Islohot deb ataladigan ko’p qirrali va o’ta murakkab jarayon ijtimoiy-siyosiy hayotimizning, shubhasiz, barcha jabhalarini qamrab oladi




Yüklə 0.49 Mb.
səhifə6/7
tarix22.04.2016
ölçüsü0.49 Mb.
1   2   3   4   5   6   7

R ye j a:

1. O’zbek lug’atchiligi haqida ma’lumot.

2. Og’zaki va yozma nutq me’yorlari hamda lug’atlar.

3. Imlo lug’ati va uning amaliy ahamiyati.

4. Og’zaki nutq madaniyati.

5. Orfoepik lug’atlar.

6. Paronimlar lug’ati va uning ahamiyati.

7. Variantlilik. Variantlilikning imlo, izohli va frazeologik lug’atlarda aks etishi.


Tayanch so’z va iboralar: Lug’at turlari : qomusiy, filologik. Imlo, izohli, frazeologik, sinonim, omonim, antonim, paronim, chappa, konkordans. Lug’atchilik va me’yor. Ahamiyati.

Tilshunoslik fanining alohida sohasi bo’lgan leksikografiya lug’at tuzish yo’llarini o’rgatadi va uning ilmiy asoslari hamda usullarini ishlab chiqadi. Turkiyshunoslikda lug’at tuzish qadimdan boshlangan. XI asrda Mahmud Koshg’ariy tomondan tuzilgan mashhur «Devonu lug’otit turk» lug’atchiligimizning nodir namunasidir. «Men bu kitobni maxsus alifbo (ajam harflari) tartibida hikmatli so’zlar, saj’lar, maqollar, qo’shiqlar, rajaz va nasr deb atalgan parchalar bilan bezadim, - deb yozadi Mahmud Koshg’ariy , - qattiq joylarini yumshatdim, qiyin va qorong’i joylarini yoritdim. So’zlarni o’z joyiga qo’yish, kerakli so’zlarni osonlik bilan topish uchun bu ish ustida bir necha yillar mashaqqat tortdim. Nihoyat, kerakli so’zlarni o’z joyida ko’zlaydigan, qiyinchiliksiz topa oladigan bir holga keltirdim.

Kitobni sakkiz asosiy bo’limga chekladim:

1.Hamzalik (alif bilan boshlanadigan so’zlar) bo’limi.

2.Solim (tarkibida alif, vov, yoy bo’lmagan so’zlar) bo’limi.

3.Muzaf (bir harfi ikki marta takrorlangan so’zlar) bo’limi.

4.Misol (boshida yoy bo’lgan so’zlar) bo’limi.

5.Uch harfli so’zlar bo’limi.

6.To’rt harfli so’zlar bo’limi.

7.Ђunnalilar bo’limi.

8.Ikki undosh qator kelgan so’zlar bo’limi.

Har bir bo’limni otlar (ismlar) va fe’llar tarzida ikki qismga ajratib berdim. Otlarni oldin, fe’llarni esa otdan keyin o’z sirasiga qarab, boblarga ajratib, o’z o’rnida oldinma-ketin ko’rsatdim. Tushunilishi oson bo’lishi uchun asarda arabcha istilohlar qo’lladim» (M a h m u d K o sh g’ a r i y. Devonu lug’otit turk, 1 tom. –Toshkent, 1960, 44-45-betlar).

7500 ga yaqin so’zni qamrab olgan ushbu lug’at arablar tajribasiga tayanib, turkiyshunoslikda ilk bor lug’at tuzish usullarini belgilab berganligi bilan qimmatlidir. Ana shu an’ananing davom etishi hamda Alisher Navoiy ijodiga bo’lgan qiziqish keyinchalik XV asr va undan keyingi davrlarda Eron, Afg’oniston va Hindistonda o’zbekcha va forscha lug’atlar tuzilishiga sabab bo’ldi. Mas., Toli’ Hiraviyning «Badoyiul-lug’at», Mirzo Mahdiyxonning «Sangloh» asarlari maydonga keldi (O’zbek Sovet Ensiklopediyasi, 6 tom. –Toshkent, 1975, 313-bet). XVI asrda muallifi noma’lum bo’lgan Alisher Navoiy asarlaridan foydalanuvchilar uchun «Abushqa» nomli izohli lug’at tuzildi.

Ta’kidlaganimizdek, ko’p asrlik an’analarni davom ettirib kelayotgan o’zbek lug’atchiligi bugungi kunda katta tajriba to’pladi. O’zbek tilida qomusiy va tarjima lug’atlarining ko’plab turlari mavjud. O’zbek Milliy Ensiklopediyasining I va II tomlari nashr qilindi (Toshkent, 2000). Turli fan sohalari bo’yicha izohli lug’atlar maydonga keldi. Shu o’rinda ayrim lingvistik lug’atlarni sanab o’tish to’g’ri bo’ladi. Olim Usmonning «Qisqacha internasional so’zlar lug’ati» (Toshkent, 1959), R.Qo’ng’urov va A. Tixonovlarning «O’zbek tilining chappa lug’ati» (Samarqand, 1968), A.Hojiyevning «O’zbek tili sinonimlarining izohli lug’ati» (Toshkent, 1974), «Tilshunoslik terminlarining izohli lug’ati» (Toshkent, 2002), S.Ibrohimov, E.Begmatov va A.Ahmedovlarning «O’zbek tilining imlo lug’ati» (Toshkent, 1976), A.Ђulomov, A.Tixonov va R.Qo’ng’urovlarning «O’zbek tili morfem lug’ati» (Toshkent, 1977), Sh.Rahmatullayevning «O’zbek tilining izohli frazeologik lug’ati» (Toshkent, 1978), Sh.Rahmatullayev, N. Mamatov va R.Shukurovlarning «O’zbek tili antonimlarining izohli lug’ati» (Toshkent, 1980), A.Hojiyev va L.Reshetovalarning «O’zbek tili grammatik terminlarining qisqacha izohli lug’ati» (Toshkent, 1980), Z.Ma’rupov tahriri ostida nashr qilingan «O’zbek tilining izohli lug’ati, 1 va P tomlar» (Moskva, 1981), M.Asomiddinova, E.Begmatov, A.Boboyeva, S.Ibrohimov, O’.Usmonovalarning «O’zbek adabiy talaffuzi lug’ati» (Toshkent, 1984), H.Berdiyorov va R.Rasulovlarning «O’zbek tilining paremiologik lug’ati» (Toshkent, 1984), Sh.Rahmatullayevning «O’zbek tili omonimlarinig izohli lug’ati» (Toshkent, 1984), A.Hojiyevning «Lingvistik terminlarining izohli lug’ati» (Toshkent, 1985), Sh.Rahmatullayev va M.Qodirovlarning «O’zbek tilining qisqa etimologik lug’ati», (I-IV qismlar.- Toshkent, 1998-1999) kabi lug’atlar shular jumlasidandir.

1993 yil 2 sentyabrda «Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida» gi Qonun qabul qilinishi bilan ana shu alifboda yangi lug’atlar maydonga keldi. Masalan, E.D.Panasenko v E.Umarovlarning «O’zbek tilining imlo lug’ati.» (Toshkent, 1998) kabi.

Shubhasiz, o’zbek leksikograf olimlarining juda katta mehnatlari tufayli yuzaga kelgan bu lug’atlarning ijtimoiy va ma’naviy hayotimizda xizmatlari beqiyosdir. Birinchidan, kishilarning yodlash qobiliyati qanchalik kuchli bo’lmasin, tildagi barcha so’z va iboralarning hamda ularning turli-tuman ma’nolarini yodda saqlab qolishning imkoni yo’q. Ana shunday paytlarda lug’atlar insonlarning yaqin hamrohi bo’ladilar. Ikkinchidan esa, lug’atlar so’zlarning to’g’ri yozish va talaffuz qilinishiga ko’maklashadi, til birliklarining asl va ko’chma ma’nolari, uslubiy imkoniyatlari to’g’risida keng ma’lumot beradi.

Qayd etilgan ikkinchi masalada lug’atchilik adabiy til me’yorlari bilan chambarchas bog’liq. Bu bog’liqlikni ikki yo’nalishda tushunish to’g’ri bo’ladi. Bir tomondan, lug’atlar yozma va og’zaki adabiy til me’yorlarini belgilashda har bir so’zning yozma va talaffuz shaklini o’zlashtirishda asosiy manba hisoblanadi. Ikkinchi tomondan esa, lug’atlar tuzishda tildan foydalanish jarayonida shakllangan me’yorlar o’lchov sanaladi. Bu me’yoriy holatlar muayyan qonun-qoidalar bilan mustahkamlab qo’yiladi.

Masalan, hozirgi o’zbek adabiy tilining yozuv me’yorlari, avval qayd etib o’tganimizdek, O’zbekiston SSRning 1940 yil 8 mayda qabul qilgan «O’zbek yozuvini lotinlashtirilgan alifbedan rus grafikasi asosidagi yangi o’zbek alifbesiga ko’chirish to’g’risida» gi Qonuni va O’zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumi 1956 yil 4 aprelda tasdiqlangan «O’zbek orfografiyasining asosiy qoidalari» ga tayanadi. Unda unli va undoshlar imlosi, ayirish (‘) va yumshatish () belgilari imlosi, o’zak va negizlar, qo’shimchalar, qo’shma, juft va qisqartma so’zlar imlosi, bo’g’in ko’chirish va bosh harflarni yozish tartibini ko’rsatib beruvchi 72 paragrafdan iborat qoidalar kiritilgan (O’zbek orfografiyasining asosiy qoidalari. –Toshkent, 1956). Bu qoidalar hozirgacha amalda bo’lib, orfografik me’yorlarni tartibga keltirishga, mukammallashtirishga xizmat qilib kelmoqda. Ayni paytda, O’zbekiston Respublikasining mustaqillikni qo’lga kiritishi munosabati bilan amalga oshirilayotgn tub ijtimoiy-siyosiy islohotlar «Asosiy qoidalar»ning ma’naviy jihatdan eskirganligini ko’rsatdi.

Shu boisdan mustaqil O’zbekiston Respublikasining yuqorida tilga olingan «Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini joriy etish to’g’risida»gi Qonuni va 1995 yil 6 mayda «Lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosiga qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi Qonun hamda bevosita bu qonunlarning ijrosiga qaratilgan 1995 yil 24 avgustdagi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O’zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida»gi qarori juda katta tarixiy ahamiyatga ega bo’ldi.

Shu bilan birga, tilimiz imlo qoidalari ham soddalashtirildi, ham takomillashtirildi, ayni paytda, o’zbek tilshunosligi fani yangi atamalar bilan boyitildi. Masalan, negiz o’rnida asos, sonor tovush o’rnida ovozdor tovush, qaratqichli birikma o’rnida qaratuvchi birikma, apostraf o’rnida tutuq belgisi, tire o’rnida chiziq, shuningdek ko’chish belgisi, o’zlashma so’z atamalari qo’llaniladagan bo’ldi.

Binobarin, bundan buyon tilimiz orfografik me’yorlarini belgilashda ana shu qoidalarga amal qilish majburiy sanaladi va ular imlo lug’atlarida mustahkamlanib boriladi. Ana shu qarorga binoan 1940 yil 8 mayda qabul qilingan Qonun va 1956 yil 4 aprelda qabul qilingan «Asosiy qoidalar» 2005 yilning 1 sentiyabridan e’tiboran o’z kuchini yo’qotadi.

Rus grafikasi asosidagi o’zbek yozuvidan voz kechilib, lotin yozuvi asosidagi o’zbek alifbosi qabul qilinayotgan hozirgi o’tish davrida, ayniqsa, matbuot sahifalarida o’zboshimchaliklar, so’zlarni buzib yozishlar kuzatilmoqda. Tildan foydalanuvchilar ma’lum muddat amaldagi har ikki «Imlo qoidalari»ga ham rioya qilishlari umummajburiy ekanligini unutmasliklari, lozim bo’lganda me’yoriy lug’atlarga ko’z yugurtirib turishlari zarur.

Garchi til me’yorlarining mustahkamlanishida lug’atlar xizmat qilsa ham, bu xizmatlarning darajasi har xil bo’lishi mumkin. Masalan, qomusiy-ensiklopedik lug’atlarni olib ko’raylik. Tabiiyki, bunday lug’atlar filologik yoki lingvistik lug’atlardan farq qiladi. Bunday lug’atlarda muayyan bir millat, mamlakat, hudud yoki fan, texnika, madaniyat va ma’naviyatning barcha sohalariga oid tushunchalar, tabiiy va ijtimoiy hodisalar, voqyealar hamda mashhur kishilar va joy nomlari to’g’risida atroflicha ma’lumotlar beriladi. O’z vazifasidan kelib chiqib, qomusiy lug’atlar oldiga til me’yorlarini belgilash vazifa qilib qo’yilmaydi. Aksincha, ularning yozilishi jarayonida til me’yorlariga amal qilish talabi qo’yilishi mumkin. Ammo bu degani qomusiy lug’atlar til me’yorini ko’rsatuvchi o’lchov bo’la olmaydi degan gap emas. Ular bu borada ham ma’lum vazifalarni bajaradi.

Bundan tashqari, o’zbek tilshunosligi badiiy adabiyot hamda shoir va yozuvchilar tili lug’atlarini tuzishda ham yetarli tajribaga ega. Bunga «O’zbek klassik adabiyoti asarlari uchun qisqacha lug’at» (Toshkent, 1953), «Navoiy asarlari lug’ati» (Toshkent, 1972), «Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug’ati, 1-1U tomlar» (Toshkent, 1983-1985), S.Rizayevning «O’zbek sovet bolalar adabiyoti tilining chastotali lug’ati» (Toshkent, 1980), R.Qo’ng’urov va S.Karimovlarning «Zulfiya poeziyasi tilining lug’ati. Konkordans» (Toshkent, 1981), Sh.Maxmatmurodovning «Slovar yazыka poeticheskix proizvedeniy Xamzы» (Toshkent, 1989) lug’atlarini misol tariqasida keltirish mumkin (Bu haqda qo’shimcha ma’lumot olish uchun qarang: N u r m o n o v A., Y o’ l d o sh ye v B. Tilshunoslik va tabiiy fanlar. –Toshkent, 2001, 125-132-betlar).

Bu tipdagi lug’atlar ma’lum darajada lingvistik lug’atlarning boshqa turlaridan farq qiladi. Chunki bu kabi lug’atlarda adabiy me’yor doirasidagi so’zlar bilan birgalikda umumxalq tiliga, badiiy uslubga hamda shoir va yozuvchilar uslubiga xos bo’lgan so’z va iboralar ham keltirilgan bo’ladi. «Zulfiya poeziyasi tilining lug’ati»ga murojaat qilaylik. Unda keltirilgan alqamoq (II.142), ardog’ (I.244), arslonto’sh (I.206), baxmalto’sh (I.113), betaxlit (I.II.55), beteng (I.250), betuman (I.44), betus (II.133), bexalol (I.237), behusn (I.300), biyuda (I.211), boybeka (I.212), beodob (II.183), bulog’ (I.137), burkimoq (II.151) kabi so’zlar va ularning ayrimlarining yozilishi «O’zbek tilining imlo lug’ati» da (Toshkent, 1976) uchramadi. Agar qiyosni «Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug’ati» misolida amalga oshirsak, bu kabi birliklarning miqdori ko’pchilikni tashkil qilishi aniq.

Ana shunday holatda bu kabi lug’atlar me’yor uchun namuna bo’la oladimi, degan savolga bir xilda javob berib bo’lmaydi. Chunki material qamrovining kengligi va har xilligi ularga ham diaxronik, ham sinxronik nuqtai nazardan munosabatda bo’lishni taqozo qiladi.

Lingvistik lug’atlarning maqsadi esa tamoman boshqacha. Ularda asosiy diqqat harflar imlosiga, so’zlar va ularning tarkibiy qismlariga, so’z birikmalariga va ularning imlosiga, talaffuziga hamda umuman til birliklarining leksik-semantik-uslubiy ma’nolarining izohlanishiga qaratiladi. Hozirgi paytda o’zbek tilida ana shunday lug’atlarning izohli, imlo, talaffuz, morfem, chastotali, ters-chappa, o’zlashma so’zlar, frazeologik, sinonimlar, antonimlar, omonimlar, dialektal, terminologik singari ko’plab turlari mavjudki, ularning ayrimlari yuqorida sanab o’tildi.

Lingvistik lug’atlar orasida Z.Ma’rufov tahriri ostida 1981 yilda Moskvada nashr qilingan ikki tomlik «O’zbek tilining izohli lug’ati» salmoqli mavqyega ega. U yigirma yil davomida xalqimizga beminnat xizmat qildi. Ammo aytish mumkinki, bu lug’at bugunga kelib ma’naviy jihatdan eskirdi. Izohli lug’atlarda tilimizda keyingi yigirma yilda yuz bergan o’zgarishlar ham o’z ifodasini topishi lozim. Shu bilan birga, u e’tibordan chetda qolib ketgan so’zlar hisobidan to’ldirilishi zarur.

Izohli lug’atlarning so’z ma’nolarini to’liq anglashda, ularning etimologiyasi va hozirgi ma’no taraqqiyotini belgilashda katta ahamiyat kasb etishi shubhasizdir. Mas., lug’atdagi avliyo so’zini olib ko’raylik. Uning uch ma’nosi qayd etilgan: 1. din. E’tiqodli dindor kishilar nazarida go’yo karomat, bashorat qila oladigan, mo’’jizalar ko’rsata oladigan muqaddas, aziz odam. 2. ko’chma, kesatiq. Ulug’, zo’r fahmli odam yoki narsa. 3. s.t.da, hazil. Darveshsifat, darveshnamo, hyech narsa bilan ishi yo’q odam.

Hozirgi o’zbek adabiy tilining imlo me’yorlari, yuqorida ta’kidlaganimizdek, 1956 yil 4 aprelda tasdiqlangan «O’zbek orfografiyasining asosiy qoidalari» hamda 1995 yil 25 avgustda qabul qilingan «O’zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida»gi qarori asosida belgilangan. Bu qoidalar hozirgi o’zbek adabiy tilining yozma shaklidan foydalanuvchi barcha kishilar uchun majburiy sanaladi.

Shu paytga qadar nashr qilingan barcha lug’atlarda nutq uslublarida qo’llaniladigan so’zlar, o’rni bilan ularning yasalishi va variantlari berilgan.

Shu o’rinda bir narsani ta’kidlash lozimki, to’g’ri yozish qoidalarini shunchaki yod olish bilan yozma nutq madaniyati va uning me’yorlarini belgilab bo’lmaydi. Buning uchun imlo lug’atlari bilan ishlash, ularga tez-tez murojaat qilish, har bir so’zning talaffuz qoidalarini bilish va imlo lug’atlaridagi tavsiyalarga rioya qilish zarur. To’g’ri yozish me’yorlarini o’zlashtirishda ko’proq imlo lug’atlari bilan birgalikda adabiy manbalarni o’qish, matnlarni ko’chirib yozish ham yordam berishi shubhasizdir.

Demak har birimiz savodxon bo’lishimiz, to’g’ri yozishimiz, fikrimizni boshqalarga aniq tarzda yetkazishimiz uchun imlo lug’atlarga har doim murojaat qilib turishimiz zarur bo’ladi. Chunki noto’g’ri yozilgan yoki talaffuz qilingan so’z o’quvchi yoki tinglovchi tomonidan noto’g’ri, noaniq tushuniladi.

Imlo lug’atlari shaklan yoki talaffuzda bir-birlariga yaqin bo’lgan, ammo ma’nolariga ko’ra turlicha bo’lgan so’zlarni farqlashga ko’maklashadi. Masalan, adib (yozuvchi, shoir) - adip (ko’rpacha yoki ko’rpaning chetiga tikilgan material), a’zo (biror tashkilot yoki biror jamiyatning vakili) - aza (marhum uchun tutiladigan motam, marosim), amir (davlat boshlig’i) - amr (podshoh tomonidan chiqariladigan buyruq, farmon), asr (yuz yil) - asir (tutqun) kabi so’zlarning yozilishi, talaffuzi va ma’nolarini farqlashda lug’atlargina yordam berishi mumkin. Imlo lug’atlardan samarali foydalangan kishigina nafaqat adabiy so’zlarni, balki ularning lahjaviy shakllarini farqlaydi, ularni qo’llashda ehtiyot bo’ladi. Masalan, ata (ota), chovamiz (chopamiz), kelli (keldi), yechki (echki) kabi.

Lotin yozuvi asosidagi o’zbek alifbosiga o’tilishi esa imlo lug’atlar borasida ham ulkan ishlarni amalga oshirishni taqozo qilmoqda.

Mubolag’asiz aytish mumkinki, keyingi yillarda, garchi nuqsonlardan holi bo’lmasa-da, o’zbek adabiy tili faqat yozma adabiy til shaklida emas, balki og’zaki adabiy til shaklida ham rivoj topmoqda. Og’zaki nutq madaniyatining takomillashib boruvida, uning me’yoriy jihatlarining sayqal topishida bir qator omillar muhim rol o’ynamoqda. Bunda, ayniqsa uzluksiz ta’lim tizimi alohida o’rin tutadi.

Tabiiyki, biz bugun bundan 10-20 yil avvalgi odamlar emasmiz. Bugungi ziyolilarimiz, olimu muhandislarimiz, tadbirkorlarimiz dunyo miqyosida fikrlashmoqda, jahon xalqlarining ko’pchilik tillarida muloqotda bo’lishmoqda, muzokaralar olib borishmoqda. Bu esa, o’z navbatida, umummilliy madaniyatimizning tarkibiy qismi bo’lgan til madaniyatiga, og’zaki nutq madaniyatiga ta’sir ko’rsatmoqda.

Og’zaki nutq me’yorlarining ommaviy suratda yoyilishi va singishida avvalo maktabgacha va maktab ta’limi katta ahamiyatga ega. Buning ustiga, ommaviy axborot vositalarining radio va televideniye singari turlarining roli salmoqli.

Og’zaki nutq madaniyati mavqyeini ko’tarish uchun adabiy til og’zaki shakli qonuniyatlarini o’rganish, bu nutq shaklini ko’rinishlariga qarab me’yorlash va silliqlash, og’zaki nutq ko’rinishlarining namunaviy shakllarini yuzaga keltirish, uning lingvistik va tildan tashqarida bo’lgan o’lchovlarini belgilash muhimdir.

Shunga ko’ra, og’zaki nutqni adabiy til talablari asosida me’yorlashda orfoepik qoidalar, adabiy talaffuz lug’atlari, qo’llanmalar muhim rol o’ynaydi. Ana shu ma’noda talaffuz (orfoepik) lug’atlar adabiy tilning talaffuz me’yorlarini yoki so’zlarni adabiy til qoidalariga muvofiq talaffuz qilishni belgilab beruvchi vosita sanaladi. Talaffuz lug’atlari fonetika va nutq madaniyati bilan bevosita aloqada bo’lib, ma’lum ma’noda biri ikkinchisini to’ldiradi.

Hozirgi kunda, ayniqsa yoshlarimiz o’rtasida, she’rxonlik kechalarida, to’y-tomoshalarda, turli uchrashuvlar va telekonkurslarda, kitobxonlar anjumanlarida tilimizning adabiy me’yorlaridan foydalanishga intilish kuchayib borayotgani seziladi.

Kishilarning so’zlarni to’g’ri talaffuz etishi, adabiy til me’yorlariga amal qilishi, nutq madaniyati talablariga e’tibor berib, chiroyli so’zlash, o’z fikrini boshqalarga aniq, ravon, ifodali qilib yetkazishda talaffuz lug’atining ahamiyati katta.

O’zbek tilida ana shunday lug’at bor. U «O’zbek adabiy talaffuzi lug’ati» deb atalib, 1984 yilda «Fan» nashriyotida chop etilgan. Unda 20 mingga yaqin so’z va so’z shakllarining adabiy talaffuz me’yori belgilab berilgan.

Ushbu lug’at mualliflarining ta’kidlashicha, lug’atni tuzish jarayonida bir qator qiyinchiliklarga duch kelingan. Jumladan, adabiy talaffuz doirasida variantdorlikning kuchliligi ma’lum bo’lgan. Bu xususiyat o’zbek adabiy nutqi me’yorlarining ham yetarli shakllanib yetmagan va qat’iylashmaganini ko’rsatadi. Darhaqiqat, adabiy nutq va kundalik so’zlashuv nutqi, adabiy nutq va dialektal nutq, neytral adabiy nutq va adabiy nutqning vazifaviy-uslubiy ko’rinishlari, to’liq uslub hamda noto’liq uslub va boshqalariga oid talaffuz variantlarini to’g’ri baholash anchagina murakkab vazifadir. Adabiy talaffuz doirasida so’z urg’usi, an’anaviy va yangicha talaffuz, keksa va yosh avlod talaffuzi bilan bog’liq bir qator qiyinchiliklar ham mavjud.

So’zlarning leksik me’yorini belgilashda va ulardagi ma’no nozikliklarini farqlashda hamda umumiy jihatlarini payqashda sinonim, omonim va antonim lug’atlarning xizmati katta bo’ladi. O’zbek leksikografiyasida yuqorida sanab o’tilgan bu kabi lug’atlarning izohli ko’rinishlari mavjudligi quvonarli voqyeadir. A.Hojiyev «O’zbek tili sinonimlarining izohli lug’ati» (Toshkent, 1974) ining 223-betidan misol keltiramiz: Chiroyli, go’zal, husndor, husnli, xushro’y, ko’hlik, ko’rkam, barno, suluv, zebo, latofatli, sohibjamol. Ular garchi ma’nolarining yaqinligi bilan bir sinonimik qatorda joylashsa-da, me’yoriy o’lchovlariga ko’ra teng emas. Lug’at xuddi ana shu jihatlar hisobga olinganligi bilan qimmatlidir. Fikrimizning isboti uchun sinonimik qatordagi so’zlarga berilgan izohlarni to’liq keltiramiz: «Husni odatdagidan ortiq, xunuknig aksi. Chiroyli stilistik jihatdan neytral. Bu so’z odamga, boshqa jonli narsalarga nisbatan ham qo’llanilaveradi. Go’zal odamga va jonsiz narsalarga nisbatan qo’llanadi. Bu so’zda belgi darajasi kuchli. Husndor, husnli so’zlari nisbatan kam qo’llanadi. Xushro’y, ko’hlik faqat odamga nisbatan qo’llanadi va «yoqimlilik» ottenkasi bor. Barno, suluv, zebo so’zlari ham odamga nisbatan qo’llanadi. Suluv – kam qo’llanadi. Zebo kitobiy. Ko’rkam asosan jonsiz narsalarga, kam darajada odamga nisbatan qo’llanadi».

Ko’rinadiki, semantik va vazifaviy uslubiy nuqtai nazardan bu so’zlarning ekspressivlik va qo’llanish imkoniyatlari bir xil emas. Ularning qo’llanishi so’zlashuv, badiiy va ommabop uslublarda me’yor sanalsa, rasmiy uslub uchun xos emasligi ma’lum bo’lib qoladi. «Lug’at» da keltirilgan badiiy adabiyotlardan olingan misollardagi chiroyli saman, chiroyli oyoq, go’zal qiz, ko’rkam ayol, husnli ayol, xushro’y yigit, barno qiz, zebo bezanmoq, ko’rkam hayot, latofatli Saodat, sohibjamol qiz birikmalaridagi aniqlovchi bo’lib kelgan so’zlarni ularning sinonimlari bilan almashtirishning hamma vaqt ham imkoni yo’qligi buning dalilidir. Chiroyli yuz yoki chiroyli saman deyish mumkin bo’lgani holda ko’rkam yuz yoki oyoq, sohibjamol saman deyishga nutqda aslo yo’l qo’yib bo’lmaydi. Ana shu holatlar me’yor tushunchasining qanchalik nozik va murakkab qamrovli ekanligini hamda ularni payqash va farqlashda lug’atlarning, ayniqsa, izohli lug’atlarning roli beqiyos ekanligini yana bir bor ko’rsatadi.

Sh.Rahmatullayev tomonidan tuzilgan «O’zbek tili omonimlarining izohli lug’ati» (Toshkent, 1984) dan tildagi mazkur birliklar to’g’risida ham nazariy, ham amaliyotda qo’l keladigan ma’lumotlar olishimiz mumkin.

Olimning ta’kidlashicha, bir til doirasida so’zlarning shakliy o’xshashligi, metonimiyaga uchrashi, ma’no tarqqiyotida o’zgarishlar, o’sishlar ro’y berishi, o’zga tillardan birliklar qabul qilinishi kabi omillar omonimlarning yuzaga kelishiga sabab bo’ladi. Masalan, ushbu lug’atdan dam so’zi haqida quyidagi ma’lumotlarga ega bo’lamiz:

1. ot – havo; 2. ot - temirchilik atamasi; 3. ot-lahza, nafas; 4. bog’lovchi – dam.., dam.; 5. ot-tig’, o’tkir joy, yuz; 6. predikativ so’z – dim ma’nolarida kelgan (R a h m a t u l l a ye v Sh. O’zbek tili omonimlarining izohli lug’ati.-Toshkent, 1984, 49-50-betlar). Lug’atdagi maqolalar statistikasi ham leksemalarning mazkur turkumi haqida ba’zi fikrlarga kelishga asos bo’ladi. «Lug’at»da berilgan 497 omoifodaning 372 tasi ikki omoleksemali, 93 tasi uch omoleksemali, 21 tasi to’rt omoleksemali, 7 tasi besh omoleksemali va 4 tasi olti omoleksemali bo’lib, 1160 dan ortiq leksemani birlashtiradi» (R a h m a t u l l a ye v Sh. Yuqoridagi lug’at, 13-14-betlar) Tildagi omonimlarning ozligi yoki ko’pligi, bir maqolada 2 tadan tortib 6 tagacha ma’noning farqlanishi tilimiz uchun ijobiy hodisami yoki salbiymi, bu haqda shu o’rinda bir narsa deb bo’lmaydi. Ammo ayrim so’z shakllarining ma’nolarida farqlanishini ko’rsata olishda mazkur tipdagi lug’atlarning xizmatini e’tirof etish maqsadga muvofiqdir.

«Nutq madaniyati va normativ lug’at» asarining muallifi S.Akobirov me’yor va lug’at munosabatlarini oydinlashtirishga harakat qilar ekan me’yorlar tilda ikki ko’rinishda- nooshkor va oshkor ravishda mavjud bo’lishini ta’kidlab, quyidagilarni qayd qiladi: «Normalarning nooshkor mavjudligi shundan iboratki, tildan foydalanuvchilar o’zaro fikr almashinish jarayonida, xususan, so’zlashuvda tilning qonun-qoida va normalariga rioya qilayotganliklarini hatto sezmaydilar ham. Haqiqatda esa barcha til sohiblari tildan foydalanish tajribasi orqali tilning qoida va normalarini u yoki bu darajada o’zlashtirib olgan bo’ladilar va ularga «umumiy odat» bo’yicha amal qiladilar. Busiz hyech qanday aloqaning bo’lishi mumkin emas, chunki «umumiy odat»ga muvofiq kelmaydigan har qanday nutq boshqalarga anglashilmaydi, binobarin, unga javob (reaksiya) ham bo’lmaydi.

Umumiy odatga aylangan normalar (yoki, qisqacha, odat hukmidagi normalar) til sohiblarining tildan foydalanish tajribasi orqasida orttirgan malaka va ko’nikmalaridan iborat. Ular tildan foydalanuvchilarning nutq faoliyatidagina namoyon bo’ladi, shuning uchun ham nooshkordir.

Oshkor normalar tilning grammatika darsliklarida va turli xil lug’atlarida tavsiflangan va tavsiya etilgan normalardir. Darsliklar va lug’atlar tilning obyektiv normalarini tavsiflash bilan birga, ularni qonun (kodeks) hukmiga kiritadi, qonunlashtiradi» (A k o b i r o v S. Nutq madaniyati va normativ lug’at.- Toshkent, 1977, 11-bet).

Demak, tuzilgan imlo, talaffuz va boshqa filologik lug’atlar til birliklarining amalda mustahkamlanishi, binobarin, adabiylashishi, barqarorlashishi va bir xilliligi uchun xizmat qiladi. Agar masala shu tarzda tushuniladigan bo’lsa, lug’atlarning xizmati naqadar ulkan ekanligini tasavvur qilish qiyin bo’lmaydi.

Me’yor muammosi qayerda va qachon paydo bo’ladi? Til birliklari o’rtasida har xillik va variantlar bo’lgan joyda. Tilshunoslar bu har xilliklarni tilning tabiatidan va amaldagi qoidalardan kelib chiqib tahlil qilishadi, bartaraf etishning yo’llarini axtarishadi va to’g’ri keladiganlarini me’yoriy variant sifatida ommaga tavsiya etishadi. Ana shu tavsiyalar nafaqat grammatikaga, leksikologiya va stilistikaga oid adabiyotlarda, shu bilan birgalikda, lug’atlar orqali ham qonunlashtiriladi - kodifikasiyalashtiriladi. Bir vaqtning o’zida til madaniyati talablaridan kelib chiqqan holda omma uchun majburiylashtiriladi.

Shunday holatlarga ham duch kelamizki, nutq jarayonida so’zlarning leksik-grammatik variantlari saqlanib qolingan bo’ladi. Masalan, «Imlo lug’ati»da (Toshkent, 1976) birgina «A» bilan boshlanadigan so’zlarda quyidagi so’z variantlari va ulardan yasalgan shakllar mavjud: avr/abr, adab/odob, ayqirish/hayqirish, alifbo/alfavit, arava/aroba, asta/ohista, ash-pash/hash-pash va hokazo. Tilimizda bu kabi variantlar mavjud ekan, ularni me’yor sifatida yana saqlab turish, an’anani tuzilajak lug’atlarda ham davom ettirishga to’g’ri keladi.

S.Akobirov yuqorida nomi tilga olingan kitobida o’zbek tili tizimida ilgari bo’lmagan va ularning qo’llanilishi o’zbek adabiy tili uchun me’yoriy hodisa sanaladigan birliklar sifatida tahlil uchun keltirgan obyektiv, normal, agrar, proyeksion, krovat, plan, praktika, proyekt, truba so’zlarini (A k o b i r o v S. Nutq madaniyati va normativ lug’at, 7-bet) tilimizning hozirgi me’yor o’lchovlari asosida olib qaraydigan bo’lsak, oradan chorak asr vaqt o’tgach, manzaraning o’zgarganini kuzatish qiyin emas. Hozirda obyektiv va truba so’zlarining bir ma’no yo’nalishida xolisona va quvur, normal o’rnida me’yoriy, plan o’rnida reja, praktika o’rnida amaliyot, proyekt o’rnida loyiha birliklarini ishlatish asta-sekinlik bilan odat tusiga kirib bormoqdaki, buni tilimiz taraqqiyotiga mustaqillikning bevosita ta’siri, ona tilimizga bo’lgan yangicha munosabatning mevasi, deb aytishimiz mumkin.

Keltirilgan ma’lumotlar tildagi me’yoriy holatlarni mutlaq va o’zgarmas hodisa deb tushunish to’g’ri bo’lmasligini ko’rsatadi. Ma’lum bo’ladiki, bir davrda me’yor sanalgan til birligi boshqa bir zamonda shunday bo’lmasligi mumkin ekan. Bu narsa til taraqqiyoti jamiyat taraqqiyoti bilan uzviy bog’liq, degan qoidaning to’g’riligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Mustaqillik sharofati bilan o’zimizda tilimizni tozalashga, «o’zbekchalashtirish»ga rag’bat va moyillik sezayotgan ekanmiz, muomala jarayonida o’z o’rnini ekvivalentiga bo’shatib berayotgan til birliklarini yangi nashr qilinadigan lug’atlarda qoldirish-qoldirmaslik ustida o’ylab ko’rishimizga ham to’g’ri keladi.

Hatto 70-yillarda, jumladan S.Akobirovning kitobida ham faol qo’llangan norma, normativ, pozisiya, reaksiya, sistema, stabillashuv, tendensiya, tradision kabi so’zlarning nutqimizdan asta-sekinlik bilan chekinayotganligini, ularning o’rnini me’yor, me’yoriy, mavqye, o’rin, holat, ta’sirlanish, tizim; barqarorlashuv; g’oya, fikr, intilish, mayl, xohish; an’anaviy singari so’zlar egallay boshlayotganini kuzatamiz. Binobarin, bundan keyin yaratiladigan lug’atlarda ana shu jarayon hisobga olinishi lozim bo’ladi.

Ammo avvalgi imlo lug’atlarida bo’lmagan auditor, kompyuter, kompyuterxona, menejer, menejment, broker singari yangidan paydo bo’lgan so’zlarni kelajakda tuziladigan imlo lug’atlarida aks ettirish masalasi bahs talab qilmaydi (O’zbek lug’atshunosligida bu ishlarning allaqachon boshlab yuborilganligini ta’kidlaganmiz. Q a r a n g : O’zbek tilining imlo lug’ati. Tuzuvchilar: E.Panasenko, E.Umarov, -Toshkent, 1998).

Harqalay, mavjud lingvistik lug’atlar xalqimizning ehtiyojini to’liq qondirmoqda, deb aytish qiyin. Buning ustiga lotin yozuvi asosidagi o’zbek alifbosiga o’tilishi munosabati bilan turli mazmundagi lug’atlar masalasida ham islohotlar o’tkazish hayotiy zarurat bo’lib turibdi. Ana shunday lug’atlarni nashr qilish endigina boshlandi deyish mumkin. Turli mutaxassislikdagi, kasbdagi kishilarning ish faoliyatida, o’qish-o’qitish, adabiy me’yorlarni muntazam ravishda tartibga keltirib turishda, har xilliklarni bartaraf qilishda lug’atlarning ahamiyati katta ekanligini hisobga olib, yangi yozuvdagi lug’atlarni yaratish va nashr qilish ishini ham jonlantirish zarur. Negaki, ta’kidlanganidek, tilning me’yoriy va madaniy darajasini belgilashda lug’atlar asosiy oyna hisoblanadi.

9-ma’ruza: Adabiy me’yor va nutq madaniyati



masalalari
1   2   3   4   5   6   7


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azrefs.org 2016
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə