OQ, oydin kechalar




Yüklə 0.56 Mb.
səhifə1/15
tarix24.04.2016
ölçüsü0.56 Mb.
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15
Dunyoning ishlari. O'tkir Hoshimov

Bu qissa katta-kichik novellalardan iborat. Biroq ularning barchasida men uchun eng aziz odam — onam siymosi bor. Bundagi odamlarning hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Faqat ba’zilarining ismi o‘zgardi, xolos. Bu odamlarning qismati ham qaysidir jihati bilan onamga bog‘langan.

Dunyodagi hamma onalar farzandiga munosabat bobida bir-biriga juda o‘xshaydi. Bas, shunday ekan, bu asar sizlarga bag‘ishlanadi aziz Onajonlar!

Muallif


Ehtimol, sizda ham shunday hollar bo‘lgandir: tun yarmidan oqqanda birdan uyg‘onib ketasiz. Shiftga tikilib yotaverasiz, yotaverasiz... Avvaliga chiqillab turgan soat ham bora-bora tinib qolgandek bo‘ladi. Uy jimjit, deraza jimjit, qorong‘i osmon jimjit. Hatto shamol ham qilt etmaydi. Shu qadar og‘ir sukunat cho‘kadiki, quloqlaringiz shang‘illab ketadi. Zildek yuk ustingizga yopirilib, vujudingizni yerga mixlab tashlaydi; tanho, ojiz bir narsaga aylanib qolasiz. Go‘yo butun dunyo bir tarafu siz o‘zingiz bir taraf... Shunday paytda mening ko‘z o‘ngimda to‘satdan onam paydo bo‘ladi. Qorong‘i xonaning bir burchidan chiqib keladi-da, ma’yus jilmaygan ko‘yi boshim ustiga egiladi. Yillar zahmatidan dag‘al tortgan barmoqlari bilan peshonamni silagandek bo‘ladi... O‘pkam to‘lib, o‘zimni tutolmayman. Birdan tush kabi uzuq-yuluq xotiralar yopiriladi, yuragim gursillagancha o‘rnimdan turib ketaman.

OQ, OYDIN KECHALAR

Bolaligimni eslasam, iliq yoz kechalari ko‘z oldimga keladi. Hovlimizda bir tup bodom bo‘lardi. Erta bahorda qiyg‘os gullardi-yu, hech meva tugmasdi. Onam: «Bodom yolg‘iz bo‘lgani uchun meva qilmaydi», deb tushuntirardi. Shu bodom tagida supa bor edi. Kun botishi bilan onam hovliga ko‘loblatib suv separ, kunbo‘yi oftobda qizigan yer hidi supa oldidagi rayhonlar isiga qo‘shilib ajib bir tarovat taratar, atrof jimjit bo‘lib qolar edi.

Keyin yirik-yirik yulduzlar bilan to‘lgan osmonga tillaqoshdek ingichka oy suzib chiqardi. Oyim oyga tikilib turib ohista pichirlar edi:


Oymomaxon xulla,

Qanotlari tilla.

Subxon allo sizga,

Umr bersin bizga...


Shunday deb boshimni silardi. Oymoma esa bu sehrli qo‘shiqni yana bir eshitgisi kelgandek, мuаllаq to‘xtab qolar, yulduzlar o‘ychan ko‘zlarini tikib muloyim boqib turishar, onam ertak aytar edi.

Toshlar orasiga kirib g‘oyib bo‘lgan baxtsiz qizcha yig‘lab-yig‘lab qo‘shiq aytardi:


Ochil-ochil, oq toshlar-a,

Men onamni ko‘rayin-a,

Diydoriga to‘yayin-a.
— Men osmondan yulduzimni tanladim. Qarang, oyi, Yetti og‘ayni orasidagi eng yorug‘ yulduz — meniki...

— Mayli, o‘g‘lim. O‘sha yulduz seniki. Anovi to‘rtinchisi — meniki.

— Nega, oyi, to‘rtinchisi eng kichkina yulduz-ku!

— Shuning uchun ham meniki... To‘rtinchi yulduz— yetimcha yulduz. Ko‘rdingmi, yaxshi o‘smay qolgan. Yetimlarga rahm qilish kerak.

Yulduzlar sirli ko‘z qisishar, tillaqoshdek ingichka oy sirli mo‘ralar, shabada sirli shivirlar, sadarayhon bilan tuproq sirli hid taratar, osmon ham, yer ham sirlarga to‘la edi.

Goho-goho osmonda birdan yulduz uchib qolardi. Hozirgina yonib turgan yulduz to‘satdan lop etardi-yu, ingichka, nurli iz qoldirib g‘oyib bo‘lardi. Onam cho‘chib tushardi:

— Esiz... Bir bechoraning joni uzildi-ya...

Yuragim shuv etib, onamning pinjiga kirardim. Ishqilib, boshqa yulduz uchmasin!

...Bolaligimni eslasam, iliq yoz kechalari ko‘z oldimga keladi. Bilmadim, ehtimol o‘sha oq, oydin kechalarda onam ilk bor qo‘limga qalam tutqazgan-dir.

Yulduz to‘la osmonga tikilaman. Ehtimol, osmondagi eng yorqin yulduzlar onalarning jonidir. Ehtimol, onalarning so‘ngan yulduzlari birlashib quyoshga aylangandir. Oftobni ona deyishlari, ehtimol, shundandir.

TASALLI

Qabriston jimjit. Faqat yo‘lakning ikki chetida saf tortgan mirzateraklar qabr ustiga bosh eggan farzandlardek onaga orom tilab alla aytadi. Ularning mungli shivirlashi tilovat sadolariga qo‘shilib, yurakni ezuvchi ohangga aylanadi... Oq surp yaktak kiygan, mosh-guruch soqoli o‘ziga yarashgan go‘rkov yuziga fotiha tortib o‘rnidan turadi:



— Bo‘ldi endi, bolam! Bunaqada o‘zingizni oldirib qo‘yasiz. Dunyoning ishlari shu ekan, iloj qancha? — U bir zum indamay qoladi-da, qo‘shib qo‘yadi: —Volidai mehriboningiz xo‘p yarlaqagan odam ekanlar. To‘shakda yotmabdilar, birovga zoriqmabdilar... Bunaqa beozor o‘lim har kimga ham nasib etavermaydi.

Nami qurib ulgurmagan tuproq uyumiga tikilgancha o‘ylayman.

Ehtimol shundaydir. Onam bu dunyoda kamsuqumgina yashardi. Hech kimga ozor bermasdi. Hech kim bilan hech nimani talashmasdi. Ehtimol, tabiatning eng shafqatsiz elchisi bilan ham olishib o‘tirishni xohlamagandir. Ehtimol...

— Ko‘rdingizmi, — deydi qariya o‘ychan ohangda,— o‘sha kuni kechasi bilan jala quyib chiqdi. To qabrga qo‘ygunimizcha tinmadi. Qo‘yishimiz bilan charaqlab oftob chiqdi. Bunaqa ruhi pok odamlar kam bo‘ladi, bolam, men bilaman-ku.

Ehtimol shunday hamdir. Balki, odamlarning dardiga sherik bo‘laverib ko‘nikib ketgan bu nuroniy qariya kerakli paytda har kimga ana shunday tasalli so‘zini aytar. Rahmat senga, otaxon. Ertami-kechmi har kimning ishi tushadigan mana shu qo‘llaring uchun rahmat. O‘rtanib turgan yurakka suv sepa biladigan mana shu hamdard qalbing uchun rahmat. Faqat... Hamma gap yomg‘irda bo‘lsa, yana aqalli uch kungina onamning umri cho‘zilsa-yu, keyin yomg‘ir emas, muttasil tosh yog‘sa ham rozi edim...

Bir hafta bo‘ldiki, do‘stlarim, tanish-notanishlar eshikdan ma’yus kirib kelishadi. Do‘stlarim jimgina o‘tirib, jimgina chiqib ketishadi. Boshqalar ohista so‘raydilar:

— Necha yoshda edilar?

Men aytaman... Aytamanu o‘ylayman: onaning yosh-qarisi bo‘ladimi? Mehrning yosh-qarisi bo‘ladimi? Shafqatning-chi? Sadoqatning-chi?

Ilgarilari bir haqiqatni bilardim. Ona uchun bolaning katta-kichigi bo‘lmaydi. Endi yana bir haqiqatni angladim. Bola uchun ham onaning katta-kichigi bo‘lmas ekan. Ona — ona ekan. Unga boshqa sifat kerakmas.

TUSH


Tush ko‘rsam, onam chiroq ko‘tarib yurganmish. Yuzini aniq ko‘rmasmishmanu, ammo qo‘lidagi chiroq xira nur sochib turganmish. «Ko‘zingga qara, bolam, chuqur bor», dermish nuqul. Qarasam, chuqur yo‘q. Uyg‘onsam, onam ham yo‘q...

Ba’zan ish bilan, ba’zan majlislar bilan, gohida ulfatchilik bilan uyga kech qaytardim. Bir kuni Namangandan mehmonlar kelib qolishdi. Uyga borishga ko‘nmay, o‘zimni restoranga sudrashdi. Yarim kechagacha qolib ketdim. Uyga qaytganimda kayfim bor edi. Darvozani onam ochdi. Sovuqda mushtdekkina bo‘lib dildirab turibdi.

— Shu vaqtgacha uxlamadingizmi! — dedim zarda qilib. — Eshik ochishga sizdan boshqa odam yo‘qmi?

Onam ma’yus jilmaydi:

— Uyqu qatta, bolam? O‘-o‘tiribman.

Ertasiga redaksiyada navbatchilik cho‘zilib ketdi. Qarasam, yana onamning chirog‘i yoniq.

— Nega uxlamadingiz?

Onam yana ma’yus jilmaydi:

— Bilasan-ku, jon bolam, kamuyqu bo‘lib qolganman.

Men nodon, onamning kamuyqu bo‘lib qolganiga, yarim kechagacha yuramanmi, tongotar qaytamanmi, onamning chirog‘i muttasil lipillab turishiga xo‘p ko‘nikkan ekanman.

Qaysi kuni ishdan keyin moskvalik mehmonlarni aeroportga kuzatib qo‘yadigan bo‘ldim. Samolyot kechikib uchdi. Yarim kechada uyga qaytsam... hammayoq jimjit. Hamma o‘z oromi bilan...

Tushimda onam chiroq ko‘tarib yurganmish.

HAQQUSH

Do‘stlarim: «Juda siqilib ketdingiz, aylanib kelamiz», deb toqqa sudrashdi. Alla-pallagacha o‘tgan-ketgandan gaplashib o‘tirdik. Qiziq, har gal bosh ustiga bosib tushgudek mag‘rur qad kerib turgan tog‘larni, ulkan novvot parchasidek qirrador qoyalarni ko‘rganda hayot abadiy emasligini o‘ylayman. Qorong‘i osmonda yana ham qoraroq soyadek qilt etmay turgan bu qoyalar bizga o‘xshaganlarning necha-nechasini ko‘rdi ekan?.. Faqat ularning tili yo‘q...



Kechasi tunagan joyimiz sovuq edi. Anchagacha uxlay olmadim. Tashqarida teraklar shitirlaydi. Qayerdadir, yaqin joyda daryo shovullaydi. Bir mahal qulog‘imga dilni orziqtiruvchi mungli tovush chalindi: «Haq-qu, haq-qu...» Bir zum sukunat tushdi-da, ancha olisdan yana o‘sha tovush takrorlandi: «Haq-qu, haq-qu...»

Bola edim, go‘dak edim. Onam aka-ukalar haqida g‘alati bir cho‘pchak aytib bergan edi. Emishki, bir zamonlar ikki aka-uka yashagan ekan. Birining oti Ilhaq, ikkinchisiniki Ishoq ekan. Ikkalasi bir-birini ko‘rarga ko‘zi yo‘q, juda noahil ekan. Ularning ko‘nglini olaman, deb ikki o‘rtada onalari adoyi tamom bo‘pti. Shunda qodir Xudoning qahri kelibdi-yu, ikkovining ham ko‘zini ko‘r qilib, qushga aylantirib qo‘yibdi. Shundagina aka-uka bir-birini ko‘rmasa turolmasligini, bir-biriga kerak ekanligini tushunishibdi. O‘shandan beri ikkalasi kechalari bo‘zlab bir-birini chaqirib chiqisharmishu, topolmas emish...

Tashqarida hamon terak barglari shitirlaydi. Daryo shovullaydi. Mana shu shovullagan sukunat ichida dilni titratadigan iztirobli nido yangraydi: «Ilhaq! Is-hoq!..»

Bechora onam! O‘sha iztirobli afsonani aytayotganingda inidan mo‘ralagan qaldirg‘och bolasidek ko‘rpadan bosh chiqarib yotgan besh bolang bir-biri bilan inoq bo‘lishini shunchalik xohlaganmiding!

...Onalar farzandlari hamisha birga bo‘lishini istaydilar. Qismat esa, ularni qanot chiqarishi bilan har yoqqa uchirib ketadi. Hayot loaqal shu masalada ham onalarga shafqat qilmaydi.

QARZ


Bir kuni gapdan-gap chiqib, aka-ukalar oyimga hazillashdik:

— Har oy pensiya olasiz. Shuncha pulni qayoqqa qo‘yyapsiz? Sandiqqa bosyapsizmi?

— Sandiq qatta, bolam? — deb kuldi onam. — Qarzlarim bor. O‘shanga beraman-da.

Akamning qovog‘i osildi:

— Qarz? Hali birovdan qarz ham olasizmi?

— E, senga nima, bolam! Mening ishimga aralashib nima qilasan?

Keyin gap boshqa yoqqa aylanib ketdi. Bu suhbatni butunlay unutib yuborgan edim. Qaysi kuni ertalab hovlida aylanib yursam, qo‘shnimizning yetti yashar qizchasi Nilufar chiqib qoldi. Oppoq bantik taqib, atlas ko‘ylak kiyib olibdi.

— Ha, Nilu, yasanib olibsan, mehmonga ketyapsanmi? — dedim erkalab.

— Bugun man tug‘ildim, — dedi u qop-qora ko‘zlarini pirpiratib jilmayarkan.

— Iya, yubilyar ekansan-da, shoshmay tur-chi, hozir...

Uydan bir hovuch konfet olib chiqdim.

— Mana, o‘rtoqlaring bilan ye.

Nilufar kattalardek jiddiy bosh chayqadi:

— Men ishkalad yemayman. Tishim tushgan. — Keyin yana o‘sha jiddiy ohangda qo‘shib qo‘ydi: — Bultur poshsha buvim menga tufli olib beruvdilar. Tug‘ilganimda. — Qizcha o‘ylanib qoldi. — Keyin-chi, Bahoga uch oyoqli velosiped, Baxtiga ko‘ylak...

Qo‘limdan konfet tushib ketdi.

IKKI AFSONA

Gazetachining ishi bir tomondan uloqchi otga, ikkinchi tomondan omoch tortadigan otga o‘xshaydi. Uloqchi otdek manzilga yuguradi-yu, yer haydaydigan otdek har kuni omoch tortadi...

Navbatchi edim. Xonada yolg‘iz ishlab o‘tirsam, farrosh kampir Vera xola kirdi.

— Shu stol siznikimi? — dedi negadir qovog‘ini solib.

— Shu.


— Chekasizmi?

— Chekaman.

— Nega kulni polga tashlaysiz? Kuldoningiz bo‘lmasa, ayting, uydan obkeb beray!

Mulzam bo‘ldim. Yo‘q, yo‘lakning devorida «Farrosh mehnatini hurmat qiling» degan yozuv ilib qo‘yilgani uchungina emas. Gap shundaki, farroshning ishi qanaqa bo‘lishini yaxshi bilaman, o‘zimning boshimdan o‘tgan.

Oyim farrosh edi. Shundoq hovlimizning yonida pioner lageri bo‘lardi. Oyim kun chiqmasdan turib yo‘lkalarni supurardi. Biz aka-ukalar suv sepamiz. Aslida suv sepish unchalik qiyin emas. Yo‘lka chetidagi ariqchaga tushib olasizu alyumin tog‘oracha bilan sepib tashlayverasiz. Keyin oyim bandiga uzun tayoq bog‘langan burgan supurgi bilan supurib ketaveradi. Ertalab suv muzdek bo‘lgani uchun oyog‘ingiz sovqotib «kesilib» ketadi. Ammo gap bunda ham emas. Hammasidan yomoni — tong otmasdan turish. O‘zi yarim kechagacha «ko‘cha sanqib» rosa holdan toyamiz. Endi shirin uxlab yotganda oyim sekin turtadi:

— Bo‘la qol, o‘g‘lim, hali-zamon kun yoyilib ketadi.

O‘zing tengi bolalar lager palatkalarida maza qilib uxlab yotganida sen suv sepib yo‘lka supurishing... Nima desam ekan... Sal alam qiladi kishiga. Shundanmi, vaqti-vaqti bilan «shaytonlik» qilaman. Goh boshim og‘rib qoladi, goh oyog‘im... Oyim negadir ko‘proq meni avaylaydi. O‘rnimga o‘zim bilan bir ko‘rpada tepishib yotadigan Abduvohid degan o‘rtog‘immi, akammi turib ketadi. Ba’zan dadamning jahli chiqadi. «Nima, buningni boshida shoxi bormi, ishlasin-da», deydi...

Katta akam institutga kirganida beshinchimi-oltinchimi sinfda o‘qir edim. Akam student bo‘lganidan keyin oyimning kasbi unga yoqmay qoldi. Oxiri ochig‘ini aytdi:

— Oyi, qo‘ying endi shu ishingizni...

Oyim o‘yga toldi.

— Nima, or qilyapsanmi? — dedi bir muddat xomush o‘tirgach. — Men o‘g‘irlik qilayotganim yo‘q-ku, bolam. Mehnatning aybi bormi?

Dadamdan ham, akalarimdan ham sado chiqmadi.

Nimagaligini bilmaymanu, o‘sha kuni negadir qaytadan go‘dak bolaga aylanib qolgandek bo‘ldim. Kichkintoylik paytimda onam bir yoniga ukamning beshigini qo‘yib, bir yonida meni olib yotardi.

Qish kechalari sandalga tiqilib yotarkanman, yalinaman:

— Oyi, cho‘pchak aytib bering.

— Uxla, bolam, charchaganman.

— Ayta qoli-i-ing.

— Xo‘p, ko‘zingni yumib yotgin-da, eshit... Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim-qadim zamonda...

Gap qayoqqa qarab ketayotganini darrov bilaman.

— Yana obkashmi?

— Yo‘q, oftob...

— Uniyam aytgansiz-ku

— Boshqasini bilmayman-da...

— Mayli, ayta qoling.

— Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda oftob bo‘lgan ekan.

— Shu o‘zimizning oftobmi?

— Ha, o‘zimizning oftob. Shunday qilib, oftob bor ekan. Lekin yer yuziga sira chiqqisi kelmas ekan. Har kuni ertalab Xudoga nola qilarkan. Yer yuzida iflos narsalar ko‘p, hech ko‘rgim kelmaydi der ekan. Tangri uni ovutarkan. Sen chiqavergin, yer yuzini iflos narsalardan tozalaydigan odamlar bor, der ekan. Shuning uchun kim yer yuzini tozalasa, o‘sha eng yaxshi odam bo‘larkan.

— Siz yaxshisiz-a? Doim ko‘chalarni suparasiz-ku.

Quloq sol, o‘g‘lim... Oftob har kuni yana Xudoga nola qilarkan. Yer yuzida yomon odamlar bor. Ularniyam ko‘rgim kelmaydi, der ekan. Tangri uni ovutarkan. Sen chiqavergin, qancha ko‘p nur sochsang, yer yuzida yomon odamlar shuncha kamayadi, der ekan.

— Oyi, akam yomon-a?

— Nega, jinnivoy?

— Hali yasagan qorbobomni tepib buzib tashladi-ku!

— Yo‘q, akang yaxshi... Yomonlar boshqacha bo‘ladi.

— Qanaqa bo‘ladi?

— Katta bo‘lganingda tushunasan. Bo‘ldi, endi uxla.

Yettinchi lampaning piligi pasaytirib qo‘yilgan, uy ichini tanchadan chiqqan ko‘mir hidi, lampamoy isi tutgan... Nimqorong‘i. Hech ham uyqum kelmaydi.

— Oyi,. obkashniyam ayting.

— Bo‘ldi, uxla...

— Ayta qo-li-i-ing.

— Mayli, eshit. Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir yigit bo‘lgan ekan. O‘zi yaxshi yigit ekan-u, bir kuni onasini xafa qilib qo‘yibdi.

— Nima qipti?

— Ishqilib, xafa qilib qo‘yibdi-da. Ertalab ko‘chaga chiqsa, qo‘shni kampir ikki bukilib obkashda suv olib ketayotganmish.

Yigit yugurib borib kampirning qo‘lidan obkashni olmoqchi bo‘libdi. Kampir bo‘lsa, rahmat o‘rniga yigitning yelkasiga obkash bilan rosa uribdi.

— Og‘ribdimi?

Oyim jim qoladi.

— Nima og‘riydi? — deydi anchadan keyin.

— O‘sha yigitning yelkasi-da.

— Og‘ribdi. — Oyim kuladi. Keyin xo‘rsinadi. — «Sen, — debdi kampir yigitga, — birovning ko‘nglini ovlashdan oldin o‘z onangning ko‘nglini og‘ritmaslikni o‘rgan».

— O‘sha bola keyin onasini xafa qilmabdimi?

— Yo‘q, hecham xafa qilmabdi. — Oyim uzoq jimib qoladi, keyin sekin davom etadi. — Ko‘rdingmi, odam eng avvalo o‘zining yaqinlarini yaxshi ko‘rishi kerak. Dunyoda yaxshi odamlar ko‘p. Judayam ko‘p. Ammo sen adangni, opangni, akalaringni yaxshi ko‘rmasang...

— Sizniyam, — deyman uning gapini bo‘lib.

— Meniyam... — deydi onam kulib. — Meniyam yaxshi ko‘rmasang, dunyoda hech kimni yaxshi ko‘rolmaydigan bo‘lib qolasan.

— Uyimizniyam, — deyman mahmadonalik qilib.

Oyimni jahli chiqmaydi.

— Uyimizniyam, — deydi ma’qullab. — O‘z uyimizni yaxshi ko‘rmasang, yuz qavatli uylarniyam yaxshi ko‘rolmaysan.

— Endi chakka o‘tmaydimi, oyi?

— Tomdanmi? Adang tuzatib tushdilar-ku. Endi o‘tmaydi.

Sukunat cho‘kadi. Xayol suraman. Yuz qavatli uy qanaqa bo‘lishini o‘ylaymanu sira ko‘z o‘ngimga keltirolmayman.

— Oyi, — deyman sekin. — Toshkentda yuz qavatli uy bormi?

— Yo‘q.


— Toshkent katta shaharmi?

— Juda katta shahar.

— Undan kattasi yo‘qmi?

— Bo‘lsa bordir. Sen o‘sha shaharlarni yaxshi ko‘rish uchun Toshkentni yaxshi ko‘rishing kerak. Toshkentni yaxshi ko‘rish uchun o‘zimizning Do‘mbrobodni yaxshi ko‘rgin, xo‘pmi?

— Xo‘p. Nega?

— Katta bo‘lganingda tushunasan. — Oyim peshonamni silaydi. Negadir xo‘rsinadi.

Butunlay uyqum o‘chib ketadi.

— Oyi, — deyman yana. — Daryo kattami, dengizmi?

— Dengiz.

— Daryo-chi?

— Uyam katta.

— O‘zimizning Qonqusdan ham kattami?

— Katta.

— Xo‘ja aytadiki, Chirchiqda daryo bormish...

Oyim kuladi.

— Endi uxla, bolam.

Uyqu qayoqda? Nuqul daryolarni o‘ylayman.

Yozda-chi, — deyman esimga tushib. — Vali Qonqusda oqib ketay degan. Akam olib chiqqan!

— Bari bir, — deydi oyim o‘ychan ohangda. — Qonqusniyam yaxshi ko‘rgin.

— Nega?


— Nega deganda, Qonqus o‘zimizning anhor. Undan o‘zimiz suv ichamiz.

— O‘shanaqa qilsam, boshqa daryolarniyam yaxshi ko‘rib qolaman-a?

Oyim tag‘in kuladi.

— Albatta.

— Kuchugimniyam yaxshi ko‘ray-a?

— Yaxshi ko‘rgin, o‘g‘lim.

— Oyi, Adham jinni-a?

— Nega?


— Kecha-chi, mushukni muz bilan urdi. Mushuk cho‘loq bo‘lib qoldi.

— Jonivorlarga ozor berib bo‘lmaydi, bolam. Bo‘ldi, endi uxlaymiz.

— Xo‘p... Katta bo‘lsam, ka-a-atta shaharlarga boramanmi?

— Borasan, o‘g‘lim, borasan. — Oyim sekin-sekin mudrab ketadi.

Nimqorong‘i shiftga tikilib yotgancha xayol suraman. Goh katta shaharlarga borib qolaman, goh daryolarda suzaman. Beshik g‘ichirlaydi. Ukam yig‘lay boshlaydi. Oyim darrov uyg‘onadi. Beshikni ohista tebratib, alla aytadi. Oyim ukamga alla aytadi-yu, ohangiga men uxlab qolaman...

Haqiqat havoga o‘xshaydi. Nafas olib turasizu o‘zini ko‘rmaysiz. O‘ylab qarasam, oyim go‘dakligimda qayta-qayta aytib bergan mana shu ikki afsona hayotdek oddiy, hayotdek chuqur haqiqat ekan.

GILAM PAYPOQ

Har yili dam olishga borganimda onamga gilam paypoq olib kelaman. Kavkaz tomonda ko‘p bo‘ladi. Juba deyishadi, jurabi deyishadi. Oyim xuddi noyob narsaga ega bo‘lgandek, uzundan-uzoq duo qiladi. Shundoq mehribon o‘g‘li borligini aytib qo‘shnilarga maqtanadi. Uning oyog‘i kasal. Salqin tushishi bilan shishib ketadi, og‘riydi.

Qo‘ni-qo‘shnilar ahvol so‘rasa, ularniyam, o‘ziniyam yupatadi.

— Ha, endi keksalik-da, o‘rgilay.

Lekin onamning oyoq og‘rig‘i faqat keksalikdan emas. Buni boshqalar bilmasa ham, men bilaman. Yaxshi bilaman.

Bolaligimda ko‘p kasal bo‘lardim: qizamiq, ko‘kyo‘tal, bezgak... Shuning uchun oshxonadagi mixda ko‘k qarg‘aning patidan tortib, gultojixo‘rozgacha ilig‘lik turardi... Ayniqsa, tomoq og‘rig‘i yomon qiynaydi. Oyog‘im zaxga tegishi bilan tomog‘im og‘rishga tushadi. Oyoq bilan tomoqning nima aloqasi borligini haliyam tushunolmayman.

O‘shanda necha yoshligim esimda yo‘q. Biroq juda kichkina edim. Bir kuni akalarim bilan yaxmalak o‘ynab terlab ketdim. Terlab turib muz yedim. Kechqurun isitma ko‘tarildi. Quv-quv yo‘talaman. Oyim tomog‘imni achchiqtosh bilan chayib ko‘rdi, bo‘lmadi, turshak qaynatib suvini ichirdi, bo‘lmadi... Oxiri tomog‘im xippa bo‘g‘ilib qoldi. Og‘riqni sezmaymanu nafas olishga qiynalaman. Hushimdan keta boshlaganimni es-es bilaman. Qulog‘im ostida onamning chirqillab yig‘lagani, hadeb bir gapni qaytarayotgani eshitiladi:

— Voy, endi nima qilaman! Voy, bolam o‘lib qoladi!

Keyin meni shosha-pisha ko‘rpachaga o‘radi. Bir mahal onamning qo‘lida ketayotganim esimda bor. Gupillatib qor yog‘ayotganini his etib turardimu, biroq yuzimga qor tushmas edi. Onamning issiq nafasi urilib turar, u sirg‘anib-sirg‘anib borar, og‘ir hansirar edi.

Xira chiroq miltirab turgan allaqanday uyga kirdik. Ko‘z o‘ngim yana qorong‘ilashib ketdi. Oyim hamon chirqillaydi.

— O‘lib qoladi! Bolaginam o‘lib qoladi!

— Vahima qilmang, poshsha, dardni bergan Xudo, davosiniyam beradi.

Bu Hoji buvining ovozi ekanini g‘ira-shira idrok etdim.

Hoji buvi boshimni tizzasiga qo‘yib chalqancha qilib yotqizdi. Doka o‘ralgan barmog‘ini og‘zimga tiqdi. Ko‘nglim ag‘darilib, tipirchilagancha yig‘lar, ammo Hoji buvining qo‘lidan chiqib ketolmasdim. U tomog‘imga nimadir qildi. Dod solib qo‘lini tishlab oldim. Qiziq, birpasdan keyin ahvolim yengillashdi. Ko‘zimni ochsam, Hoji buvi jilmayib turibdi.

— Nega tishlaysan, kuchukvoy? — dedi boshimni silab.

Keyin tepamga oyim engashdi. U hamon hansirar, sochlari to‘zg‘ib ketgan, yuzi jiqqa ho‘l edi.

Birpasdan keyin qaddimni rostlab, tanchaga oyog‘imni tiqib o‘tirdim. Hoji buvi allaqanday taxir suyuqlik ichirdi. Keyin oyimga qaradi-yu, birdan xitob qildi.

— Voy poshsha-a-a! Nima qilib qo‘ydingiz, tamom bo‘psiz-ku!

Oyim talmovsirab, goh menga, goh Hoji buviga qarar edi.

— Oyog‘ingizdan ayrilibsiz-ku! — dedi Hoji buvi boshini chayqab. — Shu ahvolda qandoq keldingiz?

Kavshandozda turgan oyimning kalishini endi ko‘rdim. Kalishning ichi qorga to‘la edi.

— Sarpoychan kelaverdingizmi?! — dedi Hoji buvi hamon o‘sha vahimali ohangda. — Endi nima qilasiz? Qarg‘aning miyasini chaqib surmasangiz, cho‘loq bo‘lib qolasiz.

Oyim tanchadan oyog‘ini chiqardi. Ikkala oyog‘i qip-qizil go‘sht bo‘lib ketgan edi.

— Sovuq yegani yo‘q, — dedi sekin. — Qaytaga isib ketdi. Qorda o‘zi isib ketarkan.

Hoji buvi uning oyog‘ini uqalab ko‘rdi.

— Sezyapsizmi?

— Nimani? — dedi oyim oyog‘iga emas, menga qarab.

— Qo‘limni sezyapsizmi?

Oyim indamay bosh chayqadi-da, piqillab yig‘lab yubordi.

... Ertasiga u yotib qoldi. Uzoq yotdi. Dadam bir joydan qarg‘a otib keldi. Hoji buvi qo‘lidan kelgancha dori-darmon qildi... Keyin oyim tuzaldi. Biroq salqin tushishi bilan oyoqlari shishib, azob beradigan bo‘lib qoldi...

Har yili dam olishga borganimda onamga gilam paypoq olib kelardim. U xuddi noyob narsaga ega bo‘lgandek, uzoq duo qiladi, birpasda hamma qo‘shnilarga ko‘z-ko‘z qilib chiqadi, shundoq «mehribon» o‘g‘li borligini aytib maqtanadi. Shunda qor gupillab yog‘ib turgan mudhish kecha, onamning qip-qizil go‘shtga aylanib ketgan oyoqlari ko‘z o‘ngimga kela-di-yu, indamay chiqib ketaman.

ENG OG‘IR GUNOH

Kuz kirganini qishloq bolasining qo‘lidan bilsa bo‘ladi. Yong‘oq hali «paqqa» bo‘lib ajralmasdan turib, daraxtga tarmashib ketamiz. Xom yong‘oqning po‘stini tozalash oson emas. G‘adir-g‘udir g‘isht topib, ishqalayverasiz, ishqalayverasiz. Oxiri sap-sariq yong‘oq ajralib chiqadi. Ammo qo‘lingiz ham xina qo‘ygandek sarg‘ayib ketadi. Loy bilan ming marta ishqalab yuvsangiz ham foydasi yo‘q. Pishmagan yong‘oqning bitta yaxshi tomoni bor: og‘ir bo‘ladi. Uchi bilan dum tomonini yaxshilab ishqalab yog‘lasangiz, zoldirdek sip-silliq soqqaga aylanadi. Ana undan keyin «soqqa quvar» o‘ynayverasiz. Soqqa qancha kichkina bo‘lsa, shuncha yaxshi. Manaman degan yong‘oqqa qars etib uriladi-yu, o‘ziga uncha-muncha yong‘oq tegmaydi. Tuproq orasiga yashirinib yotaveradi. O‘yin-ku o‘z yo‘liga. Yong‘oqning yana bitta fazilati bor: qorinni to‘q tutadi. To‘rttasini yeb olsangiz, yarim kun kekirib yurasiz.

... Endi o‘ylab qarasam, o‘sha — urush endi tugab, og‘irchilikning zahri ketmagan yillarda yaxshiyam meva-cheva bo‘lgan ekan. Odamlarning joniga shu ora kirgan ekan-da. Erta ko‘klamda sumalak, ketidan ismaloq, keyin qarabsizki, tut pishadi. Ermon buvaning tuti! Mayiz deysizmi, shinni deysizmi, hammasi tutdan bo‘ladi. Bundan keyin olma, uzum, kuzda yong‘oq. Ham ovqat, ham o‘yin.

Bir kuni Xo‘ja, Toy, Vali to‘rtovlashib rosa soqqa quvar o‘ynadik. Jimitdekkina soqqam bilan bir do‘ppi yong‘oqni yutib oldim. O‘yinga jo‘raboshimiz ham aralashgan edi, uyam bir cho‘ntak yong‘og‘idan ayrildi.

  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   15


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azrefs.org 2016
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə