘alar hosil qilishi bilan ajralib turadi. Shimoli-sharqdan janubi-g‘arbga yo‘nalgan bu tizmalarda kuesta tipli relef keng tarqalgan. Ya’ni bir yonbag‘ri atrofidagi o‘t qirlarga asta-sekin qo‘shilgani holda, qarama-qarshi yonbag‘ri tik devor sifatida namoyon bo‘ladi. Bu kuestalar tub negizi paleogen davri ohaktosh qatlamlarining burmalanishi natijasida tik holga kelgan. Qatlamlar orasiga kirgan sovuq suvlar yoriqlarni kengaytirib, karst bo‘shliqlarini hosil qilgan. Tog‘lararo yassi botiqlarda sel yotqiziqlari, ba’zan, jarlar uchraydi.



Tuproqlari. Tog‘ oldi, chalacho‘l zonasi uchun, asosan, bo‘z tuproq tiplari xos bo‘lib, ular dengiz sathidan 250 – 300 m dan 1200 – 1400 m gacha balandliklarda, ya’ni tog‘ oldi qiya tekisliklarda, adirlarda va past tog‘larning yonbag‘irlarida tarqalgan. Bo‘z tuproqlar, asosan, lyoss va lyossimon yotqiziqlar ustida, ba’zi joylarda esa allyuvial, prolyuvial va delyuvial yotqiziqlar ustida shakllangan. Asl (tipik) bo‘z tuproqlar arealida (dengiz sathidan 350 – 400 m dan 800 – 900 m gacha) o‘simlik qoplami ancha zich, chirindi miqdori nisbatan ko‘proqdir (3 % gacha yetadi). Bunday yerlardagi tuproqlar azotga ancha boy bo‘lib, uning miqdori chimli qatlamda 0,194 % ni, bu qatlamdan pastda esa 0,116 % ni tashkil qiladi. Shuningdek, kaliy (2,3 – 2,8 %) va fosfor (2,32 – 2,47 %) ham ancha ko‘p va tuproq ayrim hollardagina sho‘rlangan.

To‘q tusli bo‘z tuproqlar tog‘ oldi, adir, past va o‘rtacha balandlikdagi tog‘larning yonbag‘irlarida 800 – 900 m dan 1200 – 1400 m gacha balandlikdagi kengliklarda joylashgan. To‘q bo‘z tuproqlar, asosan, lyossimon jinslar ustida rivojlanadi. Bunday tuproqning chimli qatlamida chirindining miqdori 2,5 – 3,5 % bo‘lib, ayrim joylarda 4,5 % gacha yetadi. Lekin pastki qatlamlarga tomon keskin kamayadi va 50 sm chuqurlikda 0,55 – 0,85 % dan oshmaydi. To‘q bo‘z tuproqlarda azotning miqdori katta emas.

To‘q bo‘z tuproqlar tarqalgan yerlarning gidrotermik sharoitlari va relyefi obikor dehqonchilik uchun noqulay bo‘lganligi sababli bu yerlardagi aholi lalmikor ekinlar (bug‘doy, arpa, no‘xat va b.) ekadi va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi.

Foydali qazilmalari. Bugungi kunda Dehqonobod tumanida Gumbuloq, Qizilbayroq kabi neft konlarini o‘zlashtirish jadal olib borilmoqda. Bundan tashqari, osh tuzi va kaliy tuzlarining yirik zaxiralari mavjudligi aniqlangan.

Dehqonobod shaxarchasidan 30 km shimoli-sharqda joylashgan Tepaqo‘ton konidagi kaliy tuzlarining bashoratlashtirilgan zaxirasi 500 mln. tonnani tashkil etadi.

Hisor tizmasining janubi-g‘arbiy tarmoqlari doirasida Dehqonobod tumanida O‘zMU geologlari tomonidan bashoratlashtirilgan zaxirasi 213 mln. tonnani tashkil etadigan fosforit konlarining mavjudligi aniqlangan.

Dehqonobod shaxarchasi, Xo‘jaarna, Qizilcha, Dardara va boshqa joylarda yonuvchi slaneslar topilgan. Dehqonobod konida betonitli gillarning 180 mln. tonna miqdoridagi bashoratlashtirilgan zaxirasi aniqlangan. Qatlamlarning qalinligi 150 m gacha bo‘lgan bu gillar keramzit ishlab chiqarishda foydalanilishi mumkin.

Dehqonobod konida dolomitli ohaktoshning zaxirasi 6,4 mln. m3 ni tashkil etadi. Bu konning dolomitli ohaktoshlari devorbop toshlar va o‘tga chidamli xom ashyo uchun foydalanilmoqda. Shuningdek, Dehqonobod dolomiti Toshkent va Samarqand chinni zavodlariga ham jo‘natiladi.

Hozirgi paytda foydali qazilmalar qazib olinayotgan joylarda karerlar, ag‘darilgan qatlamlar, tepaliklar hosil bo‘lgan. Kuchli shamollar esgan paytda bunday joylardan mayda zarrachalar aholi yashaydigan joylarga uchiriladi, yog‘inlar paytida yuvilgan zarrachalar esa suv havzalarini, daryolarning irmoqlarini va qishloq xo‘jalik yerlarining ifloslanishiga olib kelyapti. Geologiya-qidiruv joylarda, mineral resurslardan foydalanilayotgan konlarda atrof muhitni muhofaza qilishga deyarli e’tibor berilmayapti, geologik-qidiruv transport vositalari nafis ekosistemalarning qashshoqlanishiga yoki nobud bo‘lishiga olib kelmoqda. Shu sababli, tog‘-kon sanoati korxonalari tabiiy resurslar zaxiralaridan va yerdan samarali foydalanish maqsadida rekultivasiya ishlarini yo‘lga qo‘yishi lozim.



Ichki suvlari. Dehqonoboddan G‘uzordaryoning irmoqlari Katta O‘ra va Kichik O‘ra daryolar, Torqopchig‘ay daryosi, Yakkabog‘daryoning irmoqlari boshlanadi va oqib o‘tadi.

Katta O‘ra daryoning uzunligi 113 km va havzasining maydoni 1400 kv. km dir. U Chaqchar va Yakkabog‘ tog‘lari tutashadigan Xarkush dovoni yaqinida dengiz sathidan 4348 m balandlikda boshlanadi va yuqori oqimida Egrisuv nomi bilan oqadi.

Kichik O‘ra daryoning uzunligi 117 km va havzasining maydoni 1660 kv. km ga tengdir. Kichik O‘radaryo Hisor tog‘ tizmasining janubi-g‘arbiy tarmoqlari Boysun va Oqbosh tog‘larida dengiz sathidan 2000 – 2500 m balandlikda boshlanadi.

Katta O‘ra va Kichik O‘ra daryolari Gumbuloq va Sho‘rguzar qishloqlaridan oqib o‘tgach, tutashadi. Shu joyda 1968 yilda foydalanishga topshirilgan Pachkamar suvombori joylashgan. Uning foydali suv hajmi 243 mln. m3 ga tengdir. Bundan tashqari, Kichik O‘ra daryosining Qorashina shaxarchasi yonidagi qismida 1982 yil foydalanishga topshirilgan Dehqonobod suvombori ham bor. Bu suvomborning foydali hajmi 18,4 mln. m3. Dehqonobodning tog‘li hududlarida bir qancha mayda ko‘llar uchraydi. Xususan, Katta O‘ra daryosining yuqori oqimidagi 1,5 kv. km maydonni egallab yotgan Turobbobo va Kichik O‘radaryo boshlanishidagi Xo‘jabulg‘ur ko‘llari karst jarayoni natijasida hosil bo‘lganligi tufayli ancha chuqur (16 m) ko‘llardir.

Buloqlar tog‘oldi va tog‘ hududlarida juda ko‘p, ular daryolarning to‘yinishida salmoqli o‘rin tutadi. Buloqlarning aksariyat qismi chuchuk suvli buloqlar bo‘lib, aholi uchun ichimlik suvi sifatida foydalaniladi.

Ko‘kbuloq, nafaqat, Dehqonobodning, balki butun viloyatning eng mashhur chashmalaridan hisoblanadi. U Katta O‘ra daryoning o‘rta oqimida, vodiyning o‘ng biqinida dengiz sathidan 1208 m balandlikda qozonsimon chuqurlikdan qaynab chiqadi. Shu nomli qishloq chekkasida joylashgan Ko‘kbuloqning suv sarfi 160 – 170 l/sek. Yoz oylarida suvi ancha ko‘payadi, chunki buloqning to‘yinish maydoni bo‘lgan Mingchuqur tog‘laridan karst chuqurliklarida yozda qor jadal eriydi. Suvi sal achchiq-sho‘r ta’mli, tarkibida kalsiy sulfat tuzlari erigan, har litrida 77 grammgacha tuz bor.

Kichik O‘ra daryosining irmogi bo‘lgan Konsoydaryo boshlanishida Konsoy qishlog‘i yonida joylashgan shu nomli buloq dengiz sathidan 1178 m balandlikda joylashgan. Uning suv sarfi 80 – 100 l/sek. Suvi achchiq-sho‘r ta’mli, tarkibida kaliy, kalsiy va natriy xlorid tuzlari bor. Konsoy va Xo‘jaipok buloqlarining suvi ko‘plab teri-tanosil kasalliklari uchun shifobaxsh suv hisoblanadi.

Iqlimi. Dehqonobod tumani va, umuman, viloyat iqlim xususiyatlarini ta’riflashda Dehqonobod tumani meteorologik stansiyasidan olingan ma’lumotlar muhim ahamiyatga egadir.

Dehqonobod tumanining iqlimi uning geografik o‘rni, ya’ni ulkan Yevroosiyo materigining ichki qismida, okean va boshqa yirik suv havzalaridan uzoqda joylashganligi sababli keskin kontinental iqlim turiga kiradi. Quyosh nur sochib turadigan davr ancha uzoq davom etadi va o‘rtacha 2600 – 3000 soatgacha yetadi. Tekislik qismida yoz fasli 155 – 160 kunga, tog‘li joylarda esa 80 – 90 kunga to‘g‘ri keladi. Quyosh radiasiyasining yillik yalpi miqdori 6700 – 7000 MJ/m2 dan kam bo‘lmaydi.

Dehqonobod tumani iqlimining tarkib topishida atmosfera sirkulyasiyasi (havo massalarining almashinib turishi) muhim o‘rin tutadi. Ular yil davomida almashinib turganligi sababli ob-havosi ham yil davomida o‘zgarib turadi.

Qishda Osiyoning aksariyat qismini kamrab olgan Osiyo maksimumining vujudga kelishi tufayli tumanga shimoli-sharq tomondan sovuq va quruq kontinental havo massalari bemalol kirib kela oladi. Qishda arktika fronti qor yog‘ishiga sabab bo‘ladi va front o‘tib ketgandan so‘ng sovuq antisiklon havosi kuzatiladi.

Qish oylarida siklonlar tropik havo masalarini olib kelishi tufayli havo isiydi va atmosfera yog‘inlarining bo‘lishiga olib keladi.

Bahor oylari uchun beqaror ob-havo xos bo‘lib, siklon jarayonlari faollashadi. Siklonlar bilan janubi-g‘arbdan iliq havo massalari kirib kelishi sababli bahorda yog‘inlarning katta qismi tushadi.

Yozda havo ochiq bo‘ladi va yog‘inlar yog‘maydi. Faqat ayrim hollardagina tog‘li hududlarda yog‘inlar yog‘ishi kuzatiladi.

Kuzning birinchi yarmida ham issiq ob-havo kuzatiladi, ikkinchi yarmida esa ob-havo o‘zgarib turadi.

Qishdagi eng sovuq yanvar oyida o‘rtacha harorat +0,6 °C bo‘lsa, yozda eng issiq oy iyulda +28,4 °C ni tashkil etadi. Yillik o‘rtacha harorat +15,8 °C ga tengdir.

Ayrim qishlar iliq kelganligi uchun o‘simliklar vegetasiyasi bu faslda ham davom etadi va bunday qishlar «vegetasiyali qishlar» deb ataladi. Iliq qishlar barcha qishlarga nisbatan 65 – 70 % ni tashkil etadi. Iliq qishlar bilan bir qatorda ayrim yillarda keskin sovuq qishlar ham kuzatiladi. Sovuq qishlar nisbatan kam bo‘lsada (20 – 30 yilda 1 marta), haroratning absolyut minimumi –22 °C dan –29 °C gacha pasayishi mevali daraxtlar va toklar uchun xavflidir.

Yoz oylarining issiqligi jihatidan Dehqonobod tumanining tekislik qismlarini dunyodagi eng issiq joylar (Sahroi Kabir, Eron cho‘llari) bilan taqqoslash mumkin. Tog‘li hududlarda yoz birmuncha salqin kechadi. Yozning absolyut maksimumi +43 °C ga teng.

Jazirama kunlari, odatda, 3 – 4 kun davom etadi, keyin salqinroq havoning kirib kelishi bilan havo harorati biroz pasayadi. Mevalar, uzum, qovun-tarvuzlarning shirin bo‘lishi, qand moddasining ko‘pligi ham yoz ob-havosining serquyosh va haroratning yuqori bo‘lishiga bog‘liqdir. Haroratning o‘rtacha yillik amplitudasi (eng sovuq oy bilan eng issiq oy haroratlar farqi) tekisliklarda 25 – 30 °C, tog‘larda 20 – 25 °C bo‘ladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Dehqonobod tumani tipik kontinental iqlimga ega. Sovuq bo‘lmaydigan davr o‘rta hisobda 226 – 228 kunga teng.



II bob. Dehqonobod tumani hududining o‘simlik dunyosi haqida ma’lumot.

    1. Dehqonobod tumani hududida tarqalgan o‘simliklarning floristik tahlili.



O‘zbekiston o‘simliklar dunyosining xilma-xilligi, turlarga g‘oyat boyligining xalq xo‘jaligidagi muhim salmog‘i bilan O‘rta Osiyoda o‘ziga xos o‘ringa ega. So‘nggi yillarda O‘zFA Botanika institutida olib borilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, o‘lkada 146 oilaga mansub 4500 ga yaqin yuksak o‘simlik turlari borligi ma’lum bo‘ldi.

Yuqoridagi turlarga mansub bo‘lgan o‘simliklar Qashqadaryo viloyatida ham keng tarqalgan bo‘lib, 137 oilaga, 1025 turkum va 1200 dan ortiq turga mansubdir.

Respublikada mavjud o‘simliklarning 301 turi O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan (1998 y.). Viloyatda ushbu turlarning 70 dan ortig‘i tarqalgan. Jumladan, Qashqadaryo vohasining tog‘li Dehqonobod tumanida 40 oila, 113 turkum va 135 turga mansub o‘simliklar uchraydi. Ushbu o‘simliklar tumanning barcha mintaqalarida keng tarqalgan.

Dehqonobod tumanining hududi cho‘l, adir va tog‘ mintaqalarini o‘z ichiga olib, unda o‘simliklarning noyob va nodir turlari mavjuddir. Butun Respublikada bo‘lganligi kabi, Dehqonobod tumanining hududi ham 1960 yillardan keyingi davrlarda kuchli payhonlandi.

Qashqadaryo viloyatining o‘ziga xos tabiatini (o‘simliklar va hayvonot dunyosini) o‘rganish maqsadida “Hisor davlat geologik qo‘riqxonasi” tashkil etilgan. Qo‘riqxonaning asosiy maydoni Kitob, Shaxrisabz va Yakkabog‘ tumanlarida joylashgan. Umumiy maydoni 83 ming ga bo‘lib, Hisor tog‘ tizmasining janubi-g‘arbida tog‘ mintaqasida tashkil etilgan. Qo‘riqxonaning eng baland joyi dengiz sathidan 3650 m balandlikda joylashgan. Uning relyefi biroz toshli bo‘lib, bir-biridan keskin farq qiladigan tizmalardan, qiya tekisliklardan iboratdir.

Dehqonobod tumanida tarqalgan o‘simliklarni adabiyotlardan foydalangan holda qisman sistematik va floristik jihatdan tahlil qilish orqali Soyabonguldoshlar oilasiga mansub o‘simliklarni hamda ularning xalq xo‘jaligida qo‘llanilishini imkon qadar o‘rganishga harakat qilindi. Olingan ma’lumotlarni ushbu bitiruv malakaviy ishimda bayon etdim.



    1. Dehqonobod tumani hududida tarqalgan o‘simliklarning hayotiy shakllari.



Daraxtlar

Acer semenovii Rgl — zarang

Crataegus korolkovii L. Henry — sariq do‘lana

Elaeagnus angustifolia L. — jiyda

Juglans regia L. — yong‘oq

Juniperus zeravschanica — qizil archa

Juniperus semiglobosa — savr archa

Malus siversii — yovvoyi olma

Pistacia vera L. — pista

Butalar

Amygdalus bucharica — achchiq bodom

Amygdalus spinosissima Bge — bodomcha

Berberis integerrima Rgl — qizil zirk

Berberis oblonga (Rgl) Schneid — qora zirk

Cerasus erythrocarpa Nevski — toshchiya

Ephedra fedtschenkoa Pauls — qizilcha

Lonicera nummulariifolia — uchqat

Rubus idaeus L. — maymunjon

Rosa beggiriana Schrenk — na’matak

Rosa canina L. — itburun

Tamarix arceuthoides Bge — yulg‘un



Chala butalar
  1   2   3   4   5   6


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azrefs.org 2016
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə