Islohot deb ataladigan ko’p qirrali va o’ta murakkab jarayon ijtimoiy-siyosiy hayotimizning, shubhasiz, barcha jabhalarini qamrab oladi




Yüklə 0.49 Mb.
səhifə7/7
tarix22.04.2016
ölçüsü0.49 Mb.
1   2   3   4   5   6   7

R ye j a:

1. Nutq jarayonida me’yorning buzilishi va ularni tuzatish yo’llari.

2. Me’yorga amal qilish shu tilda so’zlashuvchilar uchun majburiy ekanligi.

3. O’zbek tilining hozirgi me’yoriy holati uning madaniylik mezoni.


Tayanch so’z va iboralar: Nutqiy kamchilik : og’zaki va yozma nutqdagi kamchiliklar. Og’zaki nutqda : noto’g’ri talaffuz, dialektizmlar, varvarizmlar, vulgarizmlar, kokofimizmlar, jargonizmlar. Yozma nutqda: orfografik, punktuasion me’yorlarning buzilishi.
O’zbek millatining uzoq asrlik tarixida keyingi o’n yillikda erishgan mustaqilligimiz alohida o’rin tutadi. Mustaqillik necha asrlar davomida yaratilgan boy ma’naviy-ma’rifiy merosimizni nafaqat o’rganish, balki uni davr talablari asosida qaytadan idrok etish va milliy manfaatimizga xizmat qildirish vazifasini oldimizga qo’ydi. Boy tajribalarimiz negizida milliy istiqlol mafkurasining yangicha tamoyillari yaratildi. Bizning pirovard maqsadimiz – ozod va obod Vatan, erkin va farovon hayot barpo etish ekan, ta’lim-tarbiya, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi faoliyatimizni ulkan bir vazifaga – xalqimiz ongiga milliy istiqlol g’oyasini singdirishimiz, ularda uzoq yillar davomida shakllangan va ulug’langan umuminsoniy va milliy qadriyatlarni qayta o’zlashtirishimiz, e’zozlashimiz hamda uning aqidalarini hayotda qo’llashga qaratishimiz lozim. Bu borada qiladigan ishlarimizni Prezidentimiz I.A.Karimov aniq-ravshan ko’rsatib berganlar: «Endigi vazifamiz shundan iboratki, milliy istiqlol g’oyasi tushunchalari asosida keng jamoatchilik, ziyolilarimiz, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, avvalo, ma’naviy-ma’rifiy soha xodimlari milliy mafkurani takomillashtirish hamda uning asosiy tamoyillarini odamlar ongiga va qalbiga singdirishga qaratilgan ishlarni yangi bosqichga ko’tarishlari zarur» (K a r i m o v I.A. So’z boshi. Milliy istiqlol g’oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar. – Toshkent : O’zbekiston, 2000, 8-bet).

Muhtaram Prezidentimiz belgilab bergan vazifalarni amalga oshirishdan tilshunoslar chetda tura oladimi ? Yo’q, albatta. Davr barcha ziyolilar qatori tilshunoslar oldiga ham yangi va ulkan vazifalarni qo’ydi. Bu vazifalarni lo’nda qilib, bir tomondan, tilshunoslikning nazariy masalalarini jahon andozalari darajasida tahlil qilish, ikkinchi tomondan, uning amaliy jihatlari, aniqrog’i, nutqiy madaniyat masalalari bilan shug’ullanish tarzida tushunish to’g’ri bo’ladi.

Darhaqiqat, tilning barcha qatlamlaridagi birliklarni tartibga keltirish, ya’ni adabiy tilimizning qat’iy me’yorlarini belgilash, ularni imlo va talaffuz qoidalari asosida yozish va so’zlashni xalqimiz orasida ommalashtirish, bu qoidalarni lug’atlar shaklida mustahkamlash bugunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi. Bular orasida xalqimizning nutq madaniyatini yuksaltirish muhim bo’lib qoladi. Chunki milliy istiqlol g’oyasi yurtdoshlarimizni ma’naviy yangilanish va islohotlar jarayonining faol ishtirokchisiga aylantirish, yoshlarimizni esa erkin, shu bilan birga, odatdagi, an’anaviy usullardan voz kechib, yangicha fikrlashga o’rgatishni maqsad qilib qo’yar ekan, bunga til madaniyatisiz erishib bo’lmaydi.

To’g’ri, nutq madaniyati muammosi insoniyat sivilizasiyasining barcha bosqichlarida o’rtaga qo’yib kelinganligi ham sir emas. U ta’limot sifatida qadimgi Rim va Afinada shakllangan bo’lsa ham, shunga qadar Misr va Assuriyada, Hindiston va Xitoyda mavjud bo’lganligi notiqlik san’ati tajribasidan ma’lum. Gap shundaki, u paytlarda davlat arboblarining obro’-e’tibori va yuqori lavozimlarga ko’tarilishi ularning notiqlik mahoratiga ham bog’liq bo’lgan. Grek notig’i Demosfen (eramizdan oldingi 384 - 322) va Rim notig’i Siseron (eramizgacha 106 - 43) larning hayoti bunga misol bo’la oladi.

O’rta Osiyo madaniyati tarixida ham nutq madaniyati bilan shug’ullanish o’ziga xos mavqyega egadir. Ulug’ turkolog olim Mahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» va Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig» asarlari bu masalaning juda qadimdan o’rtaga qo’yib kelinganligidan guvohlik beradi. U davrlarda shartli ravishda «Nutq odobi» deb yuritiladigan qoida va ko’rsatmalarda sodda va o’rinli gapirish, qisqa va mazmundor so’zlash, ezmalik, laqmalikni qoralash, keksalar, ustozlar oldida nutq odobini saqlash, to’g’ri, rost va dadil gapirish, yolg’onchilik, tilyog’malikni qoralash va boshqalar haqida gap borgan (Bu haqda yana qarang: B ye g m a t o v E. Nutq odobi. – O’qituvchilar gazetasi, 1969 yil 25 may).

Mahmud Koshg’ariyning «Devon»ida nutq odobi uchun ahamiyatli bo’lgan til ma’lumotlari bilan birgalikda nutq, nutq madaniyati, nutqiy go’zallikka oid qimmatli ma’lumotlar mavjud. Birgina misol:

Ko’p sukutga qush qo’nar,

Ko’rkluk kishiga so’z kelar,

ya’ni, shoxi ko’p, shoxlari o’ralib ketgan daraxtga qush qo’nadi, yaxshi kishiga so’z (maqtov) keladi. Yana: Ardam boshi til, ya’ni odob va fazilatning boshi tildir.

Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig» dostonida ham «Til fazilatlari, foyda va zararlari haqida», «Til ardami» deb nomlangan boblari bo’lib, ular so’zlash madaniyatiga bag’ishlangan. Ayrim namunalar keltiramiz.

So’zingni ko’dazgil boshing bormasun,

Tilingni ko’dazgil tishing sinmasun…

(So’zingga ehtiyot bo’l, boshing ketmasin,

Tilingga ehtiyot bo’l, tishing sinmasin…)

Esanlik tilasa saning bu o’zung,

Tilingda chiqarma yarog’siz so’zung.

(Sening o’zing esonlik tilasang,

Tilingdagi yarog’siz so’zingni chiqarma).

Bilib so’zlasa so’z biligka sonur,

Biligsiz so’zi o’z boshini yeyur.

(Bilib so’zlasa, so’z donolik sanaladi,

Nodonning so’zi o’z boshini yeydi).

Bu o’rinda biz ulug’ shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning nomini alohida ehtirom bilan tilga olamiz. O’z ijodi bilan so’z qudrati va notiqlik san’atini yuksak darajaga ko’targan alloma nutq madaniyati nazariyasi bilan ham jiddiy shug’ullangan. U «Mahbub-ul qulub» asarining 24-bobini voizlikka (notiqlik san’atiga) bag’ishlagan «Muhokamat-ul lug’atayn» va «Majolis-un nafois» asarlari esa bevosita tilshunoslikning nazariy muammolarini hal qilishga, turkiy (o’zbek) tilining boshqa tillar orasidagi o’rnini belgilab berishga hamda nutq madaniyatini o’rganishga qaratilgan edi.

«Xamsa» ning har bir dostonida Alisher Navoiy so’zga bo’lgan ehtiromini alohida qayd qiladi. Quyida dostonlarning nasriy bayonidan ayrim parchalarni keltiramiz. «Hayratul - abror»dan:

«So’z gavharining sharafi shunchalik yuksakki, gavhardek qimmatbaho narsa ham unga sadaf bo’la olmaydi.

So’z jon bo’lib, ruh uning qolipidir. Tanida ruhi bor odam unga ehtiyoj sezadi. So’z dunyoda bor barcha ko’ngillarning qutisidagi javhar, hammaning og’iz qutisidagi qimmatbaho gavhardir. Agar til bamisoli bir po’lat zanjir bo’lsa, so’z unga qadalgan injulardir. Til shu chamanning ochilgan lolasi bo’lsa, so’z durlari unga qo’ngan shabnamlardir. So’z o’lgan odamning tanasiga pok ruh bag’ishlaydi. So’zdan tandagi tirik ruh halok bo’lishi mumkin.

Yaxshi so’z bilan o’lganni tiriltirib olgani uchun Iso payg’ambar o’zini «Jonbaxsh» laqab bilan atagan. So’z tufayli Xalil o’zini o’tga tashlagan. Jabroil ham so’z yukiga hammol bo’lgan. Tangri insonni sirlar xazinasi darajasiga ko’targan ekan, uni so’zlash qobiliyatiga ega bo’lgani uchun hayvonlardan ortiq qilib yaratdi.

Agar, qo’l bilan berib xayr qilish iloji bo’lmasa, til bilan ham naf yetkazish mumkin. Odamni bir og’iz yaxshi so’z bilan xursand qilish kerak bo’lgan vaqtda unga xazina bersang ham, u qaramaydi. So’z bilan el o’limdan najot topadi, so’z bilan o’lik tan qayta tiriladi. So’z bilan dinsizlar musulmon bo’ladi, so’z bilan hayvon deganing insonga aylanishi mumkin. Bir so’z bilan qancha balolar daf bo’ladi, qancha boylik sochsang ham bunday naf’ga yetishmaydi. Insonga xos konning gavhari, bu – so’zdir, odamzod gulshanining mevasi ham shu so’zdir» (A l i sh ye r N a v o i y. Hayratul-abror. – Toshkent, 1989, 222-223, 303-betlar).

«Sab’ai sayyor» dan: «Har bir inson dunyoga kelgach, u so’z bilan najot topadi. Eng avval so’zni tavhid so’zi (xudoga yetishuv) deb bil, chunki vahdat ahlida (birlik ahlida) bunga ikkilanish yo’qdir. Avvalu oxiringga nazar solib, boshi ham, oxiri ham so’z ekanligini anglab ol !

Haq insonni hayvondan mumtoz aylab (ajratib, saralab), uni o’ziga mahram qildi.

Agar kamolotli xohish bildirib, ma’no durriga intilib, so’z libosini kiysa, ul tovlanib turgan ipak matoday tuyuladi. Chunki u so’zning nozik ipagidan kiyib, go’zalning jamolini o’ziga yoqimli qiladi.

Bularning barchasi so’zdagi mo’’jiza, uning hikmatlari esa elni ojiz qoldiradi. Uning biri o’likka so’zi bilan jon berib, so’z bilan jonga ruh kirgizadi.

Olloh, olloh qanday so’zdur bu so’z, bundan ortiq ham yana bo’lurmu so’z! So’z jism bo’stonidagi daraxtdir, so’z daraxtlardagi mevadir. Insonning jismi gulshan bo’lsa, nutq undagi xushovoz bulbuldir. Agar so’z bo’lmaganda baxtsizlik yuz bergan bo’lur edi.

Ma’noli so’z noziklikda jon rishtasiday, uning rohati rishtaga sarrishta jondaydir» (A l i sh ye r N a v o i y. Sab’ai sayyor. – Toshkent, 1991, 363-365-betlar).

Alisher Navoiyning til madaniyatiga oid fikrlari uning boshqa asarlarida ham aytilgan. Ularning ayrimlarinigina keltirish bilan chegaralanamiz: Tilga ixtiyorsiz, elga e’tiborsiz. So’zni ko’ngilda pishqarmaguncha tilga keltirma, va har nekim, ko’ngilda bor tilga surma. Ma’dani inson gavhari so’z durur, gulshani odam samari so’z durur. Ko’p demak so’zga mag’rurlik Va ko’p yemak nafsga ma’murlik. Til muncha sharaf bila nutqning olatidur va ham nutqdurki, gar nopisand zahir bo’lsa, tilning ofatidur (A l i sh ye r N a v o i y. Hikmatli so’zlar. – Toshkent, 1985, 58-73-betlar).

Yana bir allomaning nutq madaniyati va nutqiy me’yor, nutq qoidalariga oid qarashlariga qisqacha to’xtalamiz. Bu XV – XVI asr ma’naviyatining yirik vakili Mavlono Husayn Voiz Koshifiydir. Uning «Futuvvatnomai sultoniy» asarining «Tariqat ahlining odobi» deb nomlangan beshinchi bobida inson ma’naviyati va madaniyatiga oid qarashlari e’tiborga molikdir. Olim bu bobda insonning yetti a’zosi – ko’z, quloq, til, qorin, og’iz, qo’l va farj (tanosil a’zosi) ni saqlash odobi haqida mulohaza yuritar ekan, ularni inson organizmi deb emas, balki ma’naviyati va axloqi namoyon bo’luvchi ramziy belgilar sifatida talqin qiladi.

Jumladan, uning muomala madaniyati va muloqot odobi haqidagi qarashlari ana shu umuminsoniy fazilatlarning tarkibiy qismi sifatida qaraladi. Koshifiy quyidagilarni yozadi: «Tilning odobi qaysi deb so’rasalar, bu olti narsaga tilni ochish va sakkiz narsadan tilni saqlash deb aytgil. Tilni ochish kerak bo’lgan narsalar qaysi deb so’rasalar, aytgil: hojat zarurati yuzasidan ko’ngillarda yashirin bo’lgan rozni izhor etish, mazlumlar faryodiga javob berish va marhumlar imdodi uchun so’z aytish. Chunki bu so’zlar orqali zolimning zulmi mazlumlar boshidan ko’tarilishi mumkin.

Tilni saqlash lozim bo’lgan narsalar qaysi deb so’rasalar, aytgil: birinchidan, yolg’on gapirishdan, zero yolg’onchi xudoning dushmanidir. Ikkinchi, va’daga xilof gapirish va munofiqona so’z aytishdan. Uchinchi, g’iybat va bo’hton gaplardan, chunki bo’hton fosihlar ishidir. To’rtinchi, behuda bahsu munoqashadan, ayb qilishdan va gap tashishdan. Bular shayton vasvasasiga kiradi. Beshinchi, o’zini maqtash va ta’riflashdanki, bu xudbinlikka olib keladi. Oltinchi, navkar va xizmatkorlarni la’natlashdan. Yettinchi, qarg’ashdan, duoi bad qilishdan, chunki bu jonu dilning ofatidir. Sakkizinchi, mazax-masxara qilish va hazil-huzuldan» (H u s a y n V o i z K o sh i f i y. Futuvatnomai sultoniy // Sharq yulduzi, 1993, № 3-4, 165-bet).

Olim shu bobning «Suhbat odobi haqida» deb nomlangan oltinchi faslida til odobi haqidagi mulohazalarini davom ettirib, quyidagilarni bayon qiladi: «Bilgilki, odamzodning sharafi nutq bilan va nutq odobiga rioya qilmagan odam bu sharafdan bebahradir. So’z hamma vaqt savob uchun ishlatilishi, to’g’ri va haqqoniy bo’lishi kerak. Agar shunday bo’lmasa, jim turgan ma’qul. Shayxlar va boshqa martabaga erishganlar uchun ham, hali martabaga erishmagan kishilar, muridlar uchun ham rioya qilinishi zarur bo’lgan bir qancha suhbat odobi mavjud. Agar martabaga erishganlar suhbatda qaysi qoidalarga amal qilishi kerak deb so’rasalar, aytgilki, quyidagi sakkiz qoidani saqlash kerak: birinchidan, har kimning ahvoliga qarab, munosib so’z aytsin. Ikkinchidan, dag’allik qilmasdan, lutf va muloyimlik bilan gapirsin. Uchinchidan, gapirayotganda tabassum qilib, ochilib gapirsin. To’rtinchidan, ovozini baland ko’tarmasin, eshituvchilarga malol keltirmaydigan qilib gapirsin. Beshinchidan, odamlarga naf’i tegadigan ma’noli gaplarni gapirsin. Oltinchidan, agar so’zning qimmati – qadri bo’lmasa, uni tilga olmasin, chunki ulug’larning so’zi bamisoli urug’dir, agar urug’ puch yoki chirigan bo’lsa, uni qay yerga ekmang, unib chiqmaydi.

Agar martabaga yetmaganlarning suhbat odobi nechta deb so’rasalar, bu ham sakkizta deb aytgil. Birinchidan, so’ramaguncha gapirmasin. Ikkinchidan, gapirayotganda ovozini baland ko’tarmasin. Uchinchidan, gapirayotganda o’ngu- so’liga qaramasin. To’rtinchidan, g’arazli va kinoyali gaplarni gapirmasin. Beshinchidan, qattiq gapirmasin va betga choparlik qilmasin. Oltinchidan, pushaymon bo’lmaslik uchun o’ylab gapirsin. Yettinchidan, odamlar gapini bo’lib so’z qotmasin. Sakkizinchidan, ko’p gapirmasin. Chunki ko’p gapirish aqli noqislik belgisidir. Oz bo’lsa ham soz gapirishni shior etsin.

Agar qaysi til bilan so’z so’zlaysan deb so’rasalar, sidqu-sadoqat tili bilan deb aytgil. Agar so’zni qaysi quloq bilan eshitasan deb so’rasalar, qabul qulog’i bilan deb aytgil.

Agar so’z senikimi yoki sen so’znikimi deb so’rasalar, aytgil: men so’zniki va so’z menikidir, chunki so’z insonlik daraxtining mevasidir,. Daraxtni mevadan, mevani esa daraxtdan ajratib bo’lmaydi» (H u s a y n V o i z K o sh i f i y. Yuqoridagi manba, 168 – bet).

Voiz Koshifiy mana shu tarzda asarning oltinchi bobining ikkinchi faslida ma’raka tuzuvchi so’z ahli, ya’ni notiqlar haqida ma’lumot berib, ularni uch toifaga ajratadi: «birinchi toifa – maddohlar, g’azalxonlar va saqqolar (meshkobchilar). Ikkinchi toifa – xossago’ylar (dorifurushlar) va bisotandozlar (ko’rgazmachilar). Uchinchi toifa – qissa so’ylaguvchilar va afsona aytuvchilar.

Ularning har birining fazilatlari haqida so’z yuritib, adab shakllarini birma-bir ko’rsatib, nutq so’zlaganlarida me’yorni saqlash lozimligini bir necha bor takrorlaydi (H u s a y n V o i z K o sh i f i y. Yuqoridagi manba, 176 –179 - bet).

O’rta Osiyo notiqligining o’ziga xos xususiyati uning xalq ommasi hayotining turli jabhalarini qamrab olganligida edi. O’sha davr nutqiy san’at ustalarining nadimlar, qissago’ylar, masalgo’ylar, badihago’ylar, qiroatxonlar, muammogo’ylar, voizlar, go’yandalar, maddohlar, qasidaxonlar deb yuritilganliklari ham shundan dalolat beradi.

Afsuski, o’zbek nutqi madaniyatining shakllanishi, notiqlik san’ati tarixi o’zbek tilshunosligida maxsus tadqiqot obyekti bo’lgan emas. Bu ishning amalga oshirilishi esa boy madaniy tariximiz yangi qirralarining ochilishiga, o’ziga xos milliy ma’naviyatimiz doirasidagi til madaniyatimizning qorong’u jihatlarini oydinlashtirishga xizmat qilishi shubhasizdir.

Harqalay, bugunga kelib nutq madaniyatiga bo’lgan talab tubdan o’zgardi. Chunki mustaqil O’zbekiston kelajakda o’ziga xos va o’ziga mos taraqqiyot yo’lini tanlab oldi. Bu yo’lda adashmay borish uchun milliy istiqlol g’oyasini ishlab chiqdi. Ana shu milliy istiqlol g’oyasini xalqimiz qalbi va ongiga singdirishda nutqiy ta’sirchanlik ham alohida mavqyega ega, albatta. «O’rnida ishlatilgan so’zlar, yorqin va dildan bayon etilgan nutq, bama’ni fikr har doim odamlarning xulq-atvoriga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Muloqot jarayonida fikrga, sog’lom g’oyaga ega bo’lish masalaning bir jihati. Uning boshqa bir muhim jihati ana shu fikrlarni bayon eta olish qobiliyatidir» (Milliy istiqlol g’oyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar. Oliy ta’lim muassasalari uchun qo’llanma. – Toshkent : Yangi asr avlodi, 2001, 191-bet).

Xo’sh, nutq madaniyati nima? Uni yetarli darajada egallash uchun qanday vazifalarni amalga oshirish lozim va bunda adabiy til me’yorlarining o’rni qanday bo’ladi? Bu savolga javoblarni, avvalo taniqli tilshunos olimlarning asarlaridan topamiz. S.I.Ojegov shunday degan edi : « Yuqori nutq madaniyati nima? Yuqori nutq madaniyati - bu o’z fikrlarini til vositalari bilan to’g’ri, aniq va ta’sirchan qilib bera olishdir. To’g’ri nutq deb esa hozirgi adabiy til me’yorlarga rioya qilib tuzilgan nutqqa aytiladi. Ammo yuqori nutq madaniyati faqatgina me’yorga rioya qilishidan iborat emas. U yana fikrni ifodalashning aniq vositasini topishdangina iborat bo’lib qolmasdan, birmuncha ta’sirchan va maqsadga muvofiq vositalarni topish uquvini ham o’z ichiga oladi» (O j ye g o v S.I. Leksikologiya. Leksikografiya. Kultura rechi. – M., 1974, s.287-288).

L.I. Skvorsov : «Nutq madaniyati» tushunchasi bir tomondan nutqning adabiy til me’yorlariga mos kelish darajasini bildirsa, ikkinchi tomondan tilshunoslik fanining madaniyat quroli bo’lgan adabiy tilni mukammallashtirish maqsadida me’yorlashtirish muammolari bilan shug’ullanuvchi sohadir» (Osnovы kulturы rechi. Xrestomatiya. – M.: Vыsshaya shkola, 1984, s.29).

Ma’lum bo’ladiki, nutq madaniyati, agar masalaga lingvistik nuqtai nazardan qaraladigan bo’lsa, bu dastlab nutqning grammatik to’g’riligi demakdir. Ikkinchidan esa, u uslubiy jihatdan ham to’g’ri bo’lishi kerak, ya’ni yaxshi nutqda noaniqlikka, ikki ma’nolilikka, uzundan uzoqlikka yo’l qo’yilmasligi, qisqalik, aniqlik va soddalik uning o’lchovi bo’lishi lozim. Keng ma’noda esa nutq madaniyati nutqiy ta’sirchanlikni, ijodiy yorqinlikni, o’tkirlik va obrazlilikni ifoda etadi.

Yuqorida ta’kidlab o’tganimizdek, nutq madaniyati muammolari bilan olimlar hamma zamonlarda ham shug’ullanib kelishgan. Bu sohada Praga lingvistik to’garagi, rus tilshunosligi katta yutuqlarga erishganligini ta’kidlab o’tish lozim. Keyingi 40-50 yil ichida bu sohada o’zbek tilshunosligida ham ma’lum ishlar amalga oshirildi va bu ishlar davom ettirilmoqda.

O’zbek tilshunosligi erishgan yutuqlardan biri shu bo’ldiki, nutq madaniyati alohida o’rganish obyekti qilib olindi va u alohida fan sifatida nazariy asosga qo’yildi, ilmiy o’rganish metodlari ishlab chiqildi, u bilan aloqador tushunchalarning chegaralari belgilandi. Bu borada O’zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida tashkil etilgan Nutq madaniyati sektorining, ayniqsa bir necha yillar shu sektorning bo’lim boshlig’i bo’lib ishlagan E.A. Begmatovning xizmatlari katta bo’ldi. Olimning qalamiga mansub «Nutq madaniyati problemasining paydo bo’lishi va asoslanishi» (1973), «Tilshunoslikning muhim sohasi» (1973), «Nutq madaniyati tushunchasi haqida» (1975), «Nutq madaniyati mezonlari» (1976), «O’zbek nutqi madaniyati masalalari» (1980), «Notiqning nodir boyligi» (1980), «Adabiy norma va nutq madaniyati» , «O’zbek nutq madaniyati ocherklari» (1989), «O’zbek nutqi madaniyati asoslari» (1991), «Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari» (1992), «Adabiy norma nazariyasi» (1997, 1998, 1999) singari asarlarida (Ularning ayrimlari hammualliflikda yozilgan. Bu haqda qarang: Q o’ n g’ u r o v R., K a r i m o v S. O’zbek tili stilistikasi va nutq madaniyati. Bibliografik ko’rsatkich. – Samarqand, 1984; K a r i - m o v S., J o’ r a ye v T. O’zbek tili uslubiyati va nutq madaniyati. Bibliografik ko’rsatkich. – Samarqand, 2001) nutq madaniyatiga oid ko’plab ilmiy-nazariy fikrlar bayon etilgan.

Nutq madaniyatini yuksaltirishning oldida turgan muammolarni aniq ko’ra bilgan olim bundan 30 yil muqaddam quyidagilarni yozgan edi: «Bizning fikrimizcha, nutq madaniyati sohasi o’z o’rni va fandagi mavqyeini to’la egallashi uchun u nazariy jihatdan asoslangan bo’lishi lozim. Birinchidan, bu tushunchaning til hodisasi va ilmiy problema sifatida tarixi yoritilmog’i kerak. Ikkinchidan, nutq madaniyati sohasini o’rganuvchi asosiy obyekt bo’lgan til hodisasi aniqlanishi kerak. Uchinchidan, nutq madaniyatining ilmiy-tadqiqiy obyekti bilan bog’liq problemalar belgilanishi lozim. To’rtinchidan esa, nutq madaniyatini o’rganish aspektlari (lingvistik va ekstralingvistik) chegaralanishi zarur» (B ye g m a t o v E. Nutq madaniyati problemasining paydo bo’lishi va asoslanishi // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to’plami. – Toshkent, 1973, 156-bet).

XXI asrning boshlariga kelib bu masalalarning ko’plari hal bo’ldi. Bu borada yana E.Begmatovning xizmatlari katta ekanligini ta’kidlashimiz zarur. Birgina «til madaniyati» va «nutq madaniyati» tushunchalarini chegaralash masalalarini olib qaraylik. Olimning fikrlarini keltiramiz: «…nutq madaniyati tushunchasi bu, avval to’g’ri, shu bilan birga, yaxshi so’zlash, ya’ni madaniy nutqiy prosess demakdir. Ammo madaniy gapirish uchun nutqda xizmat qiluvchi madaniy vositalar, ya’ni aniqrog’i madaniy til vositalari lozim bo’ladi. Shunga ko’ra aytish mumkinki, madaniy nutq ikki faktor asosidagina yuzaga chiqa oladi: a) madaniy til (adabiy til) vositalarining mavjudligi, ushbu madaniy til vositalaridan gapirganda yoki yozganda maqsadga muvofiq ravishda foydalana olish.

Keltirilgan ikki omil asosida nutq madaniyati hodisasi ham, bizningcha, ikki xil talqin qilinishi va nomlanishi lozim bo’ladi.

Til madaniyati. 2. Nutq madaniyati yoki so’zlashuv madaniyati.

Nutq madaniyati tushunchasini til madaniyati va so’zlash madaniyati tushunchasiga ajratish tilshunoslikda izchillikka ega emas. Umuman, bu ikki tushuncha, asosan, birga yoki qorishtirilgan holda nutq madaniyati yoki til madaniyati termini bilan yuritilmoqda. Demak, bu holda til madaniyati termini nutq madaniyati terminiga ekvivalent bo’lib kelmoqda. Shu sababli ham, biz nutq madaniyati nomi bilan umumiy tarzda yuritilayotgan tushuncha (hodisa)dagi ikki holatni til madaniyati va nutq, ya’ni so’zlash madaniyatini farqlash tarafdorimiz. Nutq madaniyati tushunchasi va termini keltirilgan ikki hodisa uchun umumiy tasavvur va umumiy nom tarzida tushunilishi mumkin. Xo’sh, til madaniyati tushunchasi nima ?

Til madaniyati tushunchasi nutq madaniyati sohasida til sistemasining o’zini, masalan, o’zbek adabiy tilining vosita va imkoniyatlarini, «madaniylashtirishni» ko’zda tutadi. Demak, til madaniyati termini bilan ataluvchi tushuncha til sistemasining madaniylik darajasini, ya’ni uning qanchalik ishlanganligi, normalanganligini ko’rsatadi» (B ye g m a t o v E. «Nutq madaniyati» tushunchasi haqida // O’zbek tili va adabiyoti, 1975, № 5, 50-58-betlar).

Ko’rinadiki, garchi «til madaniyati» va «nutq madaniyati» tushunchalari tilga oid atama sifatida bir-birlaridan farqlansa ham, aslida ularning birini ikkinchisidan ajratib bo’lmaydigan, biri ikkinchisini taqozo qiladigan tushunchalardir. «Nutq madaniyati» aniq ma’noda til birliklarini nutq jarayonida qo’llashning me’yori, maqsadga muvofiqligini anglatsa ham, umumiy ma’noda ma’lum millatning umumtil doirasida qaraladi. To’g’ri, nutq til va tildan tashqaridagi (lingvistik va ekstralingvistik) omillarni o’z ichiga oladigan murakkab jarayon bo’lib, u mantiq, ruhshunoslik, pedagogika, etika, estetika masalalari bilan ham bog’liq. Ammo nutq uchun tilning birinchi darajada turishini hyech kim inkor eta olmaydi.

Ma’lum bo’ladiki, til birliklarini me’yorlashtirish, hamma uchun umumiy va tushunarli bo’lgan bir qolipga keltirish umuman tilshunoslikning vazifasi sanalsa ham, u nutq madaniyati sohasining xizmatlarini inkor etmaydi. Binobarin, me’yor muammolari hamisha ushbu sohaning tadqiqot obyekti bo’lib qolaveradi. Nutq madaniyati tilda ma’lum me’yorda keltirilgan til birliklarining nutqda qo’llanish shart- sharoitlarini, qonuniyatlarini nazariy jihatdan asoslaydi hamda bu me’yorga amal qilishni ma’lum ma’noda nazorat ham qilib boradi. Nutqdagi yutuq va kamchiliklar tahlil qilinib, kamchiliklarni tugatishning eng ma’qul yo’llari ko’rsatib turiladi. «Nutq madaniyati keng miqyosidagi til tarbiyasini va ommaviy stilistik savodlilikni, boshqacha aytganda, so’zlovchi va yozuvchi omma orasida til haqidagi fanning hozirgi zamon yutuqlarini tadbiq etishni o’z oldiga vazifa qilib qo’yadi» (Osnovы kulturы rechi: Xrestomatiya, s.39).

Til elementlarining me’yorlashishidek uzluksiz jarayonda eskilik bilan yangilik o’rtasida kurash hamisha davom etadi. Tilda yashab turgan so’z va iboralar ularning o’rniga kelayotgan yangilariga osonlikcha o’rnini bo’shatib bermaydi. Ma’lum muddat ular teng darajada, parallel yashab turishi va vaqtlar o’tishi bilangina o’rnini bo’shatib berishi mumkin.

Ba’zan buning aksi ham kuzatiladi. Bunday birliklar orasida til tizimiga to’g’ri kelmaydigan, tasodifiylari uchrab qolishi, omma o’rtasida me’yorlashmasdan, adabiy til doirasining tashqarisida qolib ketishi ham mumkin.

Shu tariqa amaldagi me’yor va yangilik o’rtasida doimiy kurash davom etadi. «Biz yangi me’yorlarning grammatika va lug’atlarda qoidalashtirilishi (kodifikasiya) va joylashish vaqtini qayd qilishimiz mumkin, - deb yozadi V. A. Iskovich. - Ammo eski me’yorni yangisining siqib chiqarishi uzoq va ko’p bosqichli jarayondir. Yangi birlik adabiy qo’llanishning tashqarisida - jonli so’zlashuvda, kasb-hunarga oid va kundalik maishiy nutqda paydo bo’lib, faqat asta-sekinlik bilangina adabiy tildan o’rin oladi» (I s k o v i ch V.A. Yazыkovaya norma. - M., 1968. 47- 48- betlar).

Xuddi mana shu eskilik bilan yangilik o’rtasidagi kurash va bu kurashda tildagi me’yoriy ko’rinishlarning tanlana borishi jarayonida adabiy til shakllanib boradi. O’zbek milliy adabiy tili garchi umumxalq tilidan o’sib chiqqan bo’lsa ham, unda mavjud bo’lgan dialektlar va shevalardan, jargonlardan, oddiy so’zlashuv tilidan, umuman xalq tilidan ba’zi jihatlari bilan farq qiladi. Chunki umumxalq tili o’zbek tilida uchraydigan barcha elementlarni o’z ichiga oladi va ishlanmagan shaklda bo’ladi. Adabiy til esa undan o’zbek millati uchun tushunarli bo’lgan va foydalanishda qulay deb topilgan variantlarini tanlab oladi hamda ularni millat vakillari uchun me’yor sifatida tavsiya etadi.

Garchi umumxalq tilining hamma ko’rinishlarida, barcha til jamoalarida o’ziga xos tarzda amal qiladigan me’yorlar mavjud bo’lsa ham kodifikasiyalashtirilgan, ya’ni ma’lum qoidalarga kiritilgan me’yorlar faqat adabiy tilga xos xususiyatdir. «Faqat adabiy tildagina, - deydi V.A. Iskovich, - qanday gapirish va qanday gapirmaslik; me’yoriy grammatikalarda, lug’atlarda, ma’lumotnomalarda qayd etilgan; maktablarda o’rganiladigan qoida va ko’rsatmalar amal qiladi» (I s k o v i ch V.A. Yuqoridagi asar, 8-bet). Shuning uchun ham adabiy tilning umumxalq tilidan farq qiluvchi tomoni unda yagona me’yorning qat’iy amal qilishi hisoblanadi.

Tilning haqiqiy ijodkori, yaratuvchisi xalq hisoblansa ham, uning taraqqiyotida olimlarimizning, shoir va yozuvchilarimizning, davlat va jamoat arboblarining, pedagoglar va matbuot xodimlarining, kino, teatr san’ati ustalari va nashriyot xodimlarining hamda jurnalistlarning xizmatlarini qayd qilish lozim. Ayniqsa mustaqillik davrida tilshunos olimlarimiz, shoir-yozuvchilarimiz va jurnalistlarimizning xizmatlari katta bo’ldi. Ularning samarali mehnatlari tufayli tilshunoslikning ko’pgina yo’nalishlari bo’yicha qat’iy me’yorlar belgilandi, ona tilimiz rivojiga oid yangi qoidalar va qarorlar inobatga olingan holda til birliklarining yozuv va muomala jarayonidagi namunaviy variantlari tavsiya etildi, til tizimidagi ko’pgina munozarali masalalar o’zining nazariy asosiga qo’yildi.

Ammo adabiy til muntazam taraqqiyot va takomillashuv jarayonini boshidan kechirar ekan, bu jarayonni faqatgina so’z ustalarining xizmatlariga bog’lab qo’yish ham to’g’ri bo’lmaydi. Shu o’rinda A.I. Yefimovning «Agar adabiy til tarixan taraqqiy etgan o’zaro hamkorlikda bo’lgan va bo’lib kelayotgan uslublarning murakkab tizimi hisoblanar ekan, unda alohida bir kishining rolini ular orasidagi ma’lum bir uslubning ishlanuvi doirasida e’tirof etish mumkin» (Ye f i m o v A.I. Istoriya russkogo literaturnogo yazыka. Kurs leksiy. - M.: izd. Moskovskogo universiteta, 1954, s.7), degan fikrini esga olishimiz lozim. Olimning ta’kidlashicha, adabiy qayta ishlash (binobarin, me’yorlashtirish - S.K.) umumxalq tilining juda katta zahirasidan nisbatan yorqin, hayotiy va tipik nutqiy vositalarni tanlab olish va ijodiy boyitishdan iboratdir.

So’z ustalari, ijodkorlar adabiy tilning boyishiga, undagi ifoda imkoniyatlarining kengayishiga xizmat qilsa, tanlangan ushbu til boyliklarining adabiy nutqda mustahkamlanishida jamiyatdagi yana bir katta kuch- ziyolilar, ayniqsa, o’qituvchilar yordamga keladi. «Aynan shu maktab, - deydi T. A. Degtereva, - so’z ustalari tomonidan ko’proq umumiy, kamroq individual nutqiy vositalarni tilda mustahkamlaydi, ularni adabiy nutq me’yorlariga aylantiradi, avloddan avlodga o’tishini ta’minlaydi. Bironta yozuvchi, bironta siyosiy va ilmiy asarlar muallifi, bironta notiqlik san’atining dahosi u yoki bu ma’noda nutqiy madaniyat tayyorgarligining maktab bosqichini chetlab o’tgan emas»

(D ye g t ye r ye v a T.A. Stanovleniye norm literaturnogo yazыka. - M., 1963, s. 170).

Til birliklarining adabiy shaklda me’yorlashuvida shoir va yozuvchilar ijodi namunalari ko’rinishidagi badiiy adabiyotning o’rni ham alohida. Ayni paytda, badiiy adabiyot tilidagi me’yorni belgilashning o’zi murakkab vazifa ekanligini ta’kidlash lozim. Chunki badiiy matnda ijodkor niyati, o’y-xayoliga bog’liq ravishda adabiy me’yor doirasidan tashqarida bo’lgan til shakllari ishlatilishi ham mumkin. Ammo gap shundaki, bu me’yordan tashqarida bo’lgan holatlar badiiy-estetik jihatdan o’zini oqlaydigan, kitobxon tomonidan tushunarli va qabul qilinadigan bo’lishi lozim.

Badiiy ijod jarayonida shoir va yozuvchilar o’z fikr va hissiyotlarini boshqa ijodkorlardan farq qiladigan, favqulodda original ifodalarda berishga intiladilar. Bu yo’lda ular yangi so’z va iboralar yaratadilar. Yaratilagan birliklar o’sha matnning o’zida qolib ketaverishi, ommalashmasligi, adabiy tildan o’rin olmasligi, bir so’z bilan aytganda, tilda me’yorlashmasligi mumkin. Ularning me’yorlashishini sharoit, vaqt va ommaning qabul qilishi kabi omillar belgilaydi.

Ammo bir narsa ravshanki, bu birliklar o’zi qo’llangan matnda badiiyat uchun, obrazli tasvir va ifoda uchun xizmat qiladi. Shunday ekan ularni bir uslub doirasida me’yoriy deb hisoblashga asosimiz bo’ladi. Adabiy asarlardan namunalar keltiramiz: Shovillaydi tun bo’yi shamol. Qaldirg’ochlar uchun l a r z a k o r (A.Oripov. Shovilladi tun.), Lekin faqirga eng ulug’ tuyulgan fazilatlari - Hazrat Mirning i s t ye ‘ d o d sh u n o s l i k l a r i - yu, z a k o v a t p a r v a r l i k l a r i edi (P.Qodirov. Yulduzli tunlar), Ammo samo o’g’li ya sh i n v o r, Tashlanmasdan ohuga yovqur, Changalidan ketgandi mador, Ko’zlarida so’ngan edi nur (O. Matjon. Aks-sado) kabi.

Lekin badiiy adabiyot matnida ba’zan boshqa manzaraga ham duch kelib qolamiz. Ollayor Begaliyev «Yo’qolgan tabassum» hajviy hikoyasida (Sharq yulduzi, 1988,7) qo’llagan ayrim so’z va iboralarni til me’yori va mantiq me’yori nuqtai nazaridan qanday tushunish lozimligiga o’quvchi qiynaladi. Jumladan hikoyada shunday ibora va jumlalar bor : tabassumni tashlab kirmoq; tabassumini katta-kichik, qalin va yupqa, bo’yalgan va tabiiy, samimiy va g’arazli tabassumlar tartibsiz qalashib yotgan kotibaning stoli ustiga tashlab ketmoq; tabassumlarini qabulxonada qoldirmoq; tabassumidan ayrilmoq; mo’jaz tabassum; tabassumini yechib-kiyib yurmoq; tabassumi bilan kirmoq; tabassumidan ayrilmay o’tirmoq; tabassumini uyiga tashlab kelmoq; tabassumini supurib, o’raga tashlab kelmoq; tabassumlarini o’z joyiga qo’ndirmoq; o’z tabassumini olish uchun kotibaning stoliga engashmoq; tepkilangan tabassumini bukilib olmoq; tabassumining changini qoqmoq; tabassumini joyiga o’rnatmoq; elliginchi razmer tabassum; yangi tabassum; barkashdek yuzidagi qovunning tilimini eslatuvchi tabassum; baxtsiz tabassum; kichkina tabassumni kattalashtirmoq; o’z tabassumiga tikilmoq; tabassumli kulishni o’rganmoq kabilar.

Bu iboralar va jumlalardan tabassumning nima ekanligini bila olmay qolasan kishi. Hikoyani kulgili chiqarish maqsadida tasvirni bu qadar bachkanalashtirib yuborgan qalamkashning badiiyatdan xabari bor-yo’qligi haqida o’quvchida shubha tug’iladi.

L.V.Shcherba me’yordan chekinmagan yozuvchining bo’lmasligi, chekinilmasa asarning zerikarli bo’lishi mumkinligi haqida yozib, «Insonda me’yorni his qilish xususiyati tarbiyalangan bo’lsa, u yaxshi yozuvchilardagi asosli chekinishlarni butun go’zalligi bilan his qila boshlaydi», deb ta’kidlagan edi (Щ ye r b a L.V. Spornыye voprosы russkoy grammatiki // Russkiy yazыk v shkole, 1939, №1, s.10).

Tildagi birliklar va hodisalarning reallashuvi, mustahkamlanuvi hamda me’yorlashuvida yozuvning xizmati katta bo’lib kelayotganligi shubhasiz. Nafaqat tilning me’yorlashuvi, balki dunyo xalqlari taraqqiyotida ham yozuvning o’rnini chetlab o’tib bo’lmaydi. Zero, har bir xalq, millat sivilizasiyasi u yaratgan yoki foydalangan yozuvga ham bog’liq.

O’zbek davlatchiligining shakllanishi hamda xalqimizning dunyo fani va madaniyatida, binobarin, til va nutq madaniyatida tutgan o’rni, egallagan mavqyei haqida so’z yuritganda bu xalqning necha ming yillar davomida foydalanib kelgan oromiy, yunon, karoshta, sug’d, xorazm, kushon, eftalit, pahlaviy, suriya, hind, urxun (runik), uyg’ur, arab, lotin, rus (kirillisa) yozuvlarini va yana lotin yozuvi asosidagi o’zbek alifbosiga o’tayotganligimizni eslash kifoya. Shunday ekan, o’zbek adabiy tilining shakllanishi, shubhasiz, o’zbek xalqi asrlar davomida foydalanib kelgan yozuv madaniyatining takomili hamdir.

Til tadqiqotchilarining tasdiqlashicha, davlatchilik darajasida, ya’ni rasmiy muomalada tildan foydalanish uning me’yorlashuvini, binobarin, adabiy tilning shakllanuvini tezlashtirgan. Bundan shunday xulosa kelib chiqadiki, qayerda davlatchilik taraqqiy etgan, mustahkamlangan va bu davlatning boshqa davlatlar bilan munosabatlari yaxshi yo’lga qo’yilgan va rivojlangan bo’lsa, shu yerda tilning me’yorlashuvi va madaniylashuvi ham tezroq amalga oshgan. Xuddi ana shu fikrni dunyo sivilizasiyasiga o’zlarining munosib hissasini qo’shgan xalqlarning badiiy va ilmiy tafakkuri haqida bemalol aytish mumkin.

Darhaqiqat, davlat olib borgan ijtimoiy siyosatning til rivoji va me’yorlashuviga ta’siri sezilarli bo’lishi mumkin. Buni sobiq SSSR hududida yashovchi xalqlar tillariga bo’lgan munosabatdan ham anglasak bo’ladi. «Rus tili – ikkinchi ona tilimiz » degan sun’iy shior bir asrga yaqin vaqt mobaynida asta-sekinlik bilan tilimizga rus yoki u orqali boshqa tillardan so’z qabul qilish va ularning me’yorlashib borishini ta’minladi. Biz hyech ikkilanmasdan, xuddi shunday bo’lishi kerakdek, absolyut, avangard, avantyura, avariya, avtobiografiya, avtonom, avtor, agitator, agressiv, agressor, aktiv, aktual, alfavit, alyans, amnistiya, anonim, arbitr, aristokrat, aristokratiya, arsenal, arxaik, ataka, attestat, auditoriya, aforizm singari so’zlarni qo’llayverdik va shunday qo’llashga ko’nikdik. Ularning tilimizda muqobillari yo’qmikan deb o’ylab ko’rmadik. To’g’risi, bunga imkon ham, umumiy oqimdan chetga chiqishning iloji ham yo’q edi. Loqaydligimiz esa bunga ko’maklashdi.

Rus tilining tazyiqi kuchayib borgan sari, asta-sekinlik bilan, o’zimiz sezmagan holda o’z so’zlarimiz va ifoda usullarimizdan voz kecha boshladik. O’nta sigir, o’nta qo’y deyish mumkin bo’lgani holda o’n bosh qo’y, o’n bosh sigir, o’n bosh qoramol deb ishlata boshladik. Chunki ba’zi rahbarlarimizning bosh qotirib, tilimizda mavjud bo’lgan so’z va iboralarni axtarib o’tirishdan ko’ra stol ustida turgan rus tilida yozilgan ayrim birliklarni so’zma-so’z tarjima qilib qo’ya qolish oson tuyuldi-da. Bu ruscha matnlarda esa «desyat golov oves», «desyat golov korova» deb yozilgan bo’lgan. Shu darajaga borib yetdikki, tilimizdagi oddiy sovliq, qora mol, uloq so’zlarini unuta boshladik. Ularni rus tilidan kalkalab, ona qo’y (ovsematok), yirik shoxli qoramol (krupnыy rogatыy skot), mayda shoxli mol (melkiy rogatыy skot) tarzida ishlatishdan tortinmadik. Achinarlisi shu bo’ldiki, oddiy qishloqi o’zbek chorvadorlarimizning, cho’ponu molboqarlarimizning o’zlari ham gazeta yoki radiodan muxbir kelib suhbatlashganda shunday deb gapiradigan bo’ldilar.

Gazeta tilining tadqiqotchisi A.Abdusaidov bu noxush jarayonning xalqimiz o’rtasida tarqalib ketganligi haqida so’z yuritib, ona tovuq, ona cho’chqa, ona quyon, ona biya, yirik shoxli mol, mayda shoxli mol, mayda tuyoqli mol singari o’nlab jumlalarni tahlil qilib beradi va ularning bu tarzda qo’llanilishini qoralaydi (A b d u s a i d o v A. Gazeta tili va adabiy norma. – Samarqand, 1986, 39 –42-betlar).

Hattoki, 80-yillarda yozilib, o’zimiz hammualliflik qilgan «Nutq madaniyati asoslari», «O’zbek tilining funksional stillari» singari asarlarda quyidagi so’zlarni ishlatganmiz: agitasiya, aktual, analiz, diapazon, ideologiya, informasiya, konstruksiya, kontekst, kollektiv, norma, obzor, oblast, operativ, ottenka, personaj, prinsip, prinsipial, publisistik, publisistika, sensasiya, sensasion, sosial, struktural, tematika, territoriya, forma, funksiya, funksional kabi.

O’zbek tiliga chetdan kirib kelgan birliklarning me’yorlashish sabablarini shu tarzda anglaydigan bo’lsak, uning lug’at tarkibidagi grekcha- yunoncha, mo’g’ulcha, ayniqsa, arabcha so’zlarining paydo bo’lish omillarini ham to’g’ri tushunamiz. Xayriyatki, mustaqilligimizni qo’lga kiritib, biz bu kamchiliklardan qutuldik. Hyech bo’lmaganda, asta-sekinlik bilan qutulib borayapmiz. Buni yuqorida tanqid qilganimiz chorvachilik sohasida atamalar ishlatishdagi o’zgarishlarda ham kuzatamiz. Masalan, Samarqand qishloq xo’jalik institutining 70 yilligiga bag’ishlab nashr etilgan «Qishloq xo’jalik korxonalari rahbarlari va fermerlar uchun amaliy qo’llanma va tavsiyalar» (Samarqand, 1999) kitobining «Chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyasi» bo’limida yuqorida keltirilgan atamalar o’rnida qoramol, sigir, buzoq, tana, g’unajin, buqa, qo’y, qo’chqor, sovliq, qo’zi, echki,uloq so’zlari qo’llanganini kuzatamiz (138-221-betlar).

Shunday qilib, o’zbek adabiy tilining qanchalik me’yorga keltirilganligi va unga qay darajada amal qilinishi umummilliy o’zbek madaniyatining taraqqiyot darajasini belgilovchi omillardan sanalar ekan, bu muammo bilan shug’ullanish ziyolilar, xususan tilshunoslarning bundan keyin shug’ullanishi va hal qilishi lozim bo’lgan dolzarb vazifasi bo’lib qolaveradi. Kelajakda o’zbek tilida uning barcha sathlari bo’yicha me’yoriy holatlar aniqlangan va ularning natijasi o’laroq me’yoriy fonetika, me’yoriy leksikologiya, me’yoriy frazeologiya, me’yoriy grammatika, me’yoriy stilistika singari yo’nalishlar tadqiq etilishi va ularda til faktlari vazifaviy-uslubiy jihatdan tahlil qilinishi lozim.



A D A B I Yo T L A R
1. K a r i m o v I.A. Barkamol avlod – O’zbekiston taraqqiyotining poydevori. O’zR Oliy Majlisi 1X sessiyasida so’zlangan nutq, 1997 yil 29 avgust.

2. A b d u l l a ye v F.O’zbek milliy adabiy tili va uni o’rganishga oid masalalar // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to’plami. – Toshkent, 1973.

3. A b d u r a h m o n o v X. O’zbek xalq og’zaki ijodi asarlarining sintaktik xususiyatlari bo’yicha kuzatishlar. – Toshkent: Fan, 1971.

4. A b d u r a h m o n o v Ђ. Stilistik normalar haqida //O’zbek tili va adabiyoti, 1969, №6.

5. A s q a r o v a M. Respublika maktablarida ona tili o’qitish va nutq madaniyati // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to’plami. - Toshkent: Fan, 1973.

6. B a s k a k o v N.A. Strukturnыye i funksionalnыye stilisticheskiye modifikasii v sovremennыx tyurkskix yazыkax. // Razvitiye stilisticheskix sistem literaturnыx yazыkov narodov SSSR. – Ashxabad, 1968.

7. B ye g m a t o v E. Nutq madaniyati problemasining paydo bo’lishi va asoslanishi // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to’plami. – Toshkent: Fan, 1973.

8. B ye g m a t o v E. O’zbek nutqi madaniyati masalalari // O’zbek tili va adabiyoti, 1980, № 4.

9. B ye g m a t o v E., B o b o ye v a A., A s o m i d d i n o v a M. Adabiy norma va nutq madaniyati. – Toshkent: Fan, 1983.

10. V i n o g r a d o v V.V. Stilistika. Teoriya poeticheskoy rechi. Poetika. – M., 1963.

11. Ye f i m o v A.I. Stilistika xudojestvennoy rechi. – M, 1961.

12.. I b r o h i m o v S. O’zbek tilining nutq madaniyatiga oid masalalar //«Nutq madaniyatiga oid masalalar» to’plami. – Toshkent, 1973.

13. K a r i m o v S. O’zbek tilining badiiy uslubi.-_Samarqand: Zarafshon, 1992.

14. K o j i n a M.N. Stilistika russkogo yazыka – M., 1983.

15. M a m a t o v A.E. Hozirgi zamon o’zbek adabiy tilida leksik va frazeologik norma muammolari.- Toshkent, 1991.

16. M a h m u d o v N., N u r m o n o v A. O’zbek tilining nazariy grammatikasi. – Toshkent, 1995.

17. M u k a r r a m o v M. Hozirgi o’zbek adabiy tilining ilmiy stili. – Toshkent, 1984.

18. Mu x t o r o v A., S a n a q u l o v U. O’zbek adabiy tili tarixi. Toshkent, 1995.

19. M u h a m ye d o v S. O’zbek tili funksional stillarini belgilash to’g’risida // O’zbek tili va adabiyoti, 1983, №4.

20. N ye ‘ m a t o v H., R a s u l o v R. O’zbek tili sistem leksikologiyasi asoslari. – Toshkent: O’qituvchi, 1995.

21. R ye sh ye t o v V., Sh o a b d u r a h m o n o v Sh. O’zbek dialektologiyasi. - Toshkent, 1978.

22. R o z ye n t a l D.E. Prakticheskaya stilistika russkogo yazыka. – M., 1974.

23. S a d ы k o v a S. Stilistika glagola v sovremennom uzbekskom literaturnom yazыke: Avtoref. dis…. d-ra filol.nauk.- _Toshkent, 1991.

24. S u l a y m o n o v A. Til stillari haqida // Sovet maktabi, 1964, №6.

25. T u r s u n o v U., O’ r i n b o ye v B. O’zbek adabiy tili tarixi. – Toshkent, 1982.

26. T u r s u n o v U., O’ r i n b o ye v B., A l i ye v A. O’zbek adabiy tili tarixi. – Toshkent, 1995.

27. Sh o a b d u r a h m o n o v Sh. va boshqalar. Hozirgi o’zbek adabiy tili. – Toshkent, 1980.

28. Sh o a b d u r a h m o n o v Sh. O’zbek adabiy tilining leksik normalari // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to’plami - Toshkent: Fan, 1973.

29. Sh o m a q s u d o v A. O’zbek tili stilistikasi. –Toshkent: O’qituvchi, 1983.

30. O’zbek tili grammatikasi. 1 va P tomlar. – Toshkent, 1975, 1976.

31. O’ r i n b o ye v B. Funksional uslubiyat va uning mohiyati. – Toshkent: Fan, 1992.

32. O’ r i n b o ye v B. O’zbek tilining so’zlashuv nutqi sintaksisi masalalari. –Toshkent: Fan, 1975.

33. O’ r i n b o ye v B., O’ r i n b o ye v a D. O’zbek tilining so’zlashuv uslubi. – Toshkent, 1991.

34. Q i l i ch ye v E., Q i l i ch ye v B. Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari. – Buxoro, 2001.

35. Q u r b o n o v T.I. Hozirgi o’zbek adabiy tilining publisistik uslubi. ND – Toshkent, 1987.

36. Q o’ n g’ u r o v R. O’zbek tili stilistikasidan ocherklar. – Samarqand, 1975.

37. Q o’ n g’ u r o v R. Sifat stilistikasi // O’zbek tili stilistikasi va nutq madaniyati masalalari. –Samarqand, 1982.

38. Q o’ n g’ u r o v R. Olmosh stilistikasiga oid ayrim mulohazalar// O’zbek tili stilistikasidan kuzatishlar. –Samarqand, 1981.

39. Q o’ n g’ u r o v R.Q., K a r i m o v S.A, Q u r b o n o v T.I. O’zbek tilining funksional stillari. – Samarqand, 1984.

40. Q o’ ch q o r t o ye v I. Adabiy tilning stilistik tabaqalanishi va nutq madaniyati // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to’plami. – Toshkent, 1973.



41. Ђ u l o m o v A. Adabiy til normalari // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to’plami. – Toshkent, 1973.

1   2   3   4   5   6   7


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azrefs.org 2016
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə