Islohot deb ataladigan ko’p qirrali va o’ta murakkab jarayon ijtimoiy-siyosiy hayotimizning, shubhasiz, barcha jabhalarini qamrab oladi




Yüklə 0.49 Mb.
səhifə5/7
tarix22.04.2016
ölçüsü0.49 Mb.
1   2   3   4   5   6   7

R ye j a:

1. Uslubiy me’yor tushunchasi.

2. Adabiy me’yor va uslub.

3. Uslubiy mezonlar.

4. Uslubiy me’yorlarning erkinligi.

5. Nutqiy oppozisiyalar.

6. Uslubiy me’yor va til uslublari.

7. Uslublardagi me’yoriy va nome’yoriy vositalar.


Tayanch so’z va iboralar :

Vazifaviy uslubilar : so’zlashuv, ilmiy, rasmiy, publisistik, badiiy uslublar va me’yor. Nutqning shakllanishida sharoit, mavzu, ijtimoiy muhit, dunyoqarash, tilni bilish darajasi. Uslubiy mezon.

Uslubiy me’yor to’g’risida ma’lumotga ega bo’lish ham filolog talabalar uchun muhimdir. Ammo bu me’yorning nozik tomonlarini tushunib olish adabiy til me’yori tizimidagi boshqa xususiy me’yorlarni anglashga nisbatan bir qadar og’ir kechadi. Buning sababini E.Begmatov shunday izohlagan edi : «Ma’lumki til sohalariga ko’ra normalar o’z materiali, ya’ni o’z til birliklariga egadir. Masalan, fonetik normalar – fonema, grafik normalar – grafema, morfologik normalar – morfema, leksik normalar – so’z (leksema), sintaktik normalar – so’z birikmasi, gap; so’z yasash normalari – yangi so’z va so’z formalari singari. Uslubiy normalarda ham mana shu kabi material, birikmalar bormi? Birinchi qarashda har bir uslub o’z mustaqil vositalariga egadek tuyuladi. Aslida esa bunday vositalarning yo’qligini ko’ramiz» (B ye g m a t o v B. va boshq. Adabiy norma va nutq madaniyati. – Toshkent, 1983, 78-79-betlar).

Demak, o’zbek tili sohalaridagi me’yorni namoyon etuvchi til vositalarining uslubiy me’yor doirasida yaqqol ko’zga tashlanib turmasligi uni alohida me’yor sifatida tushunishimiz va fahmlashimizni qiyinlashtiradi. Lekin bu mushkullikdan qat’iy nazar uslubiy me’yor to’g’risida aniq tasavvurga ega bo’lishimiz uchun uni adabiy til me’yorlari qatorida hisoblay olamizmi, u umumiy me’yor sirasidagi xususiy me’yorlarning bir ko’rinishi hisoblanadimi, agar hisoblansa, bu xususiy me’yorlar orasidagi mavqyei qanday va uning o’zbek nutqi madaniyatining takomillashib boruvida xizmati nimadan iborat bo’ladi, degan savollarga javob topishimiz lozim bo’ladi.

Xo’sh, uslubiy me’yorning o’zi nima va uni qanday tushunishimiz kerak? Ma’lum bir nutqiy vaziyatda, u og’zaki va yozma bo’lishidan qat’iy nazar, so’zlovchi va yozuvchining o’z niyati va muddaosidan, nutq mavzusi va mazmunidan kelib chiqib, til birliklarini qo’llash, tanlab ishlatish imkoniyati uslubiyatni yuzaga keltiradi. Bu birliklarni tanlab ishlatishga bo’lgan so’zlovchi yoki yozuvchining individual ehtiyoji ularning o’z uslubini, agar kengroq doirada olib qaraladigan bo’lsa, ana shu elementlarni ijtimoiy hayotning ma’lum sohalarida qo’llash bu sohalarda tobora xoslana boradigan vazifaviy chegaralanganliklarni, binobarin, funksional – vazifaviy uslublarni keltirib chiqaradi. Yuqoridagi savollarga javob berib bo’lganimizdan so’ng masalaning ana shu jihatiga kengroq to’xtalamiz.

Angladikki, tildagi har bir vosita uslubning shakllanishi uchun material bo’la olishi mumkin. Boshqacha aytganda, nutqiy jarayonda har bir til birligi uslubiy vosita bo’la oladi. Ularning me’yoriy darajasini esa, xuddi boshqa til me’yorlarida bo’lgani singari, nutqiy jarayon va vaziyat belgilaydi.

Aytilganlarni uslubiy me’yorni anglashdagi birinchi bosqich deyish mumkin. Qisqa xulosa shu bo’ladiki, uslubiy me’yor deganda tildagi birliklarning har bir nutqiy mavzu va vaziyatga mos tarzda qo’llanilishi tushuniladi.

Navbatdagi bosqichda uni adabiy tilning umumiy me’yori doirasida xususiy me’yorlardan biri sifatida qarash-qaramaslik masalasiga aniqlik kiritilishi zarur bo’ladi. «Tilshunoslikda uslub tushunchasini nutq oldiga qo’yiluvchi mezon deb bilishdan ko’ra, uni tilning o’ziga, til normasiga tegishli hodisa deb baholash, shunga ko’ra uslubni ham xuddi konkret normalar kabi real normalarga tenglashtirish ustun turadi. Uslub bilan bog’liq real normalar uslubiy normalar deb yuritiladi. Uslubiy normalar keltirilgan ma’noda tilning fonetik, morfologik, talaffuz, orfografik, sintaktik normalari bilan bir qatorda qayd etiladi» (B ye g m a t o v E. va boshq. Yuqoridagi asar, 78-bet).

Olimning o’z mulohazalarini qanchalik ehtiyotkorlik bilan bildirayotganidan qat’iy nazar uslubiy me’yorni ham yuqorida sanab o’tilgan adabiy til me’yorlari qatorida hisoblashga asoslar bor. Faqat uning nutq jarayonidagina reallashuvini e’tibordan chetda qoldirmasak bas. Aslini olganda, yuqorida til me’yorlari sifatida e’tirof etilayotgan fonetik, talaffuz, orfografik, leksik yoki grammatik me’yorlarning qaysi biri nutqdan tashqarida shakllanadi? Savol shu tarzda qo’yilgandagina masalani tushunish birmuncha oydinlashadi.

Uslubiy me’yorning boshqa xususiy me’yorlar bilan umumiy, ayni paytda, farqli tomonlarini anglash ham muhim. Masalan, har bir til birligi, aytaylik, biron bir morfologik birlik ham morfologik, ham uslubiy me’yor uchun obyekt bo’lsa, ularni bir-biridan qanday farqlash mumkin? Masala shu tarzda qo’yilganda morfologik me’yoriy holatlarni aniqlashga qaraganda uslubiy me’yorlarni aniqlash anchagina mushkul ekanligi ma’lum bo’lib qoladi. Buning ustiga, qay holatda morfologik me’yor buzilganu, qay paytda uslubiy me’yor buzilayotganligini payqash ham oson kechmaydi. Qiyoslaymiz : ukamni kitobi, kitobni o’qimoq. Birinchi misolda morfologik me’yorning buzilganligi ko’rinib turibdi. Nutqda –ning va –ni kelishik qo’shimchalarining farqlanmasdan ishlatilishi oqibatida bu buzilish sodir bo’lmoqda. Farqlanmaslikning oqibati mana bu misolda yana ham aniq bilinadi: (Uni) ukamni uyida ko’rdim. (Uni) ukamning uyida ko’rdim. Ukamni (o’z) uyida ko’rdim. Ma’lum bo’layaptiki, morfologik me’yorning buzilishi ikkinchi navbatda uslubiy me’yorning buzilishiga, ya’ni fikrning noaniq ifoda etilishiga olib kelmoqda. Talab esa boshqacha. Nutqda kimni ko’rganlik aniq ifoda etilgan bo’lishi kerak : ukaning o’zinimi yoki uning uyida boshqa birovnimi?

Endi so’z qo’llash me’yoriga ham diqqat qilib ko’raylik. Zavqiyda shunday misralar bor : Yuzingni ko’rsatib avval o’zingga bandalar qilding misolidagi yuz so’zini uning sinonimlari bilan almashtirib ko’ramiz: J a- m o l i n g ko’rsatib avval…, R u x s o r i n g ko’rsatib avval… Yana: T u r q i n g n i ko’rsatib avval o’zingga bandalar qilding, B a sh a r a n g ko’rsatib avval… va hokazo. Garchi bir sinonimik qatorda joylashgan so’zlar misrada o’rni almashtirilib qo’llanilayotgan va bu so’zlarning leksik ma’no darajasi teng bo’lsa ham, ularning uslubiy qiymatini bir xil deb aytish mutlaqo mumkin emas. Hatto keyingi almashtirishlar tufayli ifodada mantiqsizlik ro’y bermoqda, uslubiy me’yor qo’pol ravishda buzilmoqda.

Tahlildan shu narsa ma’lum bo’ladiki, adabiy til doirasidagi har bir me’yoriy buzilish nutqiy ifoda va mazmunga, binobarin, uslub va til madaniyatiga ham salbiy ta’sir o’tkazmasdan qolmaydi.

Aytilganlardan, uslubiy me’yor adabiy tilning boshqa xususiy me’yorlari bilan bir xil ekan-da, degan xulosa aslo kelib chiqmaydi. Nutqda boshqa me’yorlar buzilmasa ham uslubiy me’yorning buzilishini kuzatish mumkin : It - odamning do’sti. Odamning do’sti – it. Gaplarda so’zlarning o’rni va vazifasi almashgan bo’lsa ham, grammatik me’yor buzilgan emas. Ammo so’zlarning o’rni almashtirilishi bilan gapning mazmuni butunlay o’zgarib ketdi, binobarin uslubiy me’yor buzildi. Agar birinchi gapdan itning insonga vafodorligi, sadoqatli ekanligi anglashilayotgan bo’lsa, ikkinchi gapdan teskari ma’no tushuniladi. Mazmun o’zgarib ketib, umuman odam itga tenglashtiriladi.

Ko’rinadiki, adabiy tilning boshqa me’yorlari bilan uslubiy me’yor chambarchas aloqadorlikda, ayni paytda, ularning har biri o’zining alohida xususiyatlariga ham ega. Bu narsa uslubiy me’yorni o’zbek adabiy tili umumiy me’yorining alohida – xususiy ko’rinishi sifatida qarashimizga asos bo’la oladi.

Uslubiy me’yorni adabiy til umumiy me’yorining bir ko’rinishi ekanligini e’tirof etish bilan birgalikda uning boshqa xususiy me’yorlar bilan teng mavqyeda emasligini ham aytib o’tish lozim bo’ladi. Chunki uslubiy me’yorlar tilda belgilangan barcha xususiy me’yorlarning vazifaviy uslublarda matn talabi va manfaatidan kelib chiqib yashash shakli hisoblanadi. Shuning uchun ham me’yor tahliliga oid adabiyotlarda uni har bir vazifaviy uslub doirasidagi fonetik, leksik-semantik va grammatik hodisalardagi me’yorlar va ularning matn uslubiga ta’siridan izlash kerak, degan fikrlar bayon qilinadi.

Ko’rinadiki, uslubiy me’yorni boshqa me’yorlardan farqli o’laroq, til me’yori deb atashdan ko’ra, nutq me’yori deb atash maqsadga muvofiq bo’ladi. Chunki uslubiy me’yorlarni matndan tashqaridagi biron bir holatda aniqlash mushkul ekanligi tahlillardan ayon bo’lib qolaveradi. Shuning uchun ham E.Begmatov uslubiy me’yorlarda adabiy me’yorga mos bo’lmagan holatlarning mavjudligini hisobga olib, uni «adabiy normaning til sohalariga ko’ra belgilanuvchi normalari bilan bir qatorda turishi mumkin emas»ligini ta’kidlaydi. «Uslubiy norma, - deydi u, - bu – adabiy norma, dialektal norma, sodda so’zlashuv normasi kabi ko’rinishlarda namoyon bo’lishi mumkin» (B ye g m a t o v E. va boshq. Yuqoridagi asar, 78-bet).

Demak, me’yor haqida gap ketgan paytda, avvalambor, adabiy til qonun-qoidalariga rioya qilishni anglar ekanmiz, adabiy tilning amalda bo’lish jabhasi keng ekanligini ham unutmasligimiz kerak. Ana shu keng jabhani vazifaviy uslublar ma’nosida bilsak, uslub va me’yor munosabatlarini tushunishimiz ham osonlashadi. Binobarin, uslubiy me’yorlar haqida gap ketganda ularning vazifaviy uslublarda namoyon bo’lishi asosiy diqqat markazida turishi zarur.

Tildagi vazifaviy uslublarni dastlab nutq shakllariga – yozma va og’zaki nutq shakllariga bo’lish bu uslublarning faoliyat doirasi va qo’llanish ko’lamini aniqroq tasavvur qilishimizga ko’maklashadi. Bundan tashqari, qaysi uslubda bo’lmasin, nutqning yozma yoki og’zaki shaklda ifoda etilishi ma’lum ma’noda har bir uslubdagi me’yorlarning ham o’ziga xos ko’rinishlarda yuzaga kelishiga turtki bo’lishi mumkin. Masalan, birgina badiiy matnning janr ko’rinishlari sifatida roman yoki xalq dostonlarini olib qaraylik. Katta bir syujetga ega bo’lgan, yirik hajmdagi asarni maydonga keltirish uchun yozuvchi oylab, hatto yillab o’ylaydi, har bitta til birligini o’z joyiga qo’yish, ayni muddaosiga xizmat qildirish uchun bosh qotiradi. Binobarin, tildan foydalanishda aksariyat holda adabiy til me’yorining buzilishiga yo’l qo’yilmaydi. Mobodo qo’yilganda ham bunda ma’lum bir badiiy-estetik maqsad ko’zda tutilgan yoki badiiy asarning yuzaga kelish talablariga itoat qilingan bo’ladi.

Og’zaki ijod namunasi bo’lgan dostonlar matnining shakllanishida esa boshqacha bir holatni kuzatamiz. Keyingi paytlarda o’zbek xalq og’zaki ijodiga tegishli bo’lgan dostonlarning barchasi yozma matn holiga keltirilgan bo’lsa ham, boringki dostonchi – baxshi uni yodlab olib, doston mazmunini yozma matn asosida hikoya qilayotgan bo’lsa ham, unda matnni ijodiy o’zlashtirish va bayon qilish erkinligi bor. Tabiiyki, bunday holatda adabiy me’yorning buzilishiga sharoit yaratiladi. Badiiy uslub doirasidagi o’tirib, o’ylab yozilgan she’r bilan badiha tarzda aytilgan she’rni taqqoslashimiz ham bu fikrni isbotlaydi. Badiha she’rlar janr sifatida mavjud bo’lsa-da, nihoyatda kam uchrashining sabablaridan biri ham aslida adabiiy me’yorni buzib qo’yishdan qochishga intilish bo’lishi mumkin.

Bundan tashqari biron-bir ilmiy materialning yozma bayonini u qanday bo’lsa, shundayligicha o’qib berish bilan bu matnning mazmunini og’zaki bayon qilish holatlarini ham taqqoslaylik. Yoki bo’lmasin televideniye eshittirishlaridagi, ayniqsa «Axborot» dasturidagi jurnalistlarning ma’lum bir voqyea-hodisa, yangiliklar to’g’risida xabar berish jarayonidagi avval o’zi kamera qarshisida turib erkin gapirishi va kadr orqasida turib, avvaldan tayyorlab qo’yilgan matnni o’qib berishi o’rtasida, garchi bu nutqning har ikkalasi bir muallifniki bo’lsa-da, bir-birlaridan aynan me’yorga munosabatda farqlanishini kuzatamiz.

Aytilganlar shundan dalolat beradiki, me’yorni vazifaviy uslublar doirasida o’rganish jarayonida ularning yozma va og’zaki shakllarini e’tibordan qochirib bo’lmaydi. Me’yoriy buzilishlar asosan vazifaviy uslub materiallarining og’zaki ifodasida ko’proq kuzatiladi. Bu esa, o’z navbatida yozma nutqqa nisbatan og’zaki nutqning o’zbek tilida talablar darajasida takomillashmaganidan dalolat beradi.

Uslubiy me’yorlar chegarasini belgilashda mana bunday mulohazalarga ham duch kelamiz : «uslub – bu umumiy normaning individual tatbiqidir» (B ye g m a t o v E. va boshq. Adabiy norma va nutq madaniyati, 83-bet) Bu fikrni ikki xil ma’noda tushunishimiz mumkin. Birinchidan, til vositalarining har bir vazifaviy uslub doirasida qo’llanilishidan kelib chiqib belgilanadigan me’yor bo’lsa, ikkinchidan, har bir individ (shaxs)ning tildan foydalanishdagi me’yori.

Ma’lumki, odamning shaxs, inson sifatida shakllanishida qator omillar bilan birgalikda tildan foydalanishdagi o’ziga xosligi ham hisobga olinadi. Chunki ona tilidan foydalanish mahorati uning ko’pgina fazilatlarini o’zida mujassam qiladi. Garchi ma’lum tildan foydalanuvchilar uchun bu tilning adabiy me’yorlaridan foydalanish talab qilinsa-da, o’zi tarbiyalangan ijtimoiy muhitning ta’sirida unda tabiiy ravishda o’z me’yorlari ham shakllanadi. Xuddi tabiatda bir narsa ikkinchisiga aynan o’xshash bo’lmagani singari bir kishining nutqi ikkinchi bir kishinikiga aynan o’xshashi yoki ularning adabiy til me’yorlariga bir xilda rioya qilishi amalda qiyin bo’ladi. Shunga qaramasdan, umumadabiy til madaniyatiga bo’lgan intilish bu me’yorlarga amal qilishni taqozo etadi. Har bir inson yoki millat madaniyatining tobora yuksala borishi uning bu borada ham mukammallashib borishiga olib keladi.

Masalaning ikkinchi tomoni esa har bir millat hayotida ijtimoiy munosabatlarning, faoliyat sohalarining shakllana va kengaya borishi, binobarin, bu yo’nalishlarda tildan foydalanishning o’ziga xos usullari shakllanishi, buning natijasida til elementlarning ana shu sohalar va yo’nalishlararo taqsimlanishi bilan bog’liq bo’ladi. Oqibatda ularda tildan foydalanishda o’ziga xos uslublar vujudga keladi. Jamiyat taraqqiy eta borgani sari bu uslublarning miqdori, undagi chegaralanishlar tilning barcha sathlari bo’yicha tobora oydinlashib boraveradi.

Turmush sharoitiga, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy taraqqiyot darajasiga ko’ra, tilning qanchalik rivojlanganligi va undan foydalanish madaniyatiga qarab turli tillarda vazifaviy uslublar miqdori turlicha bo’lishi mumkin. Masalan, tadqiqotchilar tomonidan ularning soni adigey tillarida uchta deb ko’rsatilsa (K o k o v D.N. Z.Yu.Kumaxova, M.A.Kumaxov. Funksionalnaya stilistika adыgeyskix yazыkov. Resenziya // Voprosы yazыkoznaniya, 1981, № 3, s.148), ozarbayjon tilida oltitagacha ekanligi aytiladi (Azerbajchan bedii dilini? uslubijjatы.Ocherklar. – Bakы, 1970, 16-17-betlar).

Hozirgi o’zbek adabiy tili vazifaviy uslublari miqdori va tasnifi haqida ham turlicha qarashlar mavjud. A. Sulaymonovning «Til stillari haqida» nomli maqolasi ana shu masalaga oydinlik kiritish yo’lidagi dastlabki urinishlardan biridir. Muallifning «Stilistikaning vazifasi u yoki bu stilda yoki nutq formasida, ya’ni og’zaki va yozma nutqda, qanday til hodisalari ko’proq qo’llanishini aniqlashdan iboratdir» (S u l a y m o n o v A. Til stillari haqida // Sovet maktabi, 1964, №6, 21-23-betlar) degan gaplaridan tushunish mumkinki, u til yoki nutq stillarini yozma va og’zaki – so’zlashuv uslublariga ajratgan. Ђ. Abdurahmonov tasnifida ham ana shu fikr yetakchi o’rinda turadi: «Ma’lumki, nutq ikki xil (yozma va og’zaki) nutqdan iborat.

Yozma nutq: 1) badiiy nutq, 2) ilmiy nutq, 3) publisistik nutq, 4) rasmiy nutq, 5) neytral nutqdan iboratdir (Bu nutq turlari ayrim adabiyotlarda stilistik qatlamlar sifatida talqin qilinadi).

Og’zaki nutq esa turli ijtimoiy qatlamlarning nutqlaridan, turli sheva nutqlaridan tashkil topadi.

Nutq stili bo’lsa quyidagi qatlamlardan iborat bo’ladi: 1) neytral stil, 2) tantanali stil, 3) intim stil, 4) yumoristik stil va satirik stil, 5) rasmiy stil.

Nutqda (xoh yozma, xoh og’zaki bo’lsin) bu stil qatlamlari aralashib keladi, nutq janriga ko’ra biror stilistik qatlam yetakchi, asos bo’ladi» (A b d u r a h m o n o v Ђ. Stilistik normalar haqida // O’zbek tili va adabiyoti, 1969, № 6, 51-bet).

I. Qo’chqortoyev bu masalaga ancha ehtiyotkorlik bilan yondoshadi: «O’zbek adabiy tilining stilistik ixtisoslashuvi, uning funksional uslublari ilmda ham qat’iy chegaralab berilgan emas. – deydi u. – Shuning uchun bu masala yuzasidan hozircha aniq, izchil bir fikr aytish qiyin, albatta. Lekin o’zbek adbiy tili doirasida badiiy, ilmiy, ijtimoiy-siyosiy uslublarning o’ziga xos xususiyatlari, ularni bir-biridan farqlaydigan belgilar ma’lum darajada aniq sezilib turadi» (Q o’ ch q o r t o ye v I. Adabiy tilning stilistik tabaqalanishi va nutq madaniyati // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to’plami. – Toshkent, 1973, 110-bet).

Vazifaviy uslublar tasnifi masalasiga oid fikrlar S. Muhamedov tomonidan ham aytilgan (M u h a m ye d o v S. O’zbek tili funksional stillarini belgilash to’g’risida // O’zbek tili va aabiyoti, 1983, № 4, 58-bet).

B.O’rinboyev ham «Funksional uslubiyat va uning mohiyati» asarida ushbu masalaga to’xtaladi: «Hozirgi o’zbek tilidagi uslublar quyidagilardan iborat deb hisoblaymiz:

I.Til uslublari.

1.Kitobiy uslub; 2. So’zlashuv uslubi.

II. Nutq uslublari.

1.Asosiy kommunikativ uslub. Bu uslubga o’z navbatida: a) so’zlashuv nutqi uslubi; b) ilmiy nutq uslubi; v) gazeta – publisistik uslubi; g) rasmiy – ish nutqi uslubi kiradi» (O’ r i n b o ye v B. Funksional uslubiyat va uning mohiyati. - Toshkent: Fan, 1992, 32-33-bet).

N.A. Baskakovning quyidagi mulohazalari turkiy tillarda uning yana boshqa turlari mavjud bo’lganligidan dalolat beradi: «Turkiyning har bir mahalliy varianti stilistik sistemalari, birinchidan, ham prozaik, ham poetik janr tiplari va ko’rinishlarining ulkan rivoji va murakkablashishi bilan, ikkinchidan, barcha funksional uslublarning; 1. ilmiy – publisistik, (tarixiy) jug’rofiy, filologik xarakterdagi prozaik va poetik traktatlar, tabiiy va aniq fanlar bo’yicha prozaik hamda poetik asarlar va boshqalar; 2) badiiy (prozaik va ulkan darajadagi poetik asarlarning ko’plab poemalar, dostonlar, g’azallar, muxammaslar, soqiynomalar, qit’alar, ruboiylar, tuyuqlar kabi har xil turlari va xillari); 3) xizmatga doir (farmonlar, tarxon yorliqlari, nomalar, turlicha diplomatik hamda huquqiy hujjatlar va boshqalar); 4) diniy uslub (vaqf hujjatlar, diniy falsafiy va huquqiy asarlar, tafsirlar, imomlarning diniy murojaatlari kabi) larning ko’plab poetik va prozaik janr ko’rinishlari shakllanishi bilan xarakterlanadi.

Funksional uslublarning bu barcha tiplari va ko’rinishlari o’rta va yangi davr yozma va og’zaki turkiy tillarda sezilarli darajada ko’pchilik turkiy xalqlar uchun rasmiy din bo’lgan islom ta’sirida, u orqali esa o’sha davrda amalda bo’lgan qoidalar – adabiy yozma, qisman og’zaki, arab va fors tillari ta’sirida shakllandi» (B a s k a k o v N.A. Strukturnыye i funksionalnыye stilisticheskiye modifikasii v sovremennыx tyurkskix yazыkax // Razvitiye stilisticheskix sistem literaturnыx yazыkov narodov SSSR. – Ashxabad, 1968, s.57). Ko’rinadiki, o’zbek tilidagi vazifaviy uslublarga doir qarashlar umumlashtiriladigan bo’lsa, uslublar dastlab og’zaki va yozma shakllarga, ularni yana o’z navbatida ilmiy, rasmiy, ommabop, badiiy, diniy va so’zlashuv kabi ko’rinishlarga ajratish haqida qarashlar mavjud. Hozircha ulardan beshtasi – ilmiy, rasmiy, ommabop, badiiy, so’zlashuv uslublari va ularning me’yoriy xususiyatlari, til materiali sifatidagi hamda nutq jarayonidgi o’ziga xosliklari o’zbek tilshunosligida monografik yo’nalishda o’rganilgan (O’ r i n b o ye v B. O’zbek so’zlashuv nutqi masalalari. DD. – Toshkent, 1974; M u k a r r a m o v M. Hozirgi o’zbek adabiy tilining ilmiy uslubi semantik-funksional aspektda. DD. – Toshkent, 1985; K a r i m o v S.A. O’zbek tilining badiiy uslubi. DD. – Toshkent, 1994; B o b o x o n o v a D.A. Hozirgi o’zbek adabiy tilining rasmiy-ish uslubi, ND. – Toshkent, 1978; Q u r b o n o v T.I. Hozirgi o’zbek adabiy tilining publisistik uslubi. ND – Toshkent, 1987). Ammo diniy uslub o’zbek tilida haqiqatdan mavjudmi, agar mavjud bo’lsa, uning lingvostilistik xususiyatlari nimalardan iborat, degan masala hozircha o’rganilgan emas.

Mavjud materiallar asosida har bir uslubning me’yoriy xususiyatlari to’g’risida qisqacha ma’lumot berish mumkin bo’ladi. Bu o’rinda biz R. Qo’ng’urov, S. Karimov, T. Qurbonovlarning «O’zbek tilining funksional stillari» kitobidan ham foydalanamiz (Q o’ n g’ u r o v R.Q., K a r i m o v S.A., Q u r b o n o v T.I. O’zbek tilining funksional stillari. – Samarqand, 1984).

Rasmiy uslub hozirgi o’zbek tilining davlat-ma’muriy, huquqiy muassasalarida, rasmiy diplomatik munosabatlarida namoyon bo’ladigan ko’rinishidir. Qonun matnlari, farmonlar, farmoyishlar, buyruqlar, xullas barcha rasmiy ish qog’ozlari ana shu uslubda shakllanadi. Bu uslubning og’zaki va yozma ko’rinishlari, binobarin, ushbu ko’rinishlarning o’z me’yorlari mavjud.

Jumladan, aniqlik. Ushbu uslubda shakllangan matnda noaniqlikka, izohtalab o’rinlarga yo’l qo’yilmasligi lozim. Fikr va mazmun sodda, aniq va tushunarli tilda bayon qilinishi kerak: O’zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko’zlab va O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat beradigan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi.(O’zR Konstitusiyasi, 7 - modda).

Qolip. Fikr – mulohaza, bayon asosan bir qolipda ifodalanadi. Solishtiramiz: O’zbek milliy madaniyati rivojiga ulkan hissa qo’shgan marhum adabiyot va san’at namoyandalarini mukofotlash to’g’risida.

Betakror iste’dodi va o’lmas ijodiy merosi bilan o’zbek milliy madaniyatining rivojiga beqiyos hissa qo’shgan, butun hayotini el-yurt taraqqiyoti, xalqimiz ma’naviyatining yuksalishiga baxsh etgan vatandoshlarimizning xotirasini yod etib, ularni Vatan oldidagi unutilmas xizmatlarini inobatga olib, quyidagi marhum adib va san’atkorlar «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlansin. (O’zR Prezidentining 2001 yil 22 avgust Farmoni).

O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligi e’lon qilinganligining o’n yilligi munosabati bilan amnistiya to’g’risida.

O’zbekiston Respublikasi Mustaqilligi e’lon qilinganligining o’n yilligi munosabati bilan insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi 93-moddasining 20-bandiga asosan qaror qilaman (O’zR Prezidentining 2001 yil 22 avgust Farmoni).

Shu tarzda ariza, qaror, bildirishnoma, ma’lumotnoma, shartnoma, tabriknoma singari turli xarakterdagi rasmiy hujjatlarning har birining o’ziga xos bayon etish qolipi bo’ladi. Ayni paytda ularning har birining alohida so’z va turg’un birikmalari ham mavjud bo’ladi. Masalan, huquqiy hujjatlar matniga ko’z yugurtirsak, ularda boshqa vazifaviy uslublarda deyarli uchramaydigan atamalarga duch kelamiz: ma’muriy javobgarlik, fuqarolik holati, fuqarolik javobgarligi, aybdor, gumondor, jabrlanuvchi, sudlanuvchi, guvoh, jamoat kafilligi, surishtiruv, jabrlanuvchi bilan yarashuv va boshqalar.

Ish qog’ozlari va hujjatlarning xilma-xilligiga qarab ularga oid atamalarning me’yorlashuvi va chegaralanuvi ham kuzatiladi. Qiyos uchun diplomatik munosabatlar doirasidagi so’z va iboralarga ko’z yugurtiraylik : ahdlashuvchi oliy tomonlar, elchi, elchixona, muxtor elchi, muxtor vakil, ishonchli vakil, nota, ratifikasiya, shartnoma, bayonot, qo’shma bayonot, deklarasiya, tashrif, qarorgoh kabilar.

Ushbu uslub uchun jargonlar, oddiy so’zlashuvga xos so’zlar, emosional- ekspressiv bo’yoqqa ega bo’lgan so’zlarning ishlatilishi me’yor sanalmaydi va shu jihati bilan boshqa uslublardan keskin farq qiladi.

Rasmiy uslubning grammatik me’yori ham alohida xususiyatlarga ega. Masalan, ot so’z turkumiga oid so’zlar ko’p ishlatiladi. Noaniqliklarga yo’l qo’yilmaslik maqsadida ular olmoshlar bilan almashtirilmaydi: O’zbekiston Respublikasi o’z taraqqiyot yo’lini, o’z nomini aniqlaydi, o’z davlat ramzlarini: gerbi, bayrog’i, madhiyasini ta’sis etadi, o’z davlat tilini belgilaydi. O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzlari muqaddasdir (1991 yil 31 avgustda qabul qilingan «O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to’g’risida» gi Qonunning 16 - moddasidan).

Bu uslubda fe’lning harakat nomi shakli faol qo’llaniladi, gapning kesimi ko’pincha hozirgi zamonning majhul nisbatida ifodalanadi, hujjatning xarakteriga qarab shart mayli shakliga tez-tez murojaat etiladi. Masalan, «O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining «O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining mutlaq vakolatlari» haqidagi 78 – moddasida o’zgartish va qo’shimchalar kiritish, qabul qilish, belgilash, tasdiqlash, tartibga solish, o’zgartirish, joriy qilish, komissiyasini tuzish, saylov kunini tayinlash, saylash, ozod etish, ratifikasiya qilish, ta’sis etish, amalga oshirish singari fe’lli birikmalar ishlatilgan. Ushbu hujjatda amalga oshiriladi, asos bo’ladi, tashkil etadi, belgilanadi, asoslanadi, hisoblanadi, himoya qilinadi, amalga oshiradi, tan olinadi, ish ko’radi, ado etadi, kafolatlanadi, taqiqlanadi singari fe’llarning faol ishlatilishi ham yuqoridagi fikrning tasdig’idir. Yana : O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning ma’ruzasidagi konseptual qoidalar va xulosalar ma’qullansin hamda ular Oliy Majlisning kelgusi faoliyatida inobatga olinsin. Ma’ruzaning … dasturiy xulosalari prokuratura, boshqa huquqni muhofaza qilish organlari, sudlar faoliyati uchun asos qilib olinsin. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga … mustaqillik va demokratiya qo’lga kiritgan yutuqlarni himoya qilish, ijtimoiy adolat, fuqarolar tinchligi hamda totuvligini ta’minlash ishlarini kuchaytirish t a v s i ya e t i l s i n. (O’zR Prezidenti I. A. Karimovning ikkinchi chaqiriq Oliy majlisining oltinchi sessiyasidagi ma’ruzasi yuzasidan O’zR Oliy majlisining 2001 yil 29 avgust qaroridan).

Shu o’rinda rasmiy uslubda yozilgan matnlar uchun barcha morfologik vositalar va kategoriyalarning qo’llanilishi bir xil darajada emasligini ta’kidlash ham maqsadga muvofiq. Masalan, sonlar va olmoshlar bu uslubda boshqa so’z turkumlariga qaraganda ikkinchi darajali omil hisoblanadi.

Rasmiy uslubning sintaktik alomatlari ham matnda darhol ko’zga tashlanadi. Unda darak gaplar, uning ayniqsa qo’shma gap shakli ko’p ishlatiladi. Yoyiq va murakkab so’z birikmalari mahsuldor hisoblanadi, murakkab tipdagi nomlar keng qo’llaniladi. Gap tuzilishida o’zbek tilidagi odatdagi me’yorga amal qilinadi va yuqorida sanalgan jihatlari bilan ilmiy uslubga o’xshab ketadi.



Ilmiy uslub ilmiy asarlar uslubidir. Til birliklarining fan sohasida, ilmiy bayon jarayonida ishlatilishi mazkur uslubning shakllanishiga asos bo’ladi. Ilmiy tafakkur fikrlashning o’ziga xos usuli ekanligi, obyektiv borliqni idrok etishda faqatgina dalil va faktlarga tayanish, fikriy izchilik kabi ekstralingvistik omillar ham nutqning ush- bu turining shakllanishida, binobarin, nutqiy me’yorning o’ziga xos turining yuzaga kelishida muhim omil sanaladi.

Yuqorida bu kabi xususiyatlarning mushtarakligi bilan rasmiy uslubga yaqinligi aytib o’tilgan edi.

Ilmiy uslubning janr xususiyatlari ham keng. Monografiya, risola, darslik, o’quv qo’llanmasi, o’quv-metodik qo’llanma, dastur, ma’ruza matnlari, taqriz va referat singarilar uning ana shu janr ko’rinishlari hisoblanadi. Garchi ularning har birining bayon usuli va uslubi ma’lum darajada bir-birlaridan farq qilsa-da, til birliklaridan foydalanish me’yoriga ko’ra umumiylikni tashkil etadi.

Ilmiy uslubga xos xususiyatlar quyidagilardan iborat:

1. Aniqlik. Har qanday ilmiy bayon, xulosa, shubhasiz, aniqlikni talab qiladi. Shuning uchun bu uslubda so’zlarni aniq, asosan bir ma’noda qo’llash, sinonimik qatordagi variantlardan masalaning mohiyatini birmuncha aniq ifoda etadigan variantini tanlash, hyech bo’lmaganda neytral variantini qo’llash taqozo etiladi. Terminlarni qo’llash bu uslubning asosiy xususiyati sanaladi: Ximiyaviy tarkibiga ko’ra gerbidsidlar anorganik va organik gerbidsidlarga bo’linadi. Anorganik gerbidsidlar: natriy arsenit, ammoniy sulfat, kalsiy sianamid, sulfat kislota va boshqalar. Organik gerbidsidlar: traktor kerosini, mochevina hosilalari, xlorfenoksisirka kislota, xlorfenoksimoy kislota va boshqalar. Hozirgi vaqtda ko’proq organik birikmali va ba’zan anorganik birikmali gerbisidlar qo’llaniladi (Dehqonchilik, 134).

2. Obyektivlik. Ilmiy adabiyotlarda bu uslub doirasida til materiali fikrning haqqoniyligi, obyektivligiga xizmat qilishi lozimligi uqtiriladi (M u k a r r a m o v M. Hozirgi o’zbek adabiy tilining ilmiy stili. – Toshkent, 1984, 17-bet). Lekin «Mantiq» darsligidan bir misol keltiramiz: «Epimenid «Men yolg’on gapiraman» deb aytdi. Bu paradoksni mutlaqo hal etib bo’lmaydi. Aytaylik, Epimenid rost gapirdi, bu holda uning haqiqatda yolg’on gapirgani aniq bo’ladi. Aytaylik, u yolg’on gapirdi. Bu holda uning haqiqatda ham rost gapirgani ma’lum bo’ladi» (X a y r u l l a ye v M., H a q b ye r d i ye v M. Mantiq. – Toshkent, 1993, 282 –bet).

Ma’lum bo’ladiki, haqqoniylik, obyektivlik nihoyatda murakkab jarayon bo’lib, uning reallashuvida faqatgina til birliklariga tayanib ish ko’rish qiyin. Uni vaziyat, suhbatdoshlarning bir-birlarini bilishi va tushunishi kabi ekstralingvistik omillar ham belgilashi mumkin.

3. Mantiqiy izchillik ilmiy bayon uslubining o’ziga xos xususiyatini tashkil etadi. Matnda so’zlar, gaplar, abzaslar o’zaro mantiqiy bog’langan bo’lishi lozim. Shuning uchun ham ilmiy matnlar bu izchillikni yuzaga keltiruvchi ma’lumki, ma’lum bo’ladiki, ta’kidlash lozimki, ta’kidlash o’rinliki, darhaqiqat, binobarin, shunday ekan, birinchidan, ikkinchidan, ko’rinadiki, ta’kidlash joizki, xulosa qilib aytganda, xulosa qilganimizda, birgina misol, faqat bugina emas singari ko’plab bog’lovchi vazifasini bajaradigan so’z va birikmalar qo’llaniladi.

4. Qisqalik. Bu xususiyat aynan ilmiy bayonga xos xususiyatdir. Shuning uchun unda tilning tasviriy imkoniyatlaridan deyarli foydalanilmaydi. Gaplar darak mazmunida bo’lib, asosan sodda yoyiq holda bo’ladi. Agar fikr qo’shma gaplar yordamida ifodalansa, bog’lovchilarning faol ishlatilishi kuzatiladi: Ђalla ekinlari urug’larini saqlashga ancha chidamli hisoblanadi. Qishloq xo’jaligini sifatli urug’ bilan ta’minlashda uni saqlash muhim tadbirdir. Ekiladigan g’alla urug’lari uchun davlat standarti belgilangan (Qishloq xo’jalik mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash texnologiyasi).

Ilmiy uslub fonetik jihatdan boshqa uslublardan farqlanib turuvchi yorqin belgilarga ega emas. Leksikasida esa farq qiluvchi jihat sohaviy atamalarning ko’pligi hisoblanadi. Bu uslubda ham, xuddi rasmiy uslubda bo’lgani kabi, so’zlarni ko’chma ma’nolarda qo’llash, tasviriy vositalardan unumli foydalanish xos xususiyat sanalmaydi. Subyektiv emosionallik, obrazlilik, og’zaki nutq elementlari, umuman g’ayri adabiy unsurlar kam ishlatiladi. Mumkin qadar bayon bir xil me’yorda ifoda etiladi. Shu bilan birga, ayrim holatlarda fikr yuritilayotgan manba, mavzu bilan uyg’un ravishda ba’zan bu uslubda ham obrazli ifodalardan foydalanish istisno emas. Masalan: Differensial tenglamalarning xususiy hosilalari fizikaga ch o’ r i b o’ l i b ishga kirdi, keyin u ch o’ r i d a n b ye k a g a a y l a n i b k ye t d i (R.Bekjonov).

Muallif individualligining kam sezilarli bo’lishi ham ilmiy uslubning o’ziga xos xususiyatlaridan biridir.

Ilmiy uslubning morfologik xususiyatlari to’g’risida M.Mukarramovning «Hozirgi o’zbek adabiy tilining ilmiy stili» monografiyasida quyidagi fikrlar bayon qilingan:

Ilmiy uslubda faqat adabiy tilda me’yor sifatida e’tirof etilgan grammatik ko’rsatkichlardan foydalaniladi. So’z turkumlaridan ot faol, ayniqsa takror qo’llanadi. Subyektiv baho shakllari xos emas. –lar ko’plikdan boshqa semantik-uslubiy ma’nolarni ifodalamasa-da, atama hosil qilishda ishtirok etadi. Umumiy egalik ustun turadi, I-II shaxs qo’shimchalari ishlatilmaydi, III shaxs shakli faol. Undov va taqlid so’zlar ham bu uslubga xos emas. Yuklamalarning esa imkoniyati chegaralangan.

Ilmiy nutq uchun deyiladi, aytiladi, yoritiladi, bayon qilinadi, aniqlanadi, tekshiriladi, foydalaniladi, ta’riflanadi singari xoslangan fe’llar mavjud. Fe’lning majhul daraja shakli ham bu uslub uchun xos. Ammo hozirgi-kelasi zamon shaklidan tashqari xarakterli zamon ko’rsatkichi yo’q. Kishilik olmoshlari kam qo’llaniladi. Bu gap faqat muallif va men ma’nolarida qo’llaniladigan hamda kamtarlik ma’nosini ifodalaydigan biz olmoshiga tegishli emas.

M.Mukarramov ushbu monografiyasida «Adabiy tilning konkret ko’rinishlari bo’lgan so’zlashuv, badiiy, publisistik, rasmiy-hujjat va ilmiy nutqlarning real mavjudligini tan olsak, u vaqtda har bir nutq turining o’z modal ma’no ifodalovchi so’zlarini ham tan olishimizga to’g’ri keladi» (M u k a r r a m o v M. Hozirgi o’zbek adabiy tilining ilmiy stili, 108-bet) degan mulohazani aytib, demak, xullas, darhaqiqat, haqiqatan, shubhasiz, albatta, darvoqye, masalan, jumladan, ayniqsa, xususan, aksincha, afsuski singari modal so’zlar va modal ma’no anglatuvchi boshqa birliklar tahlil qilingan.

Shu singari ilmiy uslubning ammo, lekin singari o’z bog’lovchilari, bilan, uchun, kabi, singari, haqida, to’g’risida, tufayli, sababli, doir, oid, binoan, tashqari, qaraganda, asosan, muvofiq, qadar singari ko’makchilari borligini ham qayd qilish to’g’ri bo’ladi.

Ilmiy uslubda bayon etilayotgan matnning sintaktik qurilishi fikriy tugallikka, mantiqiy izchillikka xizmat qiladi hamda bayonning tabiatidan kelib chiqib, bir tarkibli gaplarning shaxssiz, shaxsi umumlashgan turlari faol. Undov, atov gaplar qo’llanilmaydi, nutq monologik xarakterda bo’ladi. Rasmiy uslubdagiga o’xshab gap tuzilishining odatdagi tartibi qo’llaniladi. Qo’shma gap faol ishlatiladi. Darak gap asosiy mavqyeni egallaydi, so’roq va buyruq gaplar deyarli qo’llanilmaydi.

Ommabop uslub o’zbek tilshunosligida T.Qurbonov tomonidan monografik yo’nalishda o’rganilgan (Q u r b o n o v T.I. Hozirgi o’zbek adabiy tilining publisistik stili. ND. -Toshkent, 1987).

Til taraqqiyotida muhim omil sanaladigan publisistika o’z navbatida tilning imkoniyatlaridan ham keng foydalanadi.

Ommabop uslub imkoniyatlarining kengligini lingvistik va ekstralingvistik omillarning mustahkam aloqadorligida kuzatamiz. Publisistik janrda yozilgan asarlarning mohiyatan hozirjavobligi, ularning axborot hamda targ’ibot-tashviqot xarakterda bo’lishi va ommani dunyo yoki mamlakatimiz miqyosida sodir bo’layotgan voqyea-hodisalardan zudlik bilan xabardor qilish natijasida yuzaga keladigan novatorlik unda tabiiy ravishda yangi ijtimoiy-siyosiy terminologiyaning qo’llanilishi va tilimizda me’yorlashishiga sabab bo’ladi. Boshqacha aytganda, ommabop uslub tilning yangi so’z va iboralar hisobiga boyib borishiga ko’maklashadi.

Ommabop uslub ma’lum ma’noda oraliq uslub sanaladi. Bu uslubda shakllangan matnlar obrazliligi, ta’sirchanligi, tasviriy vositalarning mahsuldor qo’llanilishi bilan badiiy uslubga yaqinlashsa, dialektizmlar, istorizmlar, argo va jargonlar qo’llanilmasligi bilan undan uzoqlashadi. Ifodaning aniqligi va publsistik janrlarga xoslangan hamda ijtimoiy-siyosiy terminologiyaning qo’llanilishi bilan ilmiy uslubga o’xshaydi. Ayni paytda ifodadagi qisqalik, lo’ndalik, ixchamlik, yorqinlik kabi xislatlar ham uni ilmiy uslub bilan yonma-yon qo’yadi.

Radio va televideniyedagi ayrim chiqishlar bu uslubdagi matnda so’zlashuv uslubi elementlari ham ba’zan aralashib ketishi mumkinligini ko’rsatadi.

Ma’lumki, publisistika badiiy, siyosiy, ilmiy jabhalarni qamrab oluvchi yirik soha hisoblanib, ommaviy axborot vositalari sanaladigan radio va televideniyeda, gazeta va jurnallar sahifalarida aks etadigan yangilik, xabar, reportaj, tahlilnoma, bosh maqola, maqola, ocherk, felyeton, pamflet, e’lon, reklama singari qator janrlarni qamrab oladi. Ana shu qamrov doirasining kengligi o’z navbatida til birliklarining har bir janrda alohida tarzda me’yorlashuvini taqozo etadi. Bu o’rinda esa me’yorlashishning umumiy jihatlari xususida so’z yuritish imkoniyati mavjud.

T.Qurbonovning kuzatishicha, sifatdosh oborotlar, fe’llarning shart mayli shakllarining almashinib ishlatilishi, ritorik so’roq, ritorik murojaat, undov, bir bosh bo’lakli gaplarning faolligi bu uslubga xos xususiyatlar sanaladi (Q o’ n g’ u r o v R., K a r i m o v S., Q u r b o n o v T. O’zbek tilining funksional stillari.- Samarqand, 1984, 35- bet). Eng muhimi, ijtimoiy-siyosiy atamalar ko’p qo’llaniladi. Hatto umumiste’moldagi so’zlar ham ommabop uslubda yozilgan matnda atamaga aylanishi mumkin: ovoz, ochiq ovoz, yopiq ovoz, hal qiluvchi ovoz, maslahat ovozi, qarshi ovoz, ovozga qo’ymoq , ovoz bermoq, Osiyo ovozi singari.

Ijtimoiy- siyosiy atamalar asosan –chi, -parast, -parvar, -xona,-noma

qo’shimchalari yordamida yasaladi. Misollar: terrorchi, qo’poruvchi, aqidaparast, millatparvar, devonxona, bojxona, hissador, tadbirkor kabi.

Shu o’rinda mazkur uslubda so’z yasalish imkoniyatining boshqa vazifaviy uslublarga nisbatan mahsuldor ekanligini ta’kidlash o’rinli bo’ladi.

Turli metaforik turg’un birikmalar - davr talabi, do’stona suhbat, yuqori hosil uchun kurash, yaratuvchilik ishlari, dunyo hamjamiyati, mustaqil mamlakatlar hamdo’stligi, mustaqillikni mustahkamlash singarilarni faol qo’llash ham ommabop uslub tabiatiga mosdir.

So’roq gaplarning faol ishlatilishi, ularning murojaat va dialog shaklda bo’lishi, bunda savol beruvchi ham, javob beruvchi ham muallifning o’zi bo’lishi (Ђurur nima o’zi? Rangi qanaqa? U hammada birday bo’ladimi yoki aksinchami? Menimcha, g’ururli odam mamlakat miqiyosida amalga oshirilayotgan har qanday muvaffaqiyatni o’ziga tegishli deb biladi va undan quvonadi. Xalq so’zi, 2001 yil 20 sentyabr), uyushiq bo’lakli gaplarga ko’proq murojaat qilinishi (Chunki o’qituvchi zoti mashaqqatli mehnati, hayotiy tajribasi, beqiyos mehri bilan yosh avlodga faqat ilm-fan sirlarini o’rgatib qolmay, uning yuragida Vatanga muhabbat, ajdodlar ruhiga hurmat, el-yurtga sadoqat kabi yuksak tuyg’ularni kamol toptirishda ibrat va namuna bo’ladi. I.Karimov. O’zbekiston o’qituvchilariga va murabbiylariga tabrik. Xalq so’zi, 2001 yil 29 sentyabr), undovlarning, kirish bo’laklar va kirish gaplarning (Vaholanki, ular o’z mutaxassisligi bo’yicha qayerga joylashishni bilmay yurishgandi. Albatta, bu bilan muammo bartaraf etildi, deb aytish noto’g’ri bo’lar edi. Ishonch, 2001 yil 22 sentyabr), shaxsi umumlashgan gaplarning keng qo’llanishi bilan ajralib turadi.

Ommabop uslubning badiiy uslub bilan mushtarak tomonlari, ayniqsa, uning leksikasi va frazeologiyasida seziladi.

Yuqorida ta’kidlab o’tganimizdek, yangilikni yoritishga bo’lgan intilish ommabop uslubning asosiy xususiyati sanalib, bu xususiyat tilning yangi so’z va iboralar bilan boyib borishiga sabab bo’ladi. T.Qurbonov bu uslubda so’z yasalishning ikki ko’rinishi – morfologik va kompozision usulining mahsuldor ekanligini ta’kidlaydi hamda bunda -chi, -shunos, -parast, -xona, -dosh, -lik, -cha birliklarining ahamiyatini alohida ta’kidlaydi.



Badiiy uslub o’zbek tili vazifaviy uslublari orasida o’ziga xos mavqyega ega bo’lib, ayni paytda o’zining alohida ma’yorlariga ham ega. Til materialini qamrab olish imkoniyatining kengligi, umumxalq tilida mavjud bo’lgan barcha lingvistik birliklarning, shu bilan birga, boshqa vazifaviy uslublarga xos bo’lgan elementlarning ham ishlatilaverishi va ularning muhim bir vazifaga – badiiy-estetik vazifani bajarishga xizmat qilishi badiiy uslubning asosiy xususiyati hisoblanadi. Tabiiyki, bunday imkoniyatlar boshqa vazifaviy uslublarda chegaralangan.

Til vositalarini qo’llashdagi ana shu keng qamrovlilik bo’lishi bilan birga bu uslub doirasida ularni qo’llashning ma’lum me’yorlari ham amal qiladiki, fonetik, grammatik, leksik va frazeologik xususiyatlar tarzida ko’zga tashlanadigan ana shu me’yorlar uni boshqa vazifaviy uslublardan chegaralash imkonini beradi.

Badiiy adabiyot tilidagi fonetik o’zgarishlar asosan matnda tovushlarning qisqargan va orttirilgan (S o’ r m a mendan, kim diloro / Do’stmi yo janona deb. E.Vohidov; Ne balolig’ kun edikim. O sh i n o bo’ldim sango. Alisher Navoiy; Sh a b b o d a men seni ko’rmayman, / Qo’limga tutmayman. Zulfiya), ona tilimizning tarixiy taraqqiyot va she’riyat qoidalariga mos tarzda «z» ning «y» ga ( S o’ y l a quyosh nimalar bo’lgan, / Sen chiqqanda birinchi marta. H.Olimjon), «q»ning «g’»ga (Quyosh orqasidan –behisob ch i r o g’ / Nuriga kiradi mamlakat shu ch o g’. Zulfiya) o’tgan ko’rinishlarda me’yorlashgan.

Shuningdek, badiiy uslubda, xususan poetik nutqda hozirgi adabiy orfografik me’yor talablariga muvofiq kelmaydigan qaro, yamon, yaro, oshno, talosh singari so’zlar ham ishlatilaveradi.

O’zbek tili grammatik, xususan morfologik uslubshunosligining nazariy masalalarini, ayniqsa so’z turkumlaridan ot va unga bog’liq kategoriyalar uslubini o’rganishga bag’ishlangan yirik tadqiqotlar R.Qo’ng’urov qalamiga mansub (Qarang: O’zbek tili stilistikasidan ocherklar.- Samarqand,1975; Grammatik stilistika// O’zbek filologiyasi. – Samarqand, 1976; Stilistika imeni suщyestvitelnogo v uzbekskom yazыke. – Tashkent, 1983; Subyektiv baho formalarining semantik va stilistik xususiyatlari. – Toshkent,1980; Semantiko-stilisticheskiye osoben nosti formoobrazuyuщix morfem imeni suщyestvitelnogo v uzbekskom yazыke: Avtoref.dis. …d-ra filol nauk. – Baku,1982; O’zbek tili stilistikasi (hammualliflikda). – Toshkent,1983 kabilar).

O’zbek tili so’z turkumlarining grammatik shakllari turli adabiy, tarixiy hamda dialektal variantlarga ega bo’lib, ular hozirgi adabiy til me’yori nuqtai nazaridan bir tomondan qo’llanish chastotasiga ko’ra faol yoki aksincha bo’lsa, ikkinchi tomondan ularda vazifaviy-uslubiy chegaralinish ham sezilib turadi. Bu xususiyatlar so’z yasovchi hamda ko’plik, egalik, kelishik, daraja, shaxs-son, zamon, mayl, nisbat kabi ma’nolarni ifoda etuvchi affikslarning nutqdagi ishtirokida, yordamchi so’zlarning turlicha ko’rinishlari va variantlarida namoyon bo’ladi. Ularning ma’lum qismida badiiy uslubga xoslanganlik mavjud.

Masalan, -lar kesim tarkibida kelgan paytda hurmat (Dadam k ye l d i l a r), kinoya, piching (Mulla Eshmat, k ye l s i n l a r ) kabi ma’nolar so’zlashuv uslubiga xos bo’lsa, ta’kid, kuchaytirish, mubolag’a singari ma’nolar badiiy uslubda ko’proq ishlatiladi (Shu k o’ z l a r yulduzday abadiy kulsin, Bahor y o’ l l a r i n g g a to’shasin chechak. Zulfiya). Bu kabi holatlar ilmiy va rasmiy uslublarda ko’zga tashlanmaydi.

Bundan tashqari bu uslublarda grammatik shakllarning adabiy-me’yoriy variantlari qo’llanilsa, aksincha, badiiy uslubda bu grammatik shakllarning barcha ko’rinishlari – lahja va tarixiy variantlari ham asarning mavzu talabi bilan qo’llanilaveradi.

Uslubiy xoslanish kelishik qo’shimchalari variantlarining tanlanishida ayniqsa seziladi. Masalan, qaratqich kelishigining –(i)m (Axir hayajonlar o’zligim m a n i m , / Mayli qalbingga ham ko’chsin hayajon. K.Bahromova), -n (Qanday ko’rkam qizlar a v l o d i n /Xassos didi va shoir dili. Zulfiya), -ing ( Shavqimning shuhrasi boshing uza zar tora fido, / K o’ n g l u m i n g mahzani gul orazi gulnora fido. Joniy) tarzida qo’llanishi, qaratqich-qaralmish inversiyasi (Yarqirar ming bir bahor ko’rki kamolingda sening, /Oftobning aksi bor o’tlug’ jamolingda sening. J.Jabborov), grammatik ko’rsatkichlarsiz kelishi (Qarshingda turibdi u m r i m bir kuni, / Mening uvoq she’rim mening dilporam. J.Kamol); tushum kelishigining –(i)n (Uchirsang-da ko’kka yurak k u l i n , / Achchig’lanmam senga nozli quyosh. Fitrat) va belgisiz shakli (Ulug’ Hoqon, sendan so’rov shu erdi. / Elga sabr, bardoshdan bo’lak n a r s a ber. H. Xudoyberdiyeva); jo’nalish kelishigining – a (Tog’larning yuzi qora. Na ko’kat bor, na lola. Ul taajjub etardi. Kunduzdagi a h v o l a… H. Olimjon), - na (Soya tushsa nogahon bu jismi betob u s t i n a. Navoiy), -qa (Hajri ashkim yetkurur har dam q u yo sh q a bir hayot. Navoiy), -g’a (Yo ilohi, emdi qilg’aysan bu bandangga nazar. Jandami, bir do’sh etib, kirdim y o’ l u n g g’ a darbadar. Mashrab) hamda belgisiz holatda bo’lishi ( M a k t a b bordik - og’ir bo’lib qoldik daf’atan. A.Oripov); chiqish kelishigining –din tarzida ishlatilishi (Vatan s ye v m a k d i n ortiq Menga olamda shior bo’lmas. E.Vohidov), o’rin kelishigi qo’llanganda u bilan egalik qo’shimchasi o’rtasida bitta «n» tovushining orttirilishi (Surxoningda anor guli kahrabodur, Yoboningda bodomlaring talx g’izodur, Qovun-tarvuz q u r s o g’ i n d a selitrodur, Kimlar seni bemor etdi, Tabiatingni xor etdi. O.Hojiyeva) shu uslubga xos xususiyatlar sanaladi.

Sifat va son turkumlari doirasida qaraladigan grammatik birliklarning ko’pchiligi barcha vazifaviy uslublarda ishlatilishi bilan xarakterlansa-da, ularda ham uslubiy farqlanishlarni, stilistik ottenkalarni payqash qiyin bo’lmaydi (Bu haqda yana qarang: Q o’ n g’ u r o v R. Sifat stilistikasi // O’zbek tili stilistikasi va nutq madaniyati masalalari. - Samarqand, 1982, 3-10 betlar; Sh u m u a l l i f. Olmosh stilistikasiga oid ayrim mulohazalar// O’zbek tili stilistikasidan kuzatishlar. –Samarqand, 1981, 4-21-betlar). Masalan, sifatdagi –lik qo’shimchasining –liq, -lig’, -luq, -lug’ kabi shakllari (Shohigul ermas bu o’ t l u g’ yuzlaring hijronida. E.Vohidov) ajralib turadi; charog’on, shodon, za’faron kabi so’zlar tarkibidagi –on; chirkin, otashin kabi so’zlardagi –in affikslarida badiiy uslubga xos chegaralanganlik seziladi (So’ng bu iflos zafardan Ular shodon yurdilar. Olamda mard yo’q ekan. Bizlar mardmiz dedilar. O.Matjon).

Olmoshlarning uslubiy chegaralanishlari badiiy adabiyotda sezilarli o’rin tutadi. Kishilik olmoshlarini olaylik. Men, biz, sen, siz, ular singari olmoshlarning biri o’rnida ikkinchisi, ya’ni men o’rnida biz (-Ma, ich, amir, -dedi va kuldi. –Bilib qo’y, b i z d a y amirul-mo’min qo’lidan yolg’iz sen may ichursen. O.Yoqubov), men o’rnida sen (..Bilmaydikim… yo’q, to’xta Muhammad Tarag’ay! Nechun s ye n shahzodadan ranjiysen. O.Yoqubov), siz o’rnida sen (Izn ayla! Ona. Darig’ tutma lutfingni, Avval shuki, s ye n g a qalqon bo’la olmagan Bizni - noshud farzandlarni afu etgaysen. E.Samandar) qo’llanishi bu uslub uchun me’yor sanaladi.

Fe’lda badiiy uslubga xos belgilar sifatida quyidagilarni ko’rsatish mumkin: Emoq-ermoq (Kecha ustod chaqirtirgan e r k a n. O.Yoqubov), kan-kin ( B o’ l g a n m i k i n yer uzra bir ko’z Ko’rmak uchun seni osmonda. H.Olimjon), -gin/-gil/-g’il ( Q o’ y g i l u kunlarni eslatma menga. A.Oripov; Lekin hazar q i l m a g’ i l. O.Yoqubov), -sin/-sun (Jonlar sening yuzginangdan a y l a n s u n. Fitrat) kabilar.

Uslub talabi bilan o’zaro o’rin almashishlarni mayl va nisbat kategoriyalari misolida ham kuzatamiz. Masalan, shart mayli - aniqlik mayli: Terimchi chevarlar etaklab qoplab Tog’day xirmonlarga keltirib t o’ k s a, Men behad sevaman (Zulfiya). Yoki aksincha: Men hayot e k a n m a n, hayotsan sen ham (Zulfiya). Buyruq mayli - shart mayli: Boysunqur mirzo z o’ r a v o n l i k q i l s i n ! Men mo’minlarcha bosh egib elchi yuboray! (O.Yoqubov), buyruq-istak mayli – aniqlik mayli (Qayga b o r s i n taqdirdan qochib? (Zulfiya).

Mayl shakllarining bu tarzda qo’llanilishi ilmiy va rasmiy uslublarda chegaralangan. Ularda fe’llar asosan aniqlik mayli shaklida bo’ladi.

Badiiy uslubda fe’lning barcha nisbat shakllari ishlatiladi. Ammo aniq nisbatdagi fe’llar birmuncha faol. Ilmiy nutqda esa, aksincha, fe’llar asosan majhul nisbatda qo’llaniladi.

Badiiy asar bayonida zamon shakllarining barchasi ishtirok etadi. Lekin odatda badiiy asarlarda bo’lib o’tgan voqyealarning hikoya qilinishi tufayli unda fe’lning o’tgan zamon shakllari mahsuldor hisoblanadi. Shu bilan birga, tasvirdagi keng ko’lamlilik muallif tilida hozirgi va kelasi zamon shakllarining ishlatilishini ham taqozo qiladi (S a d ы k o v a M. Stilistika glagola v sovremennom uzbekskom literaturnom yazыke: Avtoref. dis…. d-ra filol.nauk. - Tashkent, 1991, s.34). Kelasi zamon - o’tgan zamon: Qish chillasi avjida. Izg’irinli yellar esadi. Qo’l oyoqlariga kishan solingan, kiyimlari yirtiq mahbuslar Samarqandning Registon maydonida sovuqdan qaltirab shahar qozisining hukmini tinglaydilar (P.Qodirov).

She’riy nutqda esa, asosan fe’lning o’tgan va kelasi zamon shakllaridan foydalanish mahsuldor.

Yordamchi so’zlar ham tilimizdagi boshqa birliklar singari nutq jarayonida o’zining uslubiy imkoniyatlarini namoyon qila oladigan to’laqonli til birliklaridir. Ularning ana shu keng uslubiy imkoniyatlarini biz, eng avvalo, vazifaviy chegaralanishlarda payqaymiz.

Badiiy uslubga xoslari quyidagilar: Ko’makchilarni olaylik. Bilan ko’makchisining birla, birlan, ila, -la; uchun ko’makchisining –chun; kabi ko’makchisining misol, misoli, misli; ora ko’makchisining aro, shuningdek yanglig’, uzra, ichra ko’makchilari badiiy matn uchun xos.

Lekin va agar bog’lovchilarining qisqargan shakli lek va gar hamda vale, yoinki, holonki bog’lovchilari haqida ham shu gaplarni aytish mumkin: Yor istig’nosidan o’lmasmanu, kuydim va l ye k – Lobarim oldida nazmim bu qadar behol uchun (E.Vohidov); G a r gunoh orttirsang o’zingga og’ir, Vijdon azobida qovrilsang bot-bot (A.Oripov), Men xud ul tifli parivashg’a ko’ngul berdim, v a l ye. Xonumonim nogahon buzilmag’ay boshdin yana (Bobur), …hammani olib boradimi yo i n k i xohlagan borib, xohlamagan qolaberadimi? (O’zbek tili grammatikasi), H o l o n k i men sizni xondan ham yuqori qo’ygan edim (A.Qodiriy) kabilar.

Yuklamalarda uslubiy chegaralanish aniq bilinib turmaydi. Faqat yuklamasining o’rni bilan sinonimi bo’lib keladigan yolg’iz so’zidagina badiiy uslubga xoslik ko’rinadi: Nechun hamma darichalar qorong’i, yo l g’ i z uning darichasi yorug’ (O.Yoqubov).

Sintaksisda til birliklarini mazmunga mos ravishda turli kombinasiyalarda qo’llash mumkinligi ularning uslubiy imkoniyatlari ham naqadar kengligidan dalolat beradi. Ta’kidlash o’rinliki, prozaik asarlar sintaksisi hozirgi o’zbek adabiy tilining sintaktik me’yorlarini o’zida aks ettiradi. Buni ayniqsa gap bo’laklarining nutqda joylashuvida kuzatamiz. Ammo poetik nutq sintaksisi boshqacha. She’riy nutqning asosiy belgilaridan biri bo’lgan inversiya tufayli matnda ko’plab sintaktik qurilishlar majmui vujudga keladi.

Ekspressiv-emosionallikni vujudga keltiruvchi vosita sifatida inversiya so’zlashuv va badiiy uslubga tegishlidir.

So’roq gaplarning ritorik turi, undov gaplar, his-hayajon gaplar ham so’zlashuv va badiiy uslubga xos. Bu uslubdagi gap qurilishi ham ma’lum darajada farqlanadi. Masalan, rasmiy va ilmiy uslublarda ko’proq qo’shma gaplar, ularning bog’langan va bog’lovchisiz turlari, so’zlashuv uslubida sodda gaplar, ayniqsa ularning to’liqsiz shakli ishlatilishi xos bo’lsa, ommabop va badiiy asarlarda gapning har ikki turi ham aralash holda kelaverishi mumkin. To’liqsiz gaplar dramatik asarlarda, xususan dialogik nutqda mahsuldor qo’llaniladi. Bir bosh bo’lakli gaplarning shaxsi noaniq turi, atov gaplar, so’z-gaplar, kiritma gaplar badiiy matnda ijodkor individual uslubini yuzaga keltiruvchi qulay grammatik vositalar sanaladi (Bu haqda kengroq ma’lumot olish uchun qarang: K a r i m o v S. O’zbek tilining badiiy uslubi.- Samarqand, 1992, 77-96-betlar).

Badiiy uslub leksikasi ham alohida belgilarga ega. «…boshqa funksional stillar uchun xos bo’lgan leksika (masalan, ilmiy va rasmiy ish uslubiga xos bo’lgan terminlar)ning badiiy stilda keng qo’llanilmasligi va faqat badiiy stilda qo’llanuvchi maxsus vositalarning mavjudligi badiiy stilga xoslangan leksikani alohida ajratishga asos bo’ladi», deydi E.Begmatov (B ye g m a t o v E. O’zbek tili leksikologiyasi, 186-b.). Abru, albat, armug’on, bazmaro, balqimoq, bahoriston, boda, bo’ston, gavharafshon, giryon, gulbahor, guliston, gulro’, gulshan, debocha, dilafro’z, dilxona, dolg’a, durafshon, duto, jahonbaxsh, jondosh, jo’shmoq, jo’shqin, kabk, kuylamoq, libos, lolagun, lo’livash, maygun, mardonavor, mastona, mahvash, mahpora, moviy, moh, mujda kabi xoslangan so’zlar lug’atlarda poetizmlar nomi bilan yuritiladi.

Ma’lumki, yozuvchining til ustida ishlash mehnati, eng avvalo, sinonimik birliklar ustida ishlash mahoratidir. Sinonimik qatordan mos, kerakli birlikni tanlab olish ekspressivlikni, subyektiv bahoni aniq ifoda etishning eng to’g’ri yo’li bo’lganligi tufayli u badiiy adabiyotda zarur lingvistik vosita sanaladi. Buning ustiga tilda sinonimik variantlar borligi uchun uslubiy me’yorni belgilash imkoniyati mavjud. A.Hojiyevning «O’zbek tili sinonimlarining izohli lug’ati» (Toshkent, 1974) ana shu sinonimik variantlarni farqlashda amaliy yordam beradi.

Frazeologizmlar mohiyat e’tibori bilan asosan so’zlashuv va badiiy nutq mevasidir. Ulardagi boshqa uslubga xos chegaralanishlar esa ma’lum muddat keyin yuzaga keladi. Masalan, birgina o’lmoq ma’nosini anglatadigan yuzga yaqin frazeologizmlar sinonimik qatorining paydo bo’lishi ularning vazifaviy chegaralanish imkoniyatini tug’diradi. Masalan bu tizimga kiradigan olamdan o’tmoq, dunyodan o’tmoq, omonatini topshirmoq, qulog’i ostida qolmoq, jon bermoq shakllari so’zlashuv uslubida ishlatilsa, vafot etmoq, hayotdan ko’z yummoq, dunyodan ko’z yummoq, hayot bilan vidolashmoq kabilar ilmiy, ommabop va rasmiy uslublarda uchraydi. Alloh rahmatiga yo’l tutmoq, shahodat sharobini ichmoq, dorilfanodan dorilbaqoga rixlat qilmoq singarilar esa badiiy matnga tegishlidir.

Agar badiiy adabiyotda, xususan she’riyatda ishlatilib kelinayotgan eskirgan so’zlarni bu uslubning muhim lisoniy alomatlaridan deb hisoblash mumkin bo’lsa, dialektizmlarning ishlatilishi adabiy til me’yoriga muvofiq kelmaydi.

Kichik bir xulosa o’rnida shuni ta’kidlash lozimki, badiiy uslubda adabiy til boyliklaridan foydalanibgina qolinmasdan, undagi ko’plab birliklarning tilda me’yorlashuviga, adabiy tilning boyib, rivojlanib borishiga doimiy ravishda ta’sir o’tkazib turadi.



So’zlashuv uslubi kishilarning kundalik rasmiy-norasmiy, erkin muomalalari doirasida til birliklarining o’ziga xos tarzda amal qilishidir. Uni ma’lum ma’noda tildagi boshqa uslublarga qarama-qarshi qo’yish mumkin.

Bu uslubning o’ziga xos xususiyati nutq jarayonida til va tildan tashqari omillarning uyg’un bo’lishida ko’rinadi. Ayni paytda, bu holat so’zlashuv uslubidagi me’yoriy holatlarni belgilashni qiyinlashtiradi. Chunki tildan foydalanuvchining shaxsi, buning ustiga, nutqiy vaziyat yagona bir me’yorni tayin etishga imkon bermaydi.

Shunday bo’lsa-da, so’zlashuv uslubining o’ziga xos me’yorlari haqida mulohaza yuritish uchun ham tilimizda dalillar yetarli. Ammo nima bo’lganda ham bu me’yorlarni so’zlashuv uslubi uchun muhim bo’lgan til va tildan tashqari omillarning uyg’unligidan axtarish bizni asl maqsadga yaqinlashtiradi.

Xo’sh, so’zlashuv uslubi qanday o’ziga xosliklarga ega? Birinchidan, nutq elliptik xarakterda bo’ladi. Lekin bunday holatda ham tinglovchiga fikr tushunarli bo’ladi. Chunki u oldin aytilgan fikrning mantiqiy davomi bo’ladi. Masalan, qorami? ko’kmi? shaklida beriladigan savolni ikki xil vazifada olib ko’raylik. Agar biz uni uy bekasi tilidan eshitsak, qora choy damlaymi yoki ko’k choy damlaymi? degan ma’noda tushunishimiz mumkin. Xuddi shu savolni do’kon sotuvchisi tilidan eshitsak, qora choy olsizmi yoki ko’k choy sotib olmoqchimisiz? ma’nosida tushunishimiz ham mumkin.

Ikkinchidan, so’zlashuv nutqida til birliklari o’zining ekspressivlik imkoniyatlarini keng namoyish qiladi. Masalan, ulguramizmi ? degan savolga yo’q, ulgurmaymiz deyishdan ko’ra vaziyatdan kelib chiqib, ulgurib bo’pmiz, ulgurish qayoqda, ulgurib ham bo’ldik singari javoblar birmuncha tabiiy va ekspressivroq bo’lib chiqadi.

Uchinchidan, bu uslubda ohang - intonsiyaning ahamiyati nihoyatda kattadir. Ohang og’zaki nutqning reallashuvida til birliklaridan keyingi muhim, hal qiluvchi vosita bo’lib, uning nutq tempi, pauza, ton, melodiya, tovush tembri, so’z va gap urg’usi kabi ko’rinishlari ma’noni farqlashda, ottenkalarni ajratib ko’rsatishda, hayajonni kuchaytirishda xizmat qiladi.

So’zlashuv uslubi ham boshqa vazifaviy uslublar kabi fonetik, leksik, grammatik o’ziga xosliklarga ega.

Nutqda tovushlarning uyg’unlashuvi (ketti, ottan, yigichcha), bir tovush o’rnida ikkinchisining talaffuz qilinishi (traktir, zaril, bironta), tovushlarning o’rin almashishi (turpoq, aynalmoq), tovushlarning orttirilishi (o’ramol, fikir, banka), tushirib qoldirilishi (gazet, burni, egni) kabi fonetik hodisalar avvalo so’zlashuv uslubida namoyon bo’ladi.

So’zlashuv uslubi leksikasida ikki qatlam alohida ajralib turadi. Birinchi qatlam – bu kundalik turmush muomalasida faol qo’llaniladigan ijtimoiy hayot va uy-ro’zg’or yumushlari bilan bog’liq so’zlar. Bundan tashqari bu uslubda «…siyosat, san’at, madaniyat, sport va so’zlovchining kasb-hunarga mansub xilma-xil narsa va hodisalarni ifodalovchi umumadabiy leksika ko’plab ishlatiladi» (Sh o m a q s u d o v A. O’zbek tili stilistikasi. –Toshkent: O’qituvchi, 1983, 15-bet).

Ikkinchi qatlam - og’zaki nutqdagi ekspressiv bo’yoqqa ega bo’lgan so’zlar. Ular neytral qiymatdagi so’zlar bilan sinonimik munosabatga kirisha oladi: kichkina (bolagina), yiqildi (quladi), buzoq (ish bilmas, galvars), og’zi ochiq (yig’loqi) kabi.

Bu uslubning burnini ko’tarmoq, ko’zini shira bosmoq, qo’li kaltalik qilmoq singari o’z frazeologizmlari mavjud. Kishi nomlari Abdi, Bek, Zuli, Dili singari qisqartirib ishlatish mumkin. So’zlarning metonimik ko’lami juda keng tarqalgan. Masalan: auditoriya kuldi, kengash bo’ldi, dasturxonga o’tirdi, samovarga chiqdi kabi.

So’zlashuv uslubida nutqiy vaziyatning ahamiyati juda katta. Salom, assalomu alaykum, vaalaykum assalom, xayr, ha, yo’q, albatta, aha, xo’p singari so’zlar nutqda ko’p ishlatiladi.

So’zlashuv nutqi o’zbek tilshunosligid B.O’rinboyev tomonidan anchagina durust ishlangan (O’ r i n b o ye v B. O’zbek tilining so’zlashuv nutqi sintaksisi masalalari. –Toshkent: Fan, 1975; O’ r i n b o ye v B., O’ r i n b o ye v a D. O’zbek tilining so’zlashuv uslubi. – Toshkent, 1991). Bu nutq kitobiy nutqdan bir qadar farq qilib, Asal, asal, barmog’ingni tishlab olasan; Ish, faqat tugmachani bossang bas; Kechaday kecha; Boladay bola kabi.

Kitobiy nutq uchun bog’lovchisiz qo’shma gaplar odatda xos emas, og’zaki so’zlashuv nutqi uchun esa, aksincha, xarakterlidir. So’zlashuv nutqidagi sodda gaplar ko’pincha fe’l bilan ifodalangan kesimning yo’qligi bilan xarakterlanadi. Hatto ba’zan shunday holatlar ham bo’ladiki, bunday gaplarga fe’l-kesimni qo’yib ham bo’lmaydi. Masalan, Biz siznikiga. Biz magazinga; Men, odatda ishga avtobusda, ishdan piyoda kabi.


8-ma’ruza: O’zbek tili me’yorlari va lug’atchilik
1   2   3   4   5   6   7


Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azrefs.org 2016
rəhbərliyinə müraciət

    Ana səhifə